«Bola duduqlansa, uni koyimang» - mutaxassis duduqlanish sabablari va ota-onalarning xatolari haqida
Duduqlanishning davosi bormi?Bola nima uchundir gapirayotganda tutilib qoladi, soʻzlarni takrorlaydi yoki fikrini oxirigacha yetkazishga qiynaladi. Bunday vaziyatda ayrim ota-onalar uni shoshiradi, tanbeh beradi, hatto toʻgʻri gapirishni talab qiladi. Aslida esa bu munosabat boladagi hayajonni yanada kuchaytirishi mumkin.

«Bola duduqlansa, uni koyimang» - mutaxassis duduqlanish sabablari va ota-onalarning xatolari haqida
Duduqlanish nimadan kelib chiqadi, uning ilk alomatlari qanday va ota-onalar nimalarga e’tibor berishi kerak?
Duduqlanish — nutq ravonligining buzilishi bo‘lib, bunda odam gapirayotganda ayrim tovush yoki bo‘g‘inlarni qayta-qayta aytishi, cho‘zishi yoki so‘zni boshlashda qiynalishi mumkin. Bu holat bolalarda ham, kattalarda ham uchraydi.
Psixolog Dono Qulunchakovaning aytishicha, mutaxassislarga duduqlanish bilan murojaat qiladiganlar orasida ikki yoshdan olti yoshgacha bo‘lgan bolalar ko‘p uchraydi.
«Ikki yoshda bolaning nutqi endi shakllanayotgan bo‘ladi. Besh-olti yoshda esa bog‘chadagi yangi guruhga o‘tish, maktabga tayyorgarlik kabi o‘zgarishlar boshlanadi. Ayrim bolalarda shu jarayonlar qo‘rquv va hayajon bilan kechadi», - deydi mutaxassis.
Uning ta’kidlashicha, ayniqsa tortinchoq, notanish odamlar orasida o‘zini noqulay his qiladigan bolalarda nutq bilan bog‘liq qiyinchiliklar kuchliroq namoyon bo‘lishi mumkin.
Biroq duduqlanishni faqat bolaning xarakteri yoki qo‘rqoqligi bilan izohlash to‘g‘ri emas. Uning paydo bo‘lishida irsiy va nutq rivojlanishi bilan bog‘liq omillar ham muhim.
Suhbat davomida oiladagi nosog‘lom muhit, ota-onalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar va bolaga nisbatan bosim masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Dono Qulunchakovaning kuzatishicha, oilada tez-tez janjal bo‘lishi, bolaning qo‘rquv va doimiy hayajon bilan yashashi uning nutqiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
«Yosh ota-onalarda farzand tarbiyasi bo‘yicha tajriba yetishmasligi mumkin. Turli janjallar, mojarolar sabab bolada qo‘rquv paydo bo‘ladi», - deydi u.
Mutaxassis bolalarning telefon va boshqa gadjetlardan me’yordan ortiq foydalanishiga ham e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim oilalarda bola kunning katta qismini multfilm yoki videolar tomosha qilish bilan o‘tkazadi, kattalar esa u bilan yetarlicha muloqot qilmaydi.
«Bizga to‘rt-besh yoshga kirgan, hali nutqi shakllanmagan bolalarni ham olib kelishadi. Uydagilar ular bilan suhbatlashmaydi, gaplashmaydi», - deydi psixolog.
Duduqlanish ba’zan birdan sezilishi, ba’zan esa asta-sekin kuchayishi mumkin.
Dono Qulunchakova ota-onalar bolaning gapirish jarayonidagi o‘zgarishlarga e’tiborli bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, ayrim bolalar notanish odamlar davrasiga kirganda, ko‘pchilik oldida gapirishga to‘g‘ri kelganda yoki hayajonlanganida so‘zlarni aytishga qiynaladi. Ba’zan gapirishdan oldin kuchli taranglik seziladi.
«Ota-onalar bolalarining xatti-harakatlariga katta e’tibor berishlari kerak. Shunday holatlarni sezishsa, mutaxassislarga murojaat qilishlari lozim», - deydi psixolog.
Bolaning nutqidagi har qanday tutilish duduqlanish degani emas. Lekin takrorlanishlar ko‘paysa, gapirish bola uchun qiyinlashsa yoki u so‘zlashdan qochishni boshlasa, logoped yoki nutq buzilishlari bilan ishlaydigan mutaxassisga murojaat qilish maqsadga muvofiq.
Suhbatning muhim qismlaridan biri duduqlanadigan bolaga kattalar qanday munosabatda bo‘lishi kerakligi haqida bo‘ldi.
Psixologning aytishicha, ba’zi ota-onalar bolasining nutqidagi qiyinchilikni sezgach, uni koyish yoki shoshirish orqali muammoni hal qilishga urinadi.
«Nimaga duduqlanib gapiryapsan?», «Tutilavermagin», «To‘g‘ri gapirishni bilmaysanmi?», «Oldin bunday emasding-ku» kabi gaplar boladagi bu holatni tezlashtiradi.
«Bola onamdan yoki otamdan gap eshitmay deb, bu holatni yashirishga harakat qiladi. Yashirgan sari undagi hayajon yanada kuchayishi mumkin. Bu ota-onalarning eng katta xatolaridan biri», - deydi Dono Qulunchakova.
Mutaxassis bolaga nutqidagi qiyinchilikni doimiy eslatib turmaslikni, u bilan ko‘proq muloqot qilishni, sayrga chiqishni va kun tartibiga rioya etishni tavsiya qildi.
Eng muhimi, bola gapirayotganda uning so‘zlariga emas, aytmoqchi bo‘lgan fikriga e’tibor qaratish kerak.
Duduqlanishning qiziq jihatlaridan biri — uning turli vaziyatlarda turlicha namoyon bo‘lishidir.
Ayrim bolalar ota-onasi bilan yolg‘iz qolganda ancha ravon gapiradi. Biroq mehmonga borganda, bog‘chada yoki notanish odamlar oldida nutqidagi tutilishlar kuchayadi.
«Ota-onalar, uyda men bilan gaplashganda duduqlanmaydi, lekin bog‘chaga yoki mehmonga borganda qattiq duduqlanadi, deyishadi. Chunki yangi joy, notanish insonlar, ko‘pchilik oldida bo‘lish boladagi hayajonni oshiradi», - deydi u.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, duduqlanish maktab va bog‘chadagi munosabatlar ta’sirida ham kuchayishi mumkin.
Shu sababli u ota-onalarga farzandining individual xususiyatlarini hisobga olishni, tarbiyachi va pedagoglar bilan hamkorlik qilishni, zarur bo‘lsa, ta’lim muassasasidagi psixolog va logopedga murojaat etishni tavsiya qildi.
Kundalik hayotda ko‘p uchraydigan holat: bola biror so‘zni aytishga qiynaladi, kattalar esa unga yordam berish niyatida gapini tugatib qo‘yadi.
Bir qarashda bu g‘amxo‘rlikdek ko‘rinadi. Biroq mutaxassis bunday qilishni tavsiya etmaydi.
«Uni sabr bilan oxirigacha eshitish kerak. “Tezroq gapir”, “Bo‘la qol”, “Nimaga tutilayapsan?” degan gaplardan voz kechish lozim. Bola o‘z fikrini o‘zi tugatishi uchun sharoit yaratib berish kerak», - deydi psixolog.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bolani shoshirish uning hayajonini kuchaytirishi mumkin.
Shuning uchun kattalar bolaning gapini bo‘lmasligi, uning o‘rniga javob bermasligi va fikrini ifodalashi uchun yetarlicha vaqt ajratishi muhim.
Suhbatda duduqlanishning irsiy omillari ham muhokama qilindi.
Dono Qulunchakovaning aytishicha, ayrim bolalarda duduqlanishga moyillik oilaviy xususiyatga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, ota yoki onasida shunday holat kuzatilgan bo‘lsa, bolada ham takrorlanishi mumkin.
«Bolada duduqlanish sezilganda, “otasida ham bo‘lgan edi” yoki “onasida ham bo‘lgan edi” degan ma’lumotni yashirish kerak emas. Buni yashirish orqali bolaga yordam berib bo‘lmaydi», - deydi u.
Duduqlanishni bartaraf etish uchun qancha vaqt kerakligi ham ota-onalarni qiziqtiradigan asosiy savollardan biri.
Dono Qulunchakovaning aytishicha, erta murojaat qilingan ayrim holatlarda bir necha oy davomida ijobiy o‘zgarish kuzatilishi mumkin.
U o‘z amaliyotida bolaning holatiga qarab psixolog, logoped-defektolog va nevrolog ishtirokida ish olib borilishini ta’kidladi.
Lekin «Ba’zi ota-onalar bir oy mashg‘ulotga qatnaydi, bolasi yaxshiroq gapira boshlasa, hammasini to‘xtatib qo‘yadi. Davolash jarayoni to‘liq tugatilmasa, duduqlanish 100% yana qaytalanadi», - deydi mutaxassis.
Uning fikricha, mutaxassis bilan boshlangan ishni o‘zboshimchalik bilan to‘xtatmaslik muhim.
Shu bilan birga, barcha bolalar ikki-uch oyda to‘liq tuzaladi, deb kafolat berish mumkin emas. Natija duduqlanishning xususiyatlari, davomiyligi va bolaning individual holatiga bog‘liq. Dori vositalari ham duduqlanishning har bir holatida shart emas; ular faqat tegishli tibbiy ko‘rsatmalar bo‘lganda shifokor tomonidan belgilanadi.
Suhbat yakunida Nigora Hasanova mutaxassisdan ota-onalar uchun eng muhim tavsiyani so‘radi.
Dono Qulunchakova bu borada oiladagi munosabatlar alohida rol o‘ynashini ta’kidladi:
«Eng avvalo, oilada chiroyli muhit yaratish kerak. Tinch, sokin muhit. Bolajonlarimizni yaxshi ko‘rishimiz, ularni ko‘proq quchoqlashimiz kerak».
Duduqlanadigan bola uchun eng og‘ir vaziyatlardan biri — atrofdagilarning kulishi yoki kattalarning tanbehidir.
Bunday paytda bolaga «to‘g‘ri gapirish»ni talab qilishdan ko‘ra, uni xotirjam tinglash, fikrini oxirigacha aytishiga imkon berish va zarur mutaxassis yordamini tashkil etish muhimroq.
Duduqlanish bolaning aqliy qobiliyati yomonligini anglatmaydi. Eng muhimi, uning nutqidagi qiyinchilikni aybga aylantirmaslik va bolani bu muammo bilan yolg‘iz qoldirmaslikdir.

