Dunyoda qurilayotgan eng baland yetti bino — suratlarda
Dunyo bo‘ylab qurilayotgan ayrim osmono‘par binolar o‘z balandligi bo‘yicha yangi rekordlar o‘rnatishi mumkin. Eng yirik loyihalar Saudiya Arabistoni, BAA, Xitoy va Braziliyada amalga oshirilmoqda.

**Dunyoda qurilayotgan eng baland yetti bino — suratlarda**
Bugungi kunda osmono‘par binolar nafaqat noyob me’moriy obida sifatida, balki yirik sarmoyalarni jalb etish, yangi biznes markazlarini shakllantirish va davlatlarning texnologik salohiyatini namoyish qilish maqsadida ham bunyod etilmoqda.
Naked Science nashri hozir qurilishi davom etayotgan dunyodagi eng baland yettita osmono‘par bino ro‘yxatini tuzdi. Ro‘yxatga faqat qurilish ishlari davom etayotgan binolar kiritilgan. Qurilishi hali boshlanmagan yoki vaqtincha to‘xtatilgan loyihalar hisobga olinmagan.
**1. Jeddah Tower — Saudiya Arabistoni**
Avval Kingdom Tower nomi bilan tanilgan ushbu osmono‘par binoning rejalashtirilgan balandligi kamida 1000 metr, qavatlar soni esa taxminan 167 ta bo‘ladi.
Qurilish tugagach, u Dubaydagi Burj Khalifa’dan ham o‘tib, dunyodagi eng baland bino bo‘lishi kutilmoqda. Minora kelajakda barpo etiladigan Jeddah Economic City majmuasining markaziy inshooti sifatida rejalashtirilgan.
**2. Burj Azizi — Dubay, BAA**
Burj Azizi — Dubaydagi Shayx Zayd shohko‘chasida Azizi Developments kompaniyasi tomonidan qurilayotgan osmono‘par bino. Minora quruvchi kompaniya nomi bilan atalgan. Binoning loyihaviy balandligi 725 metrni tashkil etadi. Qurilish yakunlangach, u Burj Khalifa’dan keyin dunyodagi ikkinchi eng baland bino bo‘lishi kutilmoqda.
Burj Azizi o‘rnida avval 570 metr balandlikdagi, 122 qavatli Entisar Tower binosini qurish rejalashtirilgan edi. Biroq Meydan kompaniyasining bu loyihasi amalga oshmagan. 2018-yilda Azizi Developments yer maydonini sotib olgan. Loyiha qayta ko‘rib chiqilib, 2024-yil yanvarida uning nomi o‘zgartirilgan. Qurilish ishlari 2025-yilda rasman qayta boshlangan.
**3. Goldin Finance 117 — Xitoy**
Bino dastlab 117 qavatli qilib rejalashtirilgani uchun Goldin Finance 117 deb nomlangan. Biroq uning umumiy qavatlar soni 128 tani tashkil etadi. Minora 2015-yildayoq 597 metr balandlikka yetgan. Ammo moliyaviy muammolar sabab qurilish qariyb 10 yilga to‘xtab qolgan. Ishlar 2025-yilda qayta boshlangan bo‘lib, binoni 2027-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.
Hozir Xitoyda undan balandroq atigi ikkita bino bor — Shanxaydagi Shanghai Tower va Shenchjendagi Ping An xalqaro moliya markazi.
**4. Burj Binghatti Jacob & Co. — Dubay, BAA**
Osmono‘par bino Binghatti Properties qurilish kompaniyasi va Jacob & Co. zargarlik brendining qo‘shma loyihasi doirasida bunyod etilmoqda.
**5. Senna Tower — Braziliya**
Dastlab Triumph Tower deb nomlangan minoraning balandligi 544 metrga yetishi rejalashtirilgan. Loyihaga ko‘ra, u Nyu Yorkdagi Central Park Tower’dan o‘zib, dunyodagi eng baland turar joy binosiga aylanishi kerak.
Osmono‘par bino afsonaviy “Formula-1” poygachisi Ayrton Senna sharafiga nomlangan. Loyiha Senna oilasi va FG Empreendimentos kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Binoning me’moriy konsepsiyasini poygachining jiyani, rassom Lalalli Senna ishlab chiqqan.
Qurilish taxminan 2030-yilda yakunlanishi kutilmoqda.
**6. Tiger Sky Tower — BAA, Dubay**
Tiger Properties kompaniyasi Dubayda balandligi 532 metr bo‘lgan Tiger Sky Tower turar joy binosini qurmoqda. Qurilish ishlari 2024-yilda boshlangan. Bino foydalanishga topshirilgach, Nyu Yorkdagi Central Park Tower’dan o‘zib, dunyodagi eng baland turarjoy binosiga aylanishi kutilmoqda.
**7. Six Senses Residences — Dubay, BAA**
Six Senses Residences — Dubay Marina hududida qurilayotgan hashamatli turar joy binosi. Uning loyihaviy balandligi 517 metrni tashkil etadi. Qurilish yakunlangach, u Dubay Marina hududidagi eng baland binoga aylanishi kutilmoqda. Shuningdek, minora Nyu Yorkdagi 472 metrli Central Park Tower’dan ham baland bo‘ladi.
Bino Dubayning yirik qurilish kompaniyalaridan biri Select Group hamda hashamatli mehmonxonalar va dam olish maskanlariga ixtisoslashgan Six Senses brendi hamkorligida qurilmoqda.

