Sport

Boks bo‘yicha sobiq Jahon chempioni Janubiy Afrikada otib o‘ldirildi

Boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni Zolani Tete Janubiy Afrikada o‘z uyi oldida otib o‘ldirildi.

Janubiy Afrika Respublikasi sport, san’at va madaniyat vaziri Geyton Makkenzining xabar berishicha, 38 yoshli bokschi o‘z avtomobilida o‘ldirilgan. U bilan bir mashinada bo‘lgan 27 yoshli ayol esa ko‘plab jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, voqea Sharqiy Keyp provinsiyasining Mdantsane shahrida sodir bo‘lgan. Tete o‘z yashash manziliga kelib, darvoza ochilishini kutib turgan vaqtda yuziga niqob taqqan ikki qurolli shaxsning pistirmasiga duch kelgan.

Zolani Tete 2007—2008-yillarda WBF, 2017 va 2019-yillarda esa WBO yo‘nalishlari bo‘yicha Jahon chempioni kamariga egalik qilgan. Bokschining eng yirik g‘alabalaridan biri 2014-yilda Yaponiyada qo‘lga kiritilgan bo‘lib, o‘shanda u Teyru Kinoshitani ochkolar hisobida mag‘lub etib, IBF yo‘nalishi chempioniga aylangan edi.

Shuningdek, bokschi 2017-yilda Siboniso Gonyaga qarshi kechgan chempionlik jangining 11-soniyasidayoq raqibini nokautga uchratgan. Bu Jahon chempionligi janglari tarixidagi eng tezkor nokaut sifatida e’tirof etiladi. Tetening professional faoliyati 29 ta g‘alaba (shulardan 22 tasi nokaut) va 4 ta mag‘lubiyat bilan yakun topdi.

U so‘nggi bor 2022-yilning iyul oyida Londondagi “Uembli” arenasida britaniyalik Jeyson Kanningemga qarshi ringga ko‘tarilgan edi. Biroq keyinchalik undan olingan doping-test ijobiy natija bergani sababli jang natijasi bekor qilinib, Tetega to‘rt yillik diskvalifikatsiya belgilangan. Taqiqlangan moddani qasddan qabul qilmaganini doimo ta’kidlab kelgan bokschining jazo muddati joriy yilning iyul oyida yakuniga yetgan va u ringga qaytishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.