Boʻron sari bormoqdalar
Turkmaniston va Tojikiston Hindistonning Akash havo hujumidan mudofaa tizimlarini oldi

Boʻron sari qadam
Hindiston Turkmaniston va Tojikistonga «Akash» havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berib, ushbu majmuani Markaziy Osiyo bozoriga ilk bor olib chiqdi. Yetkazib berishlar haqida Hindiston Mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalari tashkiloti (DRDO) sobiq rahbari Samir Kamat maʼlum qildi. Shu bilan birga, topshirilgan tizimlarning aniq soni, ularning tarkibi va kelishuvlar qiymati hozircha oshkor etilmayapti.
Hali yozda Ashxobod va Dushanbe «Akash»ning yanada zamonaviyroq boʻlgan «Mk 1S» versiyasini sotib olishni koʻrib chiqayotgani xabar qilingan edi. Oʻshanda gap tasdiqlangan shartnomalarsiz, faqat muzokaralar haqida borayotgan edi. Endi esa Kamat eksport allaqachon amalga oshirilganini maʼlum qildi.
Turkmaniston va Tojikiston rasmiy tuzilmalari ushbu xaridlar tafsilotlarini ommaviy ravishda oshkor qilmadi. Gap aynan «Mk 1S» varianti yoki «Akash»ning boshqa konfiguratsiyasi haqida ketayotgani ham nomaʼlum.
«Akash»ning Turkmaniston va Tojikistonda paydo boʻlishi, ayniqsa, ushbu mamlakatlar qurollanishi tarkibini hisobga olganda yaqqol koʻzga tashlanadi. Tarixan ularning HHM tizimlari sezilarli darajada sovet va Rossiya majmualari bazasida qurilgan. Turli konfiguratsiyalarda «S-125», «Kub», «Buk» va «S-300» zenit-raketa majmualaridan foydalaniladi yoki foydalanilgan. Shu bois, Hindiston tizimlarining sotib olinishi Ashxobod va Dushanbe tomonidan yetkazib beruvchilar doirasi bosqichma-bosqich kengaytirilayotgani va qurol-yarogʻ parkini diversifikatsiya qilishga urinishdan dalolat beradi.
Markaziy Osiyogacha «Akash»ning eng koʻzga koʻringan xorijiy buyurtmachisi Armaniston edi. Hindiston majmuaning birinchi batareyasini Yerevanga 2024 yil noyabrida joʻnatgan. Armaniston ushbu tizimni rasman sotib olgan birinchi xorijiy davlat boʻldi.
Hindiston manbalariga koʻra, Armaniston buyurtmasi hali 2022 yilda joylashtirilgan boʻlib, bir nechta «Akash» majmuasini oʻz ichiga olgan. Ochiq manbalarda bitim qiymati boʻyicha baholar farq qiladi: «Reuters» 2025 yilda taxminan 230 million dollar haqida xabar bergan boʻlsa, ayrim Hindiston nashrlari bundan yuqoriroq summalarni tilga olgan.
Soʻnggi yillarda Nyu-Deli qurol eksportini faol ravishda oshirmoqda. Hindiston Xalqaro ishlar kengashi bahosiga koʻra, 2025/26 moliya yilida mamlakatning mudofaa mahsulotlari eksporti oʻtgan yilga nisbatan 60% dan koʻproqqa oshib, taxminan 4,6 milliard dollarga yetdi. Hindiston qurollari taxminan 80 ta davlatga yetkazib berilmoqda.
«Akash» ushbu siyosatning «BrahMos» va «Pinaka» raketa tizimlari qatoridagi eng koʻzga koʻringan eksport mahsulotlaridan biriga aylandi. Hindiston bir vaqtning oʻzida majmuani boshqa mamlakatlarga sotish boʻyicha ham muzokaralar olib bormoqda. Masalan, «Reuters» avvalroq Filippin tomonidan qiziqish bildirilgani haqida xabar bergan edi.
Agar Ashxobod va Dushanbega yetkazib berishlar haqidagi maʼlumot ikkala mamlakat rasmiy hukumatlari tomonidan tasdiqlansa, Turkmaniston va Tojikiston Armanistondan keyin «Akash»ning navbatdagi xorijiy operatorlari va ushbu tizimning bevosita Markaziy Osiyodagi birinchi buyurtmachilariga aylanadi.
Maʼlumot: «Akash» — Hindistonda ishlab chiqilgan yer usti zenit-raketa tizimi. DRDO uni muhim obʼyektlar va hududlarni havo hujumidan himoya qilish majmuasi sifatida tavsiflaydi. Raketalarning oʻzini ishlab chiqarish bilan davlatga qarashli «Bharat Dynamics Limited» shugʻullanadi. Tizim samolyotlar, vertolyotlar, dronlar va boshqa havo nishonlarini urib tushirishga moʻljallangan. Bazaviy versiya uchun DRDO taxminan 25–27 kilometrlik nishonni urish masofasini va 18 kilometrgacha boʻlgan balandlikni koʻrsatadi.
«Mk 1S» modifikatsiyasi, eng avvalo, yoʻnaltirish tizimi bilan ajralib turadi. Unda parvozning asosiy qismidagi buyruq orqali yoʻnaltirish yakuniy bosqichda faol radiolokatsion oʻzi yoʻnaltiruvchi kallak bilan toʻldiriladi. Bu, ayniqsa, manyovr qiluvchi nishonlarga qarshi tutib olish aniqligini oshirishi va radioelektron xalaqitlarga chidamlilikni yaxshilashi kerak.

