Braziliyaning sudlangan sobiq prezidentining oʻgʻli davlat rahbari saylovida yetakchilik qilmoqda

Braziliyaning sudlangan sobiq prezidentining oʻgʻli davlat rahbari saylovida peshqadamlikka chiqib oldi
Braziliyada 4 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlarining birinchi turi yakunlandi. Sudlangan sobiq prezident Jair Bolsonaruning oʻgʻli Flavio Bolsonaru 47,03 foiz ovoz olib, birinchi oʻrinni egalladi. Amaldagi davlat rahbari Luis Inasio Lula da Silva 45,16 foiz ovoz toʻpladi.
Braziliya Oliy saylov sudi (TSE) xabariga koʻra, Liberal partiyadan koʻrsatilgan 45 yoshli senator uchun 56,1 million kishi ovoz bergan. Ishchilar partiyasi vakili boʻlgan Lula da Silva esa 53,8 million ovoz olgan.
Nomzodlarning hech biri 50 foizlik dovondan oʻta olmagani sababli, gʻolib ikkinchi turda aniqlanadi. Ikkinchi tur 25 oktyabr kuni boʻlib oʻtadi.
Flavio Bolsonaru prezidentlikka oʻz nomzodini ilk bor qoʻymoqda. Bundan avval u Rio-de-Janeyro shtati qonunchilik majlisi deputati boʻlgan, 2018 yildan buyon esa ushbu shtatdan federal Senatda vakillik qilib kelmoqda.
Uning nomzodi 2025 yil oxirida otasi — Jair Bolsonaru tomonidan ilgari surilgan edi. Sobiq prezident sudlanib, davlat lavozimlarini egallash huquqidan mahrum etilganidan keyin saylovlarda ishtirok eta olmadi.
Lula da Silva 2023 yildan buyon prezidentlik lavozimini egallab kelmoqda. Bungacha u Braziliyani ikki muddat — 2003 yildan 2010 yilgacha boshqargan.
Xorijdagi saylov uchastkalarida Lula 44 ta davlatda, jumladan Xitoy va Avstraliyada eng koʻp ovoz oldi. Bolsonaru esa 13 ta davlatda peshqadamlik qildi.
4 oktyabr kuni prezident va vitse-prezident saylovlari bilan bir qatorda, braziliyaliklar Milliy kongress aʼzolari, gubernatorlar va mintaqaviy qonunchilik majlislari deputatlarini ham sayladilar.

