BMT missiyasi AQShni Eronda urush jinoyatlari, Tehronni esa insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topdi
BMT missiyasi Erondagi maktabga berilgan zarbalar ortida AQSh turgani va bu urush jinoyati ekaniga asoslar borligini bildirdi. Jumladan, Minobdagi maktabga berilgan zarba oqibatida 168 kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, Eron namoyishlarni bostirishda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgani qayd etilgan.

BMT missiyasi AQShni Eronda urush jinoyatlarida, Tehronni esa insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi
BMTning Eron bo‘yicha faktlarni aniqlash missiyasi 17-sentabr kuni ma’lum qilishicha, fevral oyida Erondagi maktab va sport majmuasiga berilgan ikkita harbiy zarba ortida AQSh turganiga hamda bu harakatlar urush jinoyati hisoblanishiga ishonish uchun yetarli asoslar bor.
Missiya, shuningdek, Eron hukumati ham hukumatga qarshi namoyishlarni qonli bostirish jarayonida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan degan xulosaga keldi. 2026-yil yanvarida Eron rasmiylari namoyishlar vaqtida 3000 dan ortiq odam halok bo‘lganini bildirgandi.
Erondagi norozilik namoyishlari 2025-yil 28-dekabrda Tehrondagi do‘kon egalarining ish tashlashi bilan boshlangan.
Ular Eron rialining AQSh dollariga nisbatan kursi yanada keskin pasayib ketgani, bu esa inflyatsiyani tezlashtirganidan norozilik bildirgan. Tez orada aksiyalar mamlakatning barcha viloyatlariga yoyilgan.
Erondagi mustaqil xalqaro faktlarni aniqlash missiyasining Jenevadagi BMT Inson huquqlari kengashiga taqdim etiladigan yangi hisobotida fevral oyida boshlangan Eron urushi davridagi AQSh harakatlari hamda Eron rasmiylarining dekabr oxirida boshlangan umummilliy noroziliklarga javobi tahlil qilingan.
Pentagon tashqi tashkilot tayyorlagan ushbu hisobot bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi. “Bizning surishtiruvimiz hali davom etmoqda va ayni paytda e’lon qiladigan hech qanday yangiligimiz yo‘q”, — deyiladi rasmiy bayonotda.
Oq uy matbuot kotibi Anna Kelli hisobotga javoban BMT Inson huquqlari kengashi “inson huquqlari yo‘lida hech narsaga erishmaganini” aytib, hozirgi mojaroda faqat Erongina urush jinoyatlarini sodir etganini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq AQSh rasmiylari harbiy amaliyotlar qurolli mojarolar to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq olib borilayotganini ta’kidlagan, Eron esa inson huquqlarining tizimli ravishda buzilishi haqidagi ayblovlarni izchil rad etib kelgan.
BMTning faktlarni aniqlash missiyalari tergov qiluvchi, ammo sudlov organi bo‘lmagan tuzilmalar bo‘lib, ular jinoyat ishi qo‘zg‘atish vakolatiga ega emas. Biroq ularning xulosalari milliy sudlar yoki Xalqaro jinoiy sud kabi xalqaro tribunallar olib boradigan jinoiy tergovlarda dalil sifatida ishlatilishi mumkin. Davlatlar ushbu hisobot natijalarini dushanba kuni Jenevadagi Inson huquqlari kengashida ko‘rib chiqadi.
BMT ekspertlari Minob shahridagi “Shajarai Toyyiba” boshlang‘ich maktabiga 3-mart kuni qilingan hujum uchun AQSh kuchlari javobgar ekaniga ishonish uchun yetarli asoslar topganini bildirdi. Eron rasmiylariga ko‘ra, bu zarba oqibatida 168 kishi, jumladan, 120 nafarga yaqin maktab o‘quvchisi halok bo‘lgan.
Dastlabki tergov natijalarida ham AQSh harbiylari nishonni belgilashda eskirgan razvedka ma’lumotlaridan foydalangani, maktab ilgari harbiy bazaning bir qismi bo‘lgani haqida so‘z borgan.
Missiya xulosasiga ko‘ra, hujum tinch aholi o‘limiga va fuqarolik infratuzilmasining vayron bo‘lishiga olib kelgan tartibsiz zarba sifatida baholanib, xalqaro huquqqa ko‘ra urush jinoyati hisoblanadi.
Hisobotda qayd etilishicha, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK)ning dengiz kompleksiga tutash bo‘lgan maktab haqidagi ma’lumotlarni AQSh nishonlar bazasida yangilamagani va bino harbiy nishon ekanini aniqlashtirmagani oddiy ehtiyotsizlikdan ko‘ra og‘irroq holatdir:
“Aksincha, AQSh fuqarolik obyektiga zarba berish xavfi yuqori ekanini bilgan va bunday oqibat kelib chiqishi ehtimoliga beparvolik bilan qarab, to‘g‘ridan to‘g‘ri maktab binosiga zarba bergan”.
Iyun oyida AQSh prezidenti Donald Tramp voqea yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruvga tayanib, fevral oyida Erondagi qizlar maktabiga “hech kim” qasddan hujum qilmaganini aytgandi.
BMT ekspertlarining ta’kidlashicha, maktab ochiq-oydin fuqarolik obyekti bo‘lgan va uning harbiy maqsadlarda ishlatilganiga oid hech qanday dalil topilmagan.
Ekspertlar Lomard shahridagi sport majmuasiga berilgan zarba bo‘yicha ham shunga o‘xshash xulosaga keldi. Hisobotda aytilishicha, ushbu hujum yaqin atrofdagi turar joy binolari va maktabga zarar yetkazib, 22 nafar tinch aholining o‘limi va jarohatlanishiga sabab bo‘lgan. Missiya bu hujumni ham tartibsiz deb baholab, urush jinoyati degan xulosaga keldi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) mart oyidagi bayonotida AQSh kuchlari o‘sha kuni Lomard shahriga hech qanday zarba bermaganini ma’lum qilgandi.

