Bolalar uchun turlicha boʻlish normal holat ekanligini tushunishga yordam beradigan uchta kitob
Agar koʻra olmasangiz, yaxshi eshitmasangiz yoki nogironlik aravachasisiz harakatlana olmasangiz nima qilish kerak? Ogʻir kasallik sevimli mashgʻulot bilan shugʻullanishga xalaqit bersa-chi? Dizayner va kitobxon ota Azamat Shamuzafarov turli yoshdagi bolalar uchun uchta kitob tanladi, ularning qahramonlari qiyinchiliklarni yengib oʻtishadi, oddiy hayot kechirishadi va muvaffaqiyatga erishishadi.

Bolalar uchun turlicha boʻlish — normal holat ekanini tushunishga yordam beradigan uchta kitob
«Razniye mi» («Biz turlichamiz») nomi ushbu kitobning nima haqida ekanini darhol aytib turibdi: u bir-biriga oʻxshamaydigan bolalar haqida.
Kolya koʻra olmaydi va hassa bilan yuradi. Ninaning eshitishi zaif, shuning uchun unga eshitish apparatlari yordam beradi, qolaversa, u ishora tilini ham biladi. Rasm chizishni va poyezdda yurishni yaxshi koʻradigan Serafim nogironlar aravachasida harakatlanadi. Lyonyaning oilasida esa koʻpchilikning mahsulotlarga allergiyasi bor.
Kitobda yagona syujet yoʻnalishi yoʻq. Har bir sahifa yangi qahramonlar bilan tanishtiradi va deyarli har birining ismi, xarakteri va kichik tarixi bor. Avval qahramonlardan biri birinchi shaxs nomidan oʻzi haqida qisqacha gapiradi, keyin esa oddiy soʻzlar bilan oʻzining oʻziga xosligini tushuntiradi. Baʼzan bolalar organizmning boshqa xususiyatlari — masalan, melanin, albinizm yoki alopetsiya (insonda soch boʻlmasligi) haqida ham gapirib berishadi.
Bundan tashqari, kitobda yaqindan koʻra olmaslik nima sababdan paydo boʻlishi, yoʻlboshlovchi itlar nima uchun kerakligi, ishora tili qanday tuzilgani, xol vitiligodan nimasi bilan farq qilishi va albinizmi bor odamlar nima uchun quyoshga oʻta sezuvchan boʻlishi tushuntiriladi. Yaʼni, bu shunchaki xususiyatlarning roʻyxati emas, balki oʻquvchiga gap nima haqida ketayotganini tushunish osonroq boʻlishi uchun ular haqidagi maʼlumotlar hamdir.
Masalan, mahsulotlarga allergiyasi bor bolalar qadoqlardagi tarkibni diqqat bilan oʻqishlari yoki oʻzlari bilan dori olib yurishlari kerak. Bola allergiya nafaqat ovqatga, balki gul changiga, hasharotlar chaqishiga, hayvonlar yunggiga va hatto sovuqqa ham boʻlishini bilib oladi.
Kitobda illyustratsiyalar juda koʻp. Har bir sahifada — kichik bir hikoya: bolalar havzada suzishmoqda, oilasi bilan bayram tushligini tayyorlashmoqda, musiqa tinglashmoqda, bozorda xarid qilishmoqda yoki metroda ketishmoqda. Rassom Anna Ilchenko bolalarni sahna ichida mahorat bilan «singdirib yuboradi». Shu tariqa u kimningdir tashqi koʻrinishidagi xususiyatlarni ajratib koʻrsatmasdan, aslida hamma bolalar bir xil ekanini koʻrsatadi.
Avvaliga oddiy bolalarni koʻrasiz, keyin esa aravachani, eshitish apparatini, gʻayrioddiy xolni yoki koʻzlarning turli rangda ekanini payqaysiz.
Syujetlar bolalarni ularning mashgʻulotlari va qiziqishlari orqali koʻrsatadi. Boʻyi oʻsishida nuqsoni bor qahramon arxitektor boʻlishni orzu qiladi, aravachadagi qiz — trener boʻlishni, eshitishi zaif qiz esa musiqani yaxshi koʻradi. Hatto gap tashqi koʻrinishdagi yaqqol koʻzga tashlanadigan xususiyatlar haqida ketganda ham, mualliflar albatta oʻsha insonning oʻzi haqida yana nimadir qoʻshimcha qilishadi.
Bu qahramonlarni faqat tashxislar va tashqi belgilarga bogʻlab qoʻymasdan, ularni odatiy jamiyatga jalb qilishga yordam beradi.
Rasmlar uslubi asossiz ravishda primitiv tuyuladi, bu mening shaxsiy didimga mos kelmaydi, lekin xaridorlarning fikr-mulohazalariga qaraganda, koʻpchilik illyustratsiyalarda hech qanday kamchilik koʻrmaydi.
Asosiy eʼtiroz — hajmga: kitob juda yupqa va taxminan yigirma daqiqada oʻqib chiqiladi.
Norozi ota-onalarning fikriga qoʻshilmay ilojim yoʻq: yaxshilab yondashilganda, mavzuni kengroq ochib berish va hatto kitob bukletga kamroq oʻxshashi uchun uni boshqacharoq sahifalash mumkin edi. Biroq soʻnggi yillarda inklyuziya mavzusidagi bolalar adabiyoti kam chiqmoqda, chunki bizda bu mavzuga hozircha talab u qadar katta emas. Kichik assortimentdan tanlashga toʻgʻri keladi.
Kitobning asosiy yutugʻi shundaki, u qulay va tushunarli shaklda bolalarga boshqalardan farq qiladigan odamlar haqida soʻzlab beradi, shu bilan birga bunda hech qanday gʻalati yoki gʻayritabiiy narsa yoʻqligini koʻrsatadi.
Agar bolangiz bilan ushbu mavzuda gaplashmoqchi boʻlsangiz, bu yaxshi variant.
Agar birinchi kitobda bolalarning turli xususiyatlari haqida soʻz borgan boʻlsa, bunisi tugʻilganidan beri koʻra olmaydigan 12 yoshli Fedya ismli bir bolaning tajribasiga qaratilgan. «Vidimo-nevidimo» («Koʻrinar-koʻrinmas») kitobi boshqa bolalar koʻzi ojiz tengdoshlari bilan qanday doʻstlashish va muloqot qilishni yaxshiroq tushunishlari uchun uning hayoti qanday tuzilgani haqida hikoya qiladi.
Kitob mualliflari — Dmitriy va Tatyana Komissarovlar, Fedyaning ota-onasi. Dmitriy — dizayner va illyustrator, Tatyana — filolog. Ular real hayotdan olingan hikoyalar orqali oʻgʻillarining dunyosi qanday tuzilganini va u koʻradigan odamlar dunyosidan nimasi bilan farq qilishini tushuntirishadi.
Koʻzi ojiz bola qanday qilib nonushta tayyorlaydi? Maktabga qanday yigʻiladi? Notanish joyda qanday moʻljal oladi? Uy vazifalarini qanday bajaradi?
Kitob ushbu barcha savollarga javob beradi va bola oʻz hayotini koʻzi ojiz tengdoshining hayoti bilan solishtirishi mumkin.
Mualliflar Fedyaning qandaydir «faqat u uchun mavjud boʻlgan alohida dunyoda» yashamasligini juda muvaffaqiyatli koʻrsatib berishgan. U deyarli boshqa bolalar qiladigan ishlarni qiladi, faqat biroz boshqacharoq: uydagi buyumlarning joylashuvini eslab qoladi, tovushlar, hidlar va oyoq ostidagi yuza orqali moʻljal oladi, atrofda sodir boʻlayotgan voqealarga diqqat bilan quloq soladi.
Shu bilan birga, kitob bosh qahramonning hayotini qiyinchiliklarga qarshi cheksiz kurash sifatida taqdim etishga urinmaydi. Fedya koʻpincha oʻz xususiyatlariga xotirjam va hatto hazil bilan yondashadi. Baʼzan u atrofdagilarga oʻzi uchun ayon boʻlgan narsalarni tushuntirishiga, baʼzan esa yordam soʻrashiga toʻgʻri keladi, lekin mualliflar oddiy bolalar tashvishlariga: uy vazifalari, maktab, sayrlar, doʻstlar bilan muloqotga ham kam eʼtibor qaratishmagan. Qarshimizda «koʻzi ojiz bola» emas, balki birinchi navbatda oʻzining qiziqishlari va odatlariga ega boʻlgan oddiy bola turgani ayon boʻladi.
Nashrning sifatli bezatilgani darhol koʻzga tashlanadi — ustida professional art-direktor ishlagani bejiz emas. Illyustratsiyalar biroz bolalarcha uslubda bajarilgan, lekin asosan frantsuz rassomi Anri Matissning applikatsiyalarini eslatadi. Hayotining soʻnggi yillarida sogʻligʻidagi muammolar tufayli u molbert qarshisida ishlay olmagan va guash bilan boʻyalgan qogʻozdan turli shakllarni qirqib, ulardan tasvirlar yarata boshlagan.
Illyustratsiyalardan tashqari, hikoyalarni sahifalanishi ham muvaffaqiyatli qoʻllab-quvvatlaydi. Har bir bob ikki qismdan iborat: umumiy tavsifga ega boʻlgan kirish matni va qahramon hayotidan olingan hikoyalarning oʻzi.
Sahifalarda boʻsh joylar koʻp. Hamma narsa xotirjam va funktsional koʻrinadi — hech narsa mazmundan chalgʻitmaydi. Dmitriy Komissarov kitobga nafaqat muallif sifatida, balki yaxshi dizayn oʻquvchiga yordam berishi kerakligini tushunadigan inson sifatida yondashgani koʻrinib turibdi.
Kitobda bolalarni albatta qiziqtiradigan kichik oʻyin elementi ham bor. Bitta sahifada Brayl shriftidagi harflar va raqamlar koʻrsatilgan, shuning uchun nafaqat koʻzi ojiz odamlar qanday oʻqishini bilib olish, balki oʻzi ham biror narsa yozib koʻrish mumkin.
Aytgancha, koʻzi ojiz bolalar biz oʻrgangandek yozishni oʻrganishmaydi. Avval ular maxsus asbob bilan nuqtalarni oʻngdan chapga qarab bosib chiqishadi, keyin esa varaqni agʻdarib, hosil boʻlgan matnni chapdan oʻngga qarab oʻqishadi. Buning boisi shundaki, Brayl harflari qalin qogʻozning orqa tomonidan bosib chiqarilishi kerak boʻlgan boʻrtib chiqqan nuqtalardan iborat.
Ushbu kitob butun oila uchun foydali boʻladi. Bolalarga u koʻzi ojiz tengdoshlari bilan noqulaylik va oldindan shakllangan salbiy fikrlarsiz tanishishga yordam beradi, kattalarga esa koʻplab odatiy narsalarga yangicha qarash va hamdardlikni qanday namoyon etishni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Britaniyalik yozuvchi Jeyn Kent taniqli shaxslar, jumladan, Koko Shanel, Vinsent Van Gog, Charlz Darvin va boshqalarning biografiyalari aks etgan butun bir kitoblar turkumini yozgan. Bizning sharhimizda — dunyoga mashhur britaniyalik olim-fizik Stiven Xokingning birinchi shaxs nomidan yozilgan hayoti. Unga nisbiylik nazariyasi va qora tuynuklar sohasidagi ilmiy ishlari shuhrat keltirgan.
Kitob olimning bolaligidan to qabrgacha (soʻzma-soʻz) qanday yashagani va orzusi ortidan borishiga toʻsqinlik qila olmagan xastalik bilan qanday kurashgani haqida hikoya qiladi.
Siz Xoking qanday oilada tugʻilgani, ilm-fanga qanday qiziqib qolgani va butun dunyoga nafaqat fizik, balki ilm-fan ommalashtiruvchisi sifatida qanday tanilganini bilib olasiz. Uning kitoblari orasida siz ham oʻqigan boʻlishingiz mumkin boʻlgan bestseller — «Vaqtning qisqacha tarixi» bor.
Stiven Xoking harakatlantiruvchi neyronlar kasalligi haqida 21 yoshida, Kembridj universitetining Triniti-Xoll kollejida oʻqib yurgan kezlarida bilgan. Shifokorlar unga ikki yarim yil umri qolganini aytishgan. Vaqti qanchalik kam qolganini tushungan yosh olim doktorlik darajasini olishga qaror qilgan. Ehtimol, dunyo Xokingning kelajakda fizika sohasida qiladigan eng muhim kashfiyotlari uchun aynan shu ogʻir kasallikdan qarzdordir. Tashxis qoʻyilgunga qadar u oʻqishga u qadar katta harakat qilmagan.
Kitobdan oʻquvchilar nafaqat olimning ishi, kashfiyotlari va ilm-fanni ommalashtirishi, balki shaxsiy hayoti haqida ham bilib olishadi. Koʻpchilik Xokingning nikohida baxtli boʻlgani va uch nafar farzandi borligini, shuningdek, yon amiotrofik skleroz uning yagona jiddiy kasalligi boʻlmaganini bilmaydi. Avvaliga u hali gapira olardi, lekin keyinroq ovozini yoʻqotdi. Oʻshanda Kaliforniyalik dasturchilar u kompyuter orqali muloqot qila olishi uchun dastur yozib berishdi. Hozir bu oddiy eshitiladi, lekin 1985 yilda bunday yechimlar hali mavjud emas edi.
Toʻliq harakatsizlik va tez orada oʻlim kutishiga qaramay, Stiven Xoking sevimli ishi bilan shugʻullanishda davom etdi va nafaqat ilm-fanda, balki madaniyatda ham iz qoldirishga ulgurdi. U oʻz ahvoliga hazil bilan yondashardi, shuning uchun uning obrazi mashhur multseriallar, filmlar va internet-memlarda paydo boʻldi.
Xokingning qanday vafot etgani va qayerga dafn etilgani haqida birinchi shaxs nomidan oʻqish biroz gʻalati. Biroq uning yosh oʻquvchilarga oʻz hayotini tuhfa sifatida qadrlash va undan maksimal darajada foydalanishga chaqirgan murojaati juda kuchli taassurot qoldiradi — goʻyoki Xoking shaxsan sizga murojaat qilayotgandek.
Ispaniyalik illyustrator Izabel Munos butun turkumni bezatgan. Xoking tarixi boy illyustratsiyalangan — rasmlar har bir sahifada bor. Ulardan kichik yoshdagi bolalarga kitob mazmunini tushuntirish uchun foydalanish qulay. Rasmlar juda ajoyib boʻlmasa-da, koʻz uchun qulay va yoqimli ranglar gammasini qayd etish mumkin.
Matnga hamrohlik qiluvchi tasvirlardan tashqari, biografiyaning rasmiylashtirilgan xronologiyasi ham bor boʻlib, u orqali bolalar oʻqiganlarini takrorlashlari va yaxshiroq eslab qolishlari mumkin. Undan keyin savollar roʻyxati keladi, ularga toʻgʻridan-toʻgʻri kitobning oʻzida javob berish mumkin. Shu tariqa, mualliflar hikoya oʻqib boʻlinganidan keyin darhol yoddan chiqib ketmasligi uchun hamma narsani qilishgan.
Kitobning asosiy qiymati — oʻz orzulariga intilgan, butun dunyoda tan olinishga erishgan, millionlab odamlarda ilm-fanga muhabbat uygʻotgan, ogʻir xastalikka taslim boʻlmagan va hayotini hech kimga oʻxshamaydigan tarzda yashay olgan insonning yaqqol misolidadir.
Bu yerda ilmiy atamalar va kashfiyotlar ancha oddiy va hatto yuzaki tushuntirilgan, shuning uchun tushunishda hech kimda muammo tugʻilmaydi. Masalan, qora tuynuk hech kim qochib qutula olmaydigan qamoqxonaga qiyoslanadi.
Albatta, birinchi sinf oʻquvchilariga fizika bilan bogʻliq mavzular tushunarsiz boʻlishi mumkin, lekin kitobda ular u qadar koʻp emas. Uni 7 yoshdan oshgan bolalarga — birgalikda oʻqish uchun va 9 yoshdan oshgan bolalarga — mustaqil oʻqish uchun bemalol tavsiya qilish mumkin. Ota-onalarga esa Eddi Redmeyn ishtirokidagi «Stiven Xoking koinoti» (2014) biografik filmini tomosha qilishni maslahat beraman, u eng yaxshi erkak roli uchun «Oskar», BAFTA va «Oltin globus» mukofotlarini qoʻlga kiritgan.

