Boysun–Denov yoʻlining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi
111 kilometrlik Darband–Boysun–Elbayon avtomobil yoʻlini qayta qurish loyihasining 5–32,5 kilometrlik birinchi bosqichi yakuniga yetkazilib, Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirildi. Bu yoʻlni taʼmirlash haqida prezident Shavkat Mirziyov 2023-yilda topshiriq bergan, oʻshanda davlat rahbari yoʻlning holatini shaxsan koʻrish uchun oʻzi avtomobil haydagan edi.

Boysun-Denov yoʻlining dastlabki bosqichi ishga tushirildi.
Surxondaryo viloyatida umumiy uzunligi 111 kilometrni tashkil etuvchi Darband-Boysun-Elbayon avtomobil yoʻlini qurish va taʼmirlash loyihasining birinchi bosqichi nihoyasiga yetdi.
Mustaqillik bayrami arafasida, 30-avgust kuni loyihaning 5-32,5 kilometrlik qismi toʻliq qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu bosqich doirasida 7 ta koʻprik va tungi yoritish tizimiga ega 8 kilometr piyodalar yoʻlagi ham barpo etildi.
Shu munosabat bilan loyihaning 7,1-kilometrida joylashgan yoʻl oʻtkazgichda tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov, nuroniylar, faollar, masʼullar, loyiha pudratchilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Maʼlum qilinishicha, tantanali tadbir oʻtkazilgan koʻprikning uzunligi 60 metr, eni 15,7 metr, yer sathidan balandligi esa 9 metrni tashkil etadi.
Loyihani xalqaro pudratchi – Ozarbayjonning “Lankaran Yol Tikinti” kompaniyasi amalga oshirmoqda. Loyihaga Osiyo taraqqiyot banki tomonidan mablagʻ ajratilgan.
Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil mart oyida Surxondaryoga tashrifi chogʻida Boysun-Denov yoʻlini rekonstruksiya qilish boʻyicha topshiriq bergan edi. Oʻshanda davlat rahbari chuqurlarga toʻla bu yoʻlning holatini shaxsan koʻrish uchun avtomobilni oʻzi boshqargan edi.

