Bloger, auditoriya va mas’uliyat: layklar haqiqat mezoni emas
Odamning dardini kontentga aylantirish bilan uni huquqiy jihatdan himoya qilish bir xil narsa emas. Eng

**Bloger, auditoriya va mas’uliyat: layklar haqiqat mezoni emas**
So‘nggi paytlarda blogerlar, ular bilan bog‘liq turli hodisalar, turli vaziyatlar va odamlar taqdiri haqida ko‘plab postlarni o‘qidim, shu mavzularga doir imkon qadar o‘z fikrimni ham bildirib bordim. Ammo hisoblab ko‘rsam, aslida bu maqolalarning barchasi bitta katta mavzu atrofida aylangan ekan: so‘z erkinligi, ta’sir kuchi va mas’uliyat. Bizning jamiyatda blogerlik bugun oddiy shaxsiy sahifa yuritish darajasidan ancha chiqib ketdi. Ayrim blogerlarning auditoriyasi ba’zi gazetalar adadidan, hatto ayrim telekanallar auditoriyasidan ham katta. Bir necha daqiqada yuzlab, minglab odamning fikrlashiga ta’sir qilish mumkin.
Shunday ekan, «men faqat o‘z fikrimni aytdim» degan yondashuv har doim ham mas’uliyatdan ozod qilmaydi. Chunki omma oldida aytilgan har bir gapning ortida oqibat bor. Bloger mansabdorning, davlat idorasining xatosini ochiq aytishi mumkin. Sud qarorini muhokama qilishi, qonunni tanqid qilishi, jamoatchilik manfaatini himoya qilishi mumkin. Bu tabiiy holat. Lekin tanqid bilan ayblov o‘rtasida katta farq bor. «Menimcha, bu qaror noto‘g‘ri» deyish boshqa, «bu odam jinoyatchi» deb hukm chiqarish boshqa. Ya’ni uning millionta obunachisi bo‘lishi ham uni sudyaga aylantirmaydi. Insonning aybdor yoki aybsizligini layklar, repostlar, izohlar yoki jamoatchilik g‘azabi belgilamaydi. Buning uchun dalil, protsess va sud bor. Xuddi shuningdek, bloger advokat ham emas. Huquqiy muammoga duch kelgan odamning huzuriga borib, kamerani yoqib, «men bu ishni hal qilib beraman», «sud qarorini bekor qildirib beraman», «jamoatchilikka chiqarsak, hammasi o‘zgaradi» deyish oson. Ammo sud qarorini ijtimoiy tarmoqlardagi postlar, muhokamalar emas, qonunda belgilangan protsessual tartib o‘zgartiradi. Apellyasiya, kassatsiya, taftish bor, qolaversa, qonunda nazarda tutilgan boshqa huquqiy mexanizmlar bor.
Odamning dardini kontentga aylantirish bilan uni huquqiy jihatdan himoya qilish bir xil narsa emas. Eng xavflisi, ba’zan insonning musibati boshqa birov uchun auditoriya yig‘ish vositasiga aylanadi. Avvaliga shov-shuvli sarlavha, keyin hissiyotga bosim, so‘ng «adolat talab qilamiz» degan chaqiriq va minglab izohlar, yuzlab ulashishlar...
Ammo oradan vaqt o‘tib, voqea qiziqarli bo‘lmay qolgach, o‘sha jabrlangan odam o‘z muammosi bilan yana yolg‘iz qolishi mumkin. Bloger esa navbatdagi mavzuga o‘tib ketadi. Bu yerda yana bir muhim masala bor: ko‘p obunachiga ega bo‘lish insonni avtomatik ravishda huquqshunos, shifokor, iqtisodchi, ekspert yoki siyosatshunos qilib qo‘ymaydi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pincha teskari manzarani ko‘ramiz. Kimning auditoriyasi katta bo‘lsa, uning gapi haqiqatdek qabul qilinadi. Aslida esa haqiqat ovoz balandligi bilan emas, dalil bilan aniqlanadi. Shuning uchun blogerning muhim vazifalaridan biri faktni fikrdan ajratishi, ya’ni «aniqlandi» bilan «menimcha» o‘rtasidagi farqni bilishi lozim bo‘ladi.
«Jinoyat sodir qilgan» bilan «jinoyat sodir qilganlikda gumon qilinmoqda» o‘rtasida ham katta farq bor. Har bir yozayotgan so‘zimiz, fikrimiz, matnimiz bir insonning sha’ni, obro‘si, ishi, oilasi va butun hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Shu bilan birga, masalani faqat «blogerlar ehtiyot bo‘lsin» degan nuqtaga olib borish ham to‘g‘ri emas. Omma e’tiboridagi bloger mas’uliyatli bo‘lishi kerak, lekin davlat ham qonun doirasida harakat qilishi lozim. So‘z erkinligi blogerga berilgan imtiyoz emas. U jamiyatning davlat ustidan nazorat qilish imkoniyatlaridan biri.
Ko‘pincha provakatsiyalarsiz, baqir-chaqirlarsiz tayyorlangan kontentlar omma e’tiboriga tushishi qiyin bo‘ladi. E’tibor berib qaralsa, u ham xuddi o‘sha masalani ko‘tarmoqda, faqat qattiq ovozsiz. Ya’ni, etikaga rioya qilayotgan jurnalist yoki bloger zaiflik, qo‘rqoqlik qilayotgani yo‘q. Qattiq savolni ham xotirjam tarzda berish mumkin. Mansabdordan javob so‘rashda esa baqir-chaqirdan ko‘ra, aniq fakt va dalillar ko‘proq ta’sir qiladi.
Faktlar joyida bo‘lsa, ba’zan oddiy va xotirjam berilgan bitta savolning o‘zi ancha ko‘p narsani ochib berishi mumkin.
Yana bir gap, professional jurnalist yoki bloger intervyuga tayyorgarlik bilan boradi: mansabdorning vakolatini biladi, hujjatlar bilan tanishadi, raqamlarni tekshiradi, qonunni yaxshi biladi va keyin savol beradi. Ana shunday savoldan qochish qiyin.
Yana bir masala — auditoriya. Ko‘pincha bloger auditoriyaga ta’sir qiladi, deb o‘ylaymiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan auditoriya ham blogerni o‘zgartiradi: qaysi post ko‘proq layk oldi, qaysi gap ko‘proq tarqaldi, qaysi mavzu ko‘proq janjal chiqardi? Algoritm ham shuni rag‘batlantiradi.
Shunda axborot berish bilan e’tibor tortish o‘rtasidagi chegara sekin-asta yo‘qola boshlaydi. Natijada tahlil emas, keskinlik g‘alaba qila boshlaydi. «Ehtimol» degan so‘z auditoriyaga yoqmaydi, «hammasi aniq!» degan gap esa tez tarqaladi. Bloger asta-sekin haqiqatni emas, o‘z auditoriyasi eshitishni xohlagan narsani ayta boshlaydi. Bu esa axborot maydonida o‘ziga xos yopiq doiralarni paydo qiladi. Bir xil fikrdagi odamlar bir-birini tasdiqlaydi. Boshqa fikr dushmanlik sifatida qabul qilinadi. Dalil emas, «bizning odam» yoki «ularning odami» degan qarash ustun keladi.
Bunga siyosiy ta’sir ham qo‘shilishi mumkin. Ayniqsa, chetdan turib keskin chaqiriq qilayotgan odam bilan shu chaqiriq oqibatini mamlakat ichida o‘z tanasida his qiladigan blogerning tavakkali bir xil emas. Chetdan turib post yozayotgan odam javobgarlikka tortilmasligi mumkin, ammo mamlakat ichidagi bloger huquq buzilishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa jinoyat ishi, sud, jarima, qamoq yoki boshqa oqibatga duch keladi. Shu sabab har qanday siyosiy, diniy yoki ijtimoiy chaqiriqni tarqatishdan oldin uning ortida kimning manfaati turganini ham o‘ylash kerak.
Menimcha, bugun muammoni faqat «yaxshi bloger» va «yomon bloger» degan ikki toifaga ajratib bo‘lmaydi. Masala ancha keng. Bloger, uning auditoriyasi, ijtimoiy tarmoq algoritmlari, pul, obro‘, siyosiy, ijtimoiy manfaatlar, inson psixologiyasi — bularning barchasi bir-biri bilan bog‘liq va bir-biriga ta’sir qiladi.
Huquqshunos sifatida blogerlarga munosabatim ularni cheklash kerak, degan qarashdan yiroq. Aksincha, jamiyat rivoji uchun jurnalistlar kabi blogerlar ham kerak. Faqat mustaqil fikr, hokimiyatni tanqid qilish, jamoatchilik nazorati — bularning barchasi faktlarga, kasb etikasiga, huquqiy madaniyatga va shaxsiy mas’uliyatga tayanishi lozim. Aks holda, so‘z erkinligi boshqa insonning huquqini buzish vositasiga aylanishi mumkin.
So‘z erkinligi katta kuch. Shuning uchun bugun biz blogerlarni cheklash haqida emas, axborot tarqatish madaniyati haqida ko‘proq o‘ylashimiz kerak. Chunki muammo blogerning o‘zida emas, uning qo‘lidagi imkoniyatdan qanday foydalanayotganida. Bir xabarni tekshirmasdan tarqatish, birovni dalilsiz ayblash yoki shaxsiy hayotini ommaga olib chiqish ortida haqiqiy insonning taqdiri turganini unutmaslik kerak.
Ehtiyotkorlik va mas’uliyat faqat blogerlarga tegishli emas. Jurnalist ham, amaldor ham, ijtimoiy tarmoqda o‘z fikrini bildirayotgan oddiy odam ham so‘zi uchun mas’ul. Zero, so‘z erkinligi bor joyda fikrlar xilma-xilligi ham, tanqid ham, bahs ham bo‘ladi. Muhimi, bularning barchasi haqiqatni izlashga xizmat qilsin, birovning huquqini poymol qilishga emas.

