"Bronzali ekskursovod". Boris Golenderning oʻgʻli Toshkentning afsonaviy tarixchisi va oʻlkashunosi xotirasiga oʻrnatiladigan haykal borasidagi qarashlari bilan oʻrtoqlashdi

"Bronzali ekskursovod". Boris Golenderning oʻgʻli Toshkentning afsonaviy tarixchisi va oʻlkashunosi xotirasiga oʻrnatiladigan haykalni qanday tasavvur qilishini soʻzlab berdi
Kuni kecha bir nechta jamoat tashkilotlari, oʻlkashunoslik hamjamiyatlari va Boris Golenderning yaqin doʻstlari taniqli tarixchi xotirasini abadiylashtirish tashabbusi bilan chiqishdi. Turli xil taklif va gʻoyalar ilgari surilmoqda: kimdir poytaxt markazida bronzadan haykal oʻrnatish kerak deb hisoblasa, boshqalar memorial barelyef tarafdori, yana kimdir esa memorial obʼyektni Chorvoqda joylashtirish variantini koʻrib chiqmoqda. Podrobno.uz muxbiri tadqiqotchining oʻgʻli Gleb Golender bilan bogʻlanib, oila boʻlajak haykalni qanday tasavvur qilishini bilib oldi.
Gleb Golenderning fikricha, agar loyiha amalga oshirilsa, u haddan tashqari katta monumentga aylanib ketmasligi kerak. U shahar muhitiga nafis tarzda uygʻunlashgan kichik, samimiy art-obʼyektni eng muvaffaqiyatli format deb hisoblaydi.
"Gap ramziy bir joyda turadigan kichik haykal, hammani poytaxt boʻylab sayrga taklif qilayotgan oʻziga xos "bronzali ekskursovod" haqida ketmoqda. Koʻkragida oʻsha doimiy karnayi (rupori), koʻzoynakda va lablarida nim tabassum bilan", — deya oʻrtoqlashdi Gleb Golender va bu gʻoyani amalga oshirishda urban-vandalizmdan himoya qilish choralarini ham oʻylab koʻrish kerakligini qoʻshimcha qildi.
Tadqiqotchi xotirasini saqlab qolish boʻyicha tashabbuslarning faol muhokama qilinishini baholar ekan, uning oʻgʻli oila bunday ommaviy kampaniyalarga vazminlik bilan yondashishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Boris Anatolyevichning oʻzi hamisha juda kamsuqum inson boʻlgan.
"Xotira — u baribir qalbda va yurakda, kitoblarda, tarmoqda qoladi. Dadam juda kamtar inson edilar va hech qachon balandparvoz eʼtirof belgilariga intilmaganlar. Lekin, baribir, shahrimiz koʻchalaridan birida katta Golenderning bronzali haykali paydo boʻlsa, men uchun juda yoqimli boʻlardi", — deya yakunladi oʻlkashunosning oʻgʻli.
Taniqli tarixchi, yozuvchi va oʻlkashunos Boris Golender 2026 yil 5 fevralda 79 yoshida vafot etdi. Oʻnlab yillar davomidagi faoliyati davomida u Oʻzbekiston va xususan Toshkent tarixining eng taniqli bilimdonlaridan biriga aylandi: ekskursiyalar oʻtkazdi, kitoblar yozdi, televideniyeda chiqishlar qildi va koʻplab medialoyihalarda mintaqa haqida soʻzlab berdi.

