“Asosiy masala jazo og‘irligida emas, uning muqarrarligida”. Pedofiliyaga qarshi qanday kurashish kerak?
Namangandagi davlat bog‘chasida 5 yoshli qizning jinsiy zo‘ravonlikka uchragani tizimli muammolarni yana ko‘rsatib berdi. Mutaxassislarga ko‘ra, pedofillar jazolangani bilan, ularga davo yo‘q: butun tizim qarshi kurashmas ekan, bolalar xavfda qolaveradi. Nimalar qilish kerak? Gazeta mavzuni muhokama qildi.

“Asosiy masala jazo og‘irligida emas, uning muqarrarligida”. Pedofiliyaga qarshi qanday kurashish kerak?
Namanganning Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bog‘chasida 5 yoshli qizaloqning jinsiy zo‘ravonlikka uchragani O‘zbekistonda bolalar xavfsizligiga javob beradigan tizimda muammolar ko‘pligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Voqea 12-sentabrda sodir bo‘lganiga qaramay, rasmiylarning holat yuzasidan harakati ancha kechikdi. 22-sentabrda xabarlar e’lon qilingach, gumonlanuvchi qo‘lga olindi va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Oradan 4 kun o‘tib, 26-sentabrda rasmiy munosabat bildirila boshlandi.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning chiqishidan so‘ng, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirishga oid qonun loyihasi 6 oylik kechikish bilan ishlab chiqilib, Oliy Majlisning tasdiq va ma’qullovidan o‘tdi.
Xronologiyaga qaralsa, tizimda yetarlicha muammo borligi ayon bo‘ladi. Xo‘sh, ular aynan nimalardan iborat? Jazoni kuchaytirish muammoni hal qiladimi? Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikning oldi qanday olinadi? Zo‘ravonlikka uchragan bola va uning oilasi bilan qanday ishlash kerak?
Gazeta shu kabi savollarga javob topish uchun huquqshunos Kamola Aliyeva hamda oila psixologlari Oydin Xushmurodova va Rozaliya Gabdulhakova bilan suhbatlashdi.
— Assalomu alaykum, intervyuga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. Kamola opa, avval kechikishlar haqida gaplashsak. O‘zi bunday vaziyatda tizim qanday ishlashi kerak edi?
— Kamola Aliyeva:
Ketma-ketlikda qaraydigan bo‘lsak, 12-sentabrda ariza kelib tushgan bo‘lsa, o‘sha vaqtning o‘zida ichki ishlar va prokuratura organlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda oilaga, xususan, jabrlangan qizaloqqa xizmat ko‘rsatishni boshlashi kerak edi. Bu tergov harakatlari bilan birgalikda parallel olib borilishi lozim. OAVda bu organlarga xabar berishga oid majburiyat mavjud emas.
Men ham rasmiy munosabatlarni mediaga e’lon qilingan xabarlardan so‘ng ko‘rdim. Ochig‘ini aytganda, ichki ishlar va prokuratura organlarida tergov qilinayotgan bunday holatlar juda ko‘p. Ijtimoiy himoya agentligi ham biladi, ammo bola huquqlariga zarar yetkazmaslik nuqtai nazaridan, ayrim obyektiv hamda subyektiv sabablarga ko‘ra, ular oshkor qilinmaydi.
Bu vaziyatda kech va rezonans bo‘lgunga qadar munosabat bildirganlar bor. Masalan, Ijtimoiy himoya milliy agentligining rasmiy sahifasida bola va uning oilasiga 12-sentabrdan boshlab xizmat ko‘rsatilayotgani xabar qilindi. Keyingisini bolalar ombudsmanining rasmiy kanalida ko‘rdik. Undan keyin 22-sentabrda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga rasmiy taqdimnoma kiritilgani ham aytildi.
Qolgan tashkilotlar: Bosh prokuratura, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, yana ko‘p davlat organlari bu borada ancha kechikishdi. Bir narsaga e’tibor qilish kerak, holat 12-sentabrda bo‘lgan taqdirda ham, IIO yoki prokuraturada aynan o‘sha kuni munosabat qilinsin degan majburiyat mavjud emas. Lekin OAVda chiqqach, o‘sha zahotiyoq izoh berilishi shart. Afsuski, buni juda kamchilik qiloldi.
Tashkilotlar matbuot kotiblariga bir narsani tavsiya sifatida bildirgan bo‘lardim, ya’ni bu kabi vaziyatlarda juda hushyor bo‘lish kerak. Aholida ishonchli ma’lumot olish huquqi bor va bu ma’lumot rasmiy organlardan berilishi kerak. Bloger, jurnalist, jamoatchilik faollari o‘zlari olgan ma’lumotni yetkazishi mumkin, lekin rasmiysi uzatilishi shart. Chunki bunday keysda savollar ko‘payishi tabiiy. Gumon va shubhalar ham paydo bo‘ladi. Afsuski, bolalar bilan bo‘layotgan noxush vaziyatlar ketma-ket uchrayapti, bu — hali bizga ma’lum bo‘lganlari.
Yana bir bor ta’kidlayman, bunday voqealarni OAVda e’lon qilishning ishga ta’siri bor, uning siljishiga yordam beradi. Ammo hamma choralar postfaktum — sodir bo‘lgach qilinyapti. Oqibati bilan kurashyapmiz. Oldini olib — proaktiv kurashish kerak. Yomon ish o‘tib bo‘lgach, aholining g‘azabini so‘ndirish maqsadi bilan harakat qilishayotgandek, menimcha. Bu noto‘g‘ri.
— Tushunarli. Oydin opa, siz Nemolchi.uz’da ham ishlaysiz. Bilamiz, bu sayt ko‘proq zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar masalalari bilan ishlaydi. Sizlarga bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka oid murojaatlar qanchalik tez-tez keladi?
— Oydin Xushmurodova:
Masalan, kechaning o‘zida bir murojaat kelyapti, bir qizning 15 kundan keyin to‘yi bo‘lishi kerak, ammo u 8−9 yoshgacha amakisining o‘g‘li tomonidan zo‘rlab kelingan. 9 yoshdan keyin u ish bo‘lmagan. Qiz “men hech kimga aytolmayman. Nima qilishni bilmayapman. O‘zimni o‘ldirishga tayyor turibman”, — deb murojaat qilyapti.
Shunga o‘xshash tahlikali vaziyatda chiqishadi. “Qo‘ling kalta bo‘lsa, yeng ichida” degan gap to‘g‘ri aytilgan. Bunday holatlar haqida yurak yutib xabar beradiganlar juda kam. Nega? Jamiyatimiz qoliplashgan, qo‘rquvi kuchli, hamma narsani ham aytish mumkin emas deb hisoblaydi. Barchasi — ilmsizlikning oqibati deb bilaman.
Onalarimizda o‘zini himoya qilishni, haq-huquqini bilishmaydi. Onalarida bo‘lmagach, farzandlarida ham shu ahvol. Aynan jinsiy zo‘ravonlikka oid murojaatlar haftasiga 2 marta tushib turadi. Biz o‘sha zahotiyoq yordam berishga harakat qilamiz, lekin yuqoridagi keltirilgan keysda hech narsa qilolmadik, afsuski.
— Kamola Aliyeva:
Eng ko‘p zo‘ravonliklar ota urug‘i tomonidan qilinadi: akasi, otasi qilgan dahshatli voqealar bor. Bir murojaat kelgan, 14 yoshli qiz 8−9 yoshida o‘z akasi tomonidan zo‘rlangan. Akasi o‘zidan 1 yosh katta. Onasiga aytgan, lekin onasi uni urib, yolg‘on gapirayotganlikda ayblagan. Qizga hech qanaqa yordam berish, uni tinglash degan narsa bo‘lmagan. Vaqt o‘tdi, endi uni isbot qilish imkonsiz. Biroq, qiz u oilada yashashni istamayapti endi. Chunki uni hech kim eshitmayapti.
Butun dunyoda tadqiqotlar o‘tkazilgan, zo‘ravonliklar begona odam tomonidan qilinmaydi. Bu yo o‘z yaqinlari, yo oilasidagilar bo‘lishi mumkin. Albatta, hammada ham unday emas. Lekin ko‘p holatlarda yuqorida aytilganidek: akasi, o‘zining otasi, buvasi, tanish odami bo‘ladi. Namangandagi holatda ham bog‘chadagi ishlaydigan ombor mudiri va bir vaqtning o‘zida qo‘shnisi bo‘lgan odam qilgan shu ishni. Ya’ni ular bir-birini tanigan.
Shuning uchun uzoqdan qidirish kerakmas. Hushyor bo‘lish yetarli. Chunki bolaga nisbatan qilinayotgan ishda uning ishonchiga kirish muhim. Bizda qanday o‘rgatiladi: “katta odamning aytganini qil, u biladi, ular aqlli” deyishadi.
— Rozaliya Gabdulhakova:
Lekin bu faqat bizning madaniyatimiz yoki jamiyatimizga xos bo‘lgan narsa emas. Masalan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xabariga ko‘ra, butun dunyoda har beshta ayoldan bittasi, har o‘n uchta o‘g‘il boladan bittasi jinsiy zo‘ravonlikka uchragan.
Albatta, agar statistikani ochiqlash imkoni bo‘lsa, bizning madaniyatimizdagi o‘ziga xosliklar sabab bu raqam ko‘proq bo‘lishi mumkin. Jinsiy zo‘ravonlik deganda aynan shu aktning o‘zi bo‘lishi shartmas, u boshqacha formada ham bo‘lishi mumkin. Ya’ni bolaga psixologik jihatdan ozor beradigan holatlarning barchasi jinsiy zo‘ravonlik hisoblanadi.
— Rozaliya opa, o‘zi shuni ham so‘ramoqchi edim. Namangandagi keysda ona hushyor bo‘lmaganida bola zo‘ravonlikka uchraganini his ham qilmagan, balki. Nega bolalar buni bilmay qolishadi? Bu normalmi? Shu haqda ham gapirib berolasizmi?
— Rozaliya Gabdulhakova:
Hozir aytganimdek, bolaga ozor berish aynan jismoniy ko‘rinishda bo‘lishi shartmas, uning qaysidir qismlarini ushlash yoki o‘sha odam o‘zining qaysidir tana qismini ushlatish yoki shunga oid videolarni ko‘rishga majburlash, ya’ni bolaning ixtiyoridan tashqari narsalar qilinishining o‘zi ham xuddi shunday zo‘ravonlik sanaladi. Odatda bolalar bu kabi holatlarga normal reaksiya qilishmaydi. Ayniqsa to‘g‘ri tarbiyalangan bolalar, hatto, kiyimsiz odamni ko‘rganda ham qo‘rqib ketishadi.
Chunki yangicha narsa har doim qo‘rqinchli bo‘ladi. Ota-ona yaxshilab kuzatsa, albatta, simptomlarni sezishi mumkin. Bolada moslashuvchanlik juda ham kuchli bo‘lgani uchun bularni normal qabul qilishni boshlaydi. Xuddi shu narsa davomli, oz-ozdan bo‘ladigan bo‘lsa, umuman normallashib ketishi mumkin. Bu xuddi baqani qaynoq suvga emas, iliq suvga solib, tagini yoqib, sekin pishirishga o‘xshaydi. Shunga o‘xshab, bolalarda to‘g‘ri va noto‘g‘ri narsani farqlashga yetarlicha ongi rivojlanmagani sabab normativni atrofdan ko‘rib o‘rganishadi.
— Tushunarli. Kamola opa, hozirda gumonlanuvchi qo‘lga olingan, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov ketyapti. Mana shu jarayonning o‘zida nimalarga ko‘proq e’tibor qaratish kerak deb o‘ylaysiz?
— Kamola Aliyeva:
Avvalambor, dalillar o‘rganilishi kerak bo‘ladi. Bu jarayonni batafsil va chuqur tushuntiradigan bo‘lsam, vaqtimiz yetmasligi mumkin. Ammo umuman olganda tergovning o‘ziga yarasha jarayonlari bor, muddatlari belgilangan va ayniqsa bu keysda Bosh prokuratura nazoratida turibdi. Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan tergov olib borilayotgani aytildi. Birinchi shu voqea yozib olingan videolar topiladi, guvohlar so‘roq qilinadi.
Bir emas, bir necha marotaba bo‘ladi. Ma’lumotlar aniqlangach, keyingi bosqichga o‘tiladi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, gumonlanuvchi uzog‘i bilan 7 oygacha ushlab turilishi mumkin. Bu yanayam ishning qiyinligiga qarab o‘zgarish ehtimoli ham bor.
Bu jarayonda bolaning o‘zini so‘roq qilishadigan bo‘lishsa, buning ham o‘ziga yarasha protsedurasi bor. Ona 5 yoshli boladan o‘zining muhitida o‘yin ko‘rinishida ma’lumotni olgan.
Huquqiy protsedurada ham aslida shunday bo‘lishi kerak, ya’ni jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bolaga yana qo‘shimcha travma bermaslik uchun, hatto, savollar ham o‘z qoidasi bilan berilishi lozim. Lekin, afsuski, O‘zbekistonda bu amaliyot yaxshi darajada ishlaydi deyolmayman.
Masalan, 5 yashar bolani savol-javob qilishda yonida birinchidan onasi yoki maxsus pedagog yoki psixolog bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, uni uzoq vaqt davomida so‘roq qilish mumkin emas, ya’ni uzog‘i bilan 30 daqiqa, kun davomida bir soat, undan ortiq emas. Va bolani qayta bezovta qilmaslik uchun so‘roq jarayoni video yozuvga olinishi kerak. Shunday qoida ham bor.
Lekin sudga chiqqanida bolani qayta-qayta sud jarayonida so‘roq qilish tartibi ham bor, bu hech narsa bilan taqiqlanmagan. Afsuski, bu amaliyot hanuz qo‘llanadi. Men nechta keys kuzatgan bo‘lsam, hammasida shunday bo‘lgan.
Masalan, bir qizchaga o‘gay otasi uyatsiz, buzuq harakatlar sodir etgan, ish boshlanganda qizcha 7 yosh bo‘lgan, ish tugagungacha 8ga to‘lgan. Onasi telefon qilib, qizining to‘xtovsiz so‘roq qilinayotganidan dodlayapti. Kuni kecha Oliy Majlis ham shu tartib aks etgan qonun loyihasini konseptual jihatdan qabul qildi. Lekin bu shundoq ham qonunchilikda belgilangan tartib edi. Shunchaki amaldagi ijrosi yaxshi bo‘lmagan.
Gumonlanuvchi hozirda Jinoyat kodeksining 2 ta moddasi: 118-modda 4-qismi (14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) va 112-modda (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) bilan ayblanyapti. Lekin ikkalasini qo‘shgan taqdirda ham u odam uzog‘i bilan 20 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Undan ortiq berilmaydi.
Oliy Majlis kiritayotgan o‘zgartirishlar, prezident imzosidan o‘tib, amaldagi qonunchilikka kiritilgan taqdirda ham qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas. Ya’ni ayni shu keysda gumonlanuvchining aybi tasdiqlansa, uzog‘i 20 yil berishadi. Umrbod yoki uzoq muddatli qamoq jazosi jinoyat sodir qilingan vaqtdan keyin kiritilishi ta’sir qilmaydi. Jinoyat sodir etilganda amalda bo‘lgan qonunchilik bilan jazolanadi.
Suhbatning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

