Dunyo

«Biz pozitsiyasiz emasmiz, urushayotganlar bizdan koʻp narsa kutmasin» - BMTdagi doimiy vakil bilan suhbat

«Biz pozitsiyasiz emasmiz, urushayotganlar bizdan koʻp narsa kutmasin» - BMTdagi doimiy vakil bilan suhbat

Kun.uz bilan Nyu-Yorkda suhbatlashgan Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Ulugʻbek Lapasovning aytishicha, tashkilot shu darajada zaif boʻlganida, Bosh Assambleyaga hech kim kelmagan boʻlardi. Uning fikricha, bugun BMTdan ulkan natijalar kutish toʻgʻri emas, chunki bu tuzilma hukumatlardan yuqorida turmaydi. Lapasov Oʻzbekiston nomidan rezolyutsiyalarga ovoz beradi, BMTda davlat nomidan soʻzlaydi. Biz neytralmiz, bu ham pozitsiya, urush eʼlon qilishayotganda bizni boxabar qilishmagan-ku, uyogʻiga ham hech nima kutishmasin, deydi diplomat.

Soʻzga chiqqanlarning aksariyati BMT va uning Xavfsizlik kengashidan norozi boʻldi, jumladan Oʻzbekiston vakili ham. Elchi Ulugʻbek Lapasovga koʻra, Toshkent BMTni ayblashdan yiroq. Sababi — Oʻzbekiston nazarida BMT shunchaki global maydon bo‘lib, suveren davlatlarni birlashtiradigan va ularning ovozini jamlaydigan tuzilmadir.

Shu yerda diplomat bosh kotiblardan birining «BMT insoniyatni jannatga eltish uchun emas, doʻzaxdan asrash uchun tuzilgan» degan soʻzlarini eslab, bu fikrga qoʻshilishini bildirdi.

Lapasovning aytishicha, Saida Mirziyoyeva boshchiligidagi delegatsiya safari ancha samarali oʻtgan.

«Bosh kotib birinchilardan boʻlib Mirziyoyevani qabul qildi, oʻsha ikki kunda masalan, Guterrish 80 dan ortiq siyosatchi bilan koʻrishdi. Bundan tashqari, biz bu tashrifda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohani birlashtirdik. Demografik masalada katta tadbir oʻtkazdik. BMTdagilar administratsiya rahbarini taniydi, Oʻzbekistonda nimalar boʻlayotganini biladi», deydi elchi.

Mirziyoyeva BMTdagi nutqida davlat pozitsiyasi haqida soʻz yuritib, Oʻzbekiston insoniyat tomonida ekanini aytdi. Biroq boshqa soʻzlovchilardan farqli ravishda, u bugungi kunda davom etayotgan urushlarni toʻxtatish haqida gapirmadi. Elchining aytishicha, maʼnaviy jihatdan bunday chaqiriq bor. Ammo rasmiy Toshkentning pozitsiyasi — neytral. Biz oʻzimiz tomondamiz, deydi u.

«Biz pozitsiyasiz emasmiz, BMTda pozitsiya bildirishning bir necha xil usullari bor. Umuman kelmaslik mumkin, biz doim zalda boʻlganmiz. Urush eʼlon qilayotganda bizga hech kim qoʻngʻiroq qilmagan-ku, bizdan fikrimizni olmagan-ku, nega endi bizdan koʻp narsa kutishlari kerak? Biz pozitsiyasiz emasmiz, biz Oʻzbekiston tomonidamiz. Mirziyoyevaning nutqida ham Oʻzbekiston manfaati yotibdi», deydi Lapasov.

Administratsiya rahbari oʻz nutqida davlatning bugungi siyosati, qoʻshnilar bilan aloqalar, Markaziy Osiyoda tinchlik, iqlim muammolari, Afgʻoniston, ijtimoiy siyosat va sunʼiy intellekt haqida gapirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.