Dunyo

Markaziy Osiyoning ikki davlati Hindistondan havo mudofaa tizimlari sotib qoldi

Markaziy Osiyodagi ikki davlat Hindistondan havo mudofaa tizimlari xarid qildi

Tojikiston va Turkmaniston “Akash” havo mudofaa tizimlarini sotib oldi. Bu haqda Hindiston Mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalari tashkilotining sobiq raisi Samir Kamat ma’lum qildi. Ushbu kompleksning birinchi xorijiy xaridori Armaniston bo‘lgan.

Kamat e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, bu qadam Hindiston harbiy-sanoat korxonalarining Markaziy Osiyo bozoriga kirib kelayotganidan darak beradi. Biroq hozircha qaysi davlatga nechta tizim yetkazilgani, ularning qaysi modifikatsiyalari ekani va shartnomalar qiymati oshkor etilmagan.

Dushanbe va Ashxobodning Hindiston bilan havo hujumidan mudofaa tizimlarini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqidagi ilk xabarlar avgust oyida tarqalgan edi. O‘shanda kuzatuvchilar gap “Akash” tizimining yangilangan Mk 1S versiyasi haqida ketayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Ammo boshqa tafsilotlar ochiqlanmagani sababli, Kamat tilga olgan tizimlar avgustdagi kelishuv doirasida yetkazib berilganmi yoki avvalroq imzolangan bitimga daxldormi — bu noma’lum.

Agar bu xabar tasdiqlansa, u Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim tarixiy qadam bo‘ladi. Chunki Rossiya mintaqaning harbiy-texnik hamkorlikdagi, ayniqsa havo hujumidan mudofaa tizimlari bo‘yicha asosiy hamkori bo‘lib kelgan. So‘nggi yillarda Xitoy ham o‘zining ilg‘or tizimlari bilan bu bozorga kirib kelayotgan bo‘lsa-da, Hindistonda ishlab chiqarilgan harbiy texnikalarga qiziqish yuqori emas edi. Bu esa mintaqa davlatlari ta’minotchilarni diversifikatsiya qilayotganini ko‘rsatadi.

Bu qanday tizim?

“Akash” — o‘rta masofaga mo‘ljallangan zenit-raketa kompleksi bo‘lib, samolyotlar, vertolyotlar, dronlar va qanotli raketalarga qarshi qo‘llaniladi. Uni Hindiston Mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalari tashkiloti ishlab chiqqan. Tizimlarni seriyali ishlab chiqarish bilan mamlakatning eng yirik mudofaa texnologiyalari kompaniyasi — Bharat Dynamics Limited shug‘ullanadi.

Mazkur tizim mobil platformalarga asoslangan bo‘lib, bu yuqori harakatchanlikni ta’minlaydi. U “Rajendra 3D” radari orqali 64 tagacha nishonni aniqlay oladi va ulardan 4 tasiga qarshi raketalarni bir vaqtning o‘zida yo‘naltirishi mumkin. Urib tushirishning maksimal balandligi 20 km, masofa ko‘rsatkichi esa 25 kmni tashkil etadi.

“Akash Mk 1S” esa ushbu tizimning zamonaviy talablarga moslashtirilgan modernizatsiyalangan versiyasi hisoblanadi. Dastlabki model nishonga yo‘naltirilgan raketani butun parvoz davomida radar orqali boshqarib tursa, “Akash Mk 1S” oxirgi bosqichda o‘zining faol radiochastota qidiruvchisidan foydalanadi. Ya’ni “Rajendra” radari bilan aloqa uzilib qolsa ham, u ta’qibni mustaqil davom ettira oladi.

Mazkur tizimning ilk xorijiy mijozi Armaniston hisoblanadi. Yerevan ularni Dehli bilan 2022-yilda imzolangan 720 mln dollarlik kelishuv doirasida xarid qilgan. O‘shanda armanlar “Akash-1S” kompleksining taxminan 15 ta batareyasiga buyurtma bergani, ularning har biri uchun 48 mln dollardan to‘lagani haqida xabarlar tarqalgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.