Glinka koʻchasida yoʻl oʻpirilishi sababli harakat cheklandi. Video

Glinka koʻchasida yoʻl oʻpirilishi sababli harakat cheklandi. Video
Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Glinka koʻchasida transport vositalarining harakati vaqtinchalik cheklandi. Bunga yoʻl qoplamasining shikastlanishi sabab boʻldi — guvohlarning soʻzlariga koʻra, qatnov qismida baland portlash ovozidan keyin oʻpirilish hosil boʻlgan.
Poytaxt hokimligi vaziyatni alohida nazoratga oldi. Voqea joyida tegishli xizmatlar va mutaxassislar ishlamoqda, ular hodisa sabablarini aniqlamoqda, oqibatlarini bartaraf etmoqda va shikastlangan qismda tiklash ishlarini olib bormoqda.
Guvohlar hodisa issiqlik trassasining shikastlanishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini taxmin qilishdi. Bunga javoban Veolia Energy Tashkent kompaniyasi avariya-tiklash brigadasi va korxona mutaxassislari zudlik bilan voqea joyiga yetib kelganini maʼlum qildi. Ular hodisa tafsilotlari va sabablarini aniqlamoqdalar. Shu bilan birga, ayni paytda hech qanday sizib chiqish holatlari qayd etilmagan.
Hodisa oqibatida bir kishi yengil tan jarohati oldi. Unga oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatildi.
Haydovchilardan yoʻnalishlarni rejalashtirishda yoʻlning yopilganligini hisobga olishlari va imkon qadar muqobil yoʻllarni tanlashlari soʻraladi.
Hodisaning barcha tafsilotlari aniqlanmoqda. Hokimlik vaziyat va koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tekshirilgan va tasdiqlangan maʼlumotlar kelib tushishiga qarab jamoatchilikni xabardor qilib borishini maʼlum qildi.

