Bu haftada ikkinchi bor bir nechta Yevropa aviareyslariga bomba oʻrnatilgani haqida tahdidlar boʻldi
Dublindan Rimga uchayotgan samolyot yoʻnalishini oʻzgartirib, Frantsiya shimoliga qoʻndi.

Yevropadagi bir nechta aviareyslarga shu hafta ichida ikkinchi bor bomba oʻrnatilgani haqida tahdid boʻldi, xabar berdi rasmiylar.
Payshanba kuni ertalab Dublindan uchib ketgan Aer Lingus aviakompaniyasining Airbus A320 samolyoti favqulodda signal yuborib, yoʻnalishini oʻzgartirdi va Frantsiya shimolidagi Evryo aviabazasiga qoʻndi.
Darvoqe, Finlyandiyaning Finnair aviakompaniyasi Xelsinkidan Italiya poytaxtiga uchayotgan reyslaridan biri payshanba kuni bomba tahdidi nishoni boʻlganini maʼlum qildi. Harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari kuzatib borgan havo kemasi rejalashtirilganidek qoʻndi.
Bu Buyuk Britaniyadan uchib ketgan ikkita reysni oʻz ichiga olgan Yevropadagi segizta parvoz taxminiy bomba tahdidlari nishoni boʻlganidan bir necha kun oʻtib yuz berdi. Tekshiruvlardan soʻng samolyotlarning hech biridan portlovchi moddalar topilmadi.
Aer Lingus oʻz bayonotida Dublindan Rimga uchayotgan EI402 reysi "xavfsizlik chorasi sifatida bugun ertalab Normandiyaga yoʻnaltirilganini" bildirdi.
Bayonotda shunday deyiladi: "Reys xavfsiz qoʻndi va Aer Lingus yoʻlovchilarni imkon qadar tezroq yakuniy manziliga yetkazish choralarini koʻradi."
Shu bilan birga, Milandan Varshavaga uchayotgan Wizz Air reysi ham Avstriyaning Vena shahriga yoʻnalishini oʻzgartirishdan oldin favqulodda signal berdi - garchi bomba tahdidi haqida xabar berilmagan boʻlsa-da, sababi nomaʼlumligicha qolmoqda.
Seshanba kuni bomba oʻrnatilgani haqidagi tahdidlardan soʻng yettita samolyot tekshirildi.
Ulardan ikkitasi Buyuk Britaniyadan edi – biri Manchesterdan uchib, Ispaniyaning Mursiya shahriga qoʻndi, boshqasi esa London Hitrou aeroportidan Polshaning Varshava shahriga uchayotgan edi.
Anonim xabarlardan soʻng Rimga qoʻngach tekshirilgan Ryanair'ning ikkita reysidan – biri Dublindan, boshqasi Lissabonni tark etgan – portlovchi moddalar topilmadi, xabar berdi shaharning Fyumichino aeroportidagi manbalar BBC'ga.
Manbalarning qoʻshimcha qilishicha, politsiyaning sapyorlar guruhi barcha yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolarining xavfsizligini taʼminlash uchun standart xavfsizlik protseduralarini amalga oshirgan, shundan soʻng xavf signali bekor qilingan.
Buyuk Britaniya hukumati ushbu hodisalarni "gʻarazli soxta tahdidlar" deb taʼrifladi.

