Bishkekdagi SHHT sammiti yakunida 28 ta hujjat imzolandi
SHHT 25 yilligiga bagʻishlangan Bishkek deklaratsiyasi sammitning asosiy siyosiy hujjati boʻldi. Bundan tashqari, davlat rahbarlari 2002-yil 7-iyundagi SHHT Xartiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi bayonnomani tasdiqladilar.

Bishkekda boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) yubiley sammiti yakunida jami 28 ta hujjat imzolandi. Bu haqda Qirgʻiziston prezidentining matbuot xizmati maʼlum qildi.
1-sentabr kuni Qirgʻiziston Respublikasi rahbari Sadir Japarov raisligida Bishkekda oʻtkazilgan sammitda Japarov SHHT aʼzo davlatlari dunyo aholisining 40 foizdan ortigʻini va jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb toʻrtdan birini tashkil etishini taʼkidladi.
Hozirda SHHT tarkibiga oʻnta davlat kiradi: Belarus, Hindiston, Eron, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston. Sammitda barcha aʼzo davlatlar yetakchilari ishtirok etib, yangi xavfsizlik markazlarini tashkil etish, giyohvand moddalarga qarshi kurashda hamkorlikni kengaytirish, raqamlashtirish, ekologiya va logistika masalalarini muhokama qildilar.
Sammitning asosiy siyosiy hujjati SHHTning 25 yilligiga bagʻishlangan Bishkek deklaratsiyasi boʻldi. Shuningdek, davlat rahbarlari 2002-yil 7-iyundagi SHHT Xartiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi bayonnomani tasdiqladilar.
Imzolangan hujjatlar orasida quyidagilar ham bor:
* SHHT davlatlari xavfsizligiga doir tahdid va xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha universal markaz toʻgʻrisidagi nizom;
* Tashkilotning Narkotiklarga qarshi kurash markazi Ijroiya qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom. Uning tarkibiga Bishkekda ochiladigan Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash markazi kiritiladi;
* Narkotiklarga qarshi kurashga oid ikkita dastur. Ulardan biri 2030-yilgacha moʻljallangan boʻlib, narkotikka qaramlikka qarshi kurashga bagʻishlangan, ikkinchisi esa 2030-yilgacha sintetik giyohvand moddalar va ularning prekursorlari tarqalishiga qarshi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishni nazarda tutadi;
* 2026–2028-yillarda xalqaro axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha SHHT davlatlarining hamkorlik rejasi;
* 2026–2030-yillarda SHHT mamlakatlarining portlari va logistika markazlarini rivojlantirish boʻyicha harakatlar rejasi hamda boshqa hujjatlar.
Sammit davomida Qirgʻiziston tashkilotga raislikni Pokistonga topshirdi.

