Mahalliy

Boysundagi gaz konida avariyani bartaraf etish ishlari boshlandi

Boysun gaz konidagi avariyani bartaraf etish ishlari boshlandi

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) konida avariyaviy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar 15-avgustdan rasman boshlandi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” xabar berdi.

Prezident 2026-yil fevral oyida Surxondaryo viloyati aholisi bilan uchrashuvda “O‘zbekneftgaz” rahbariyatiga Boysun konidagi avariyaviy holatni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shundan so‘ng kompaniya xorijiy neft-gaz kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazib, hududda o‘rganishlar olib borgan. Yakunda Xitoyning CNPC kompaniyasi loyihaga jalb etilgan.

Loyiha doirasida 2026-yil oxirigacha Xitoydan 40 dan ortiq maxsus texnika va burg‘ulash uskunalari olib kelinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, yuqori bosimli va tarkibida oltingugurt miqdori yuqori bo‘lgan nordon gaz sharoitida ishlashga mos zamonaviy texnikalarni boshqa rivojlangan davlatlardan yetkazib berish ishlari ham dekabrgacha davom etadi.

2027-yil yanvaridan Boysun konida burg‘ulash ishlari boshlanishi, avariyaviy holatlarni bartaraf etish va konni yopish ishlari esa 2027-yil iyuligacha yakunlash rejalashtirilgan.

Boysundagi vaziyat haqida

2024-yil 1-sentyabr kuni Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M25) konining 604-qudugʻi burgʻilash ishlari olib borilayotgan paytda portlab, yongʻin chiqqan edi. Keyin atrofga oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgan. Kon hududiga yaqin joylarda yashovchi aholi zudlik bilan boshqa hududlarga koʻchirilgan.

Oradan yarim oy oʻtib, 17-sentyabr kuni konda navbatdagi portlash yuz bergan. Oqibatda 11 kishi jarohatlangan, konning 4 ishchisi voqea joyida halok boʻlgan.

Keyinchalik 2025-yil 27-martda va 5-mayida ham portlashlar kuzatilgan. Oʻtgan salkam ikki yil davomida konda qator gaz yonib chiqish holatlari qayd etilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda hudud aholisi gaz hidiga chidab boʻlmasligi, bundan odamlar aziyat chekayotgani, hatto kasalliklar orttirib olgani haqida koʻp chiqishlar qildi.

Keyin 2025-yilning noyabrida Boysundagi kondan yana gaz sizib chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Energetika vazirligi “M-25” konining 202-son gaz qudug‘ida avvaldan yoqib qo‘yilgan olovning vaqtincha so‘nish holati kuzatilganini, bu holat kondagi geologik jarayon natijasida yuz berganini ma’lum qilgandi.

2026-yil iyunida “Oʻzbekneftgaz” AJ raisi Abdugʻani Sanginov konda gaz portlashi va sizib chiqishi bilan bogʻliq texnologik avariya 2027-yilning birinchi yarmigacha bartaraf etilishini ma’lum qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.