Oʻzbekiston prezidenti Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Bishkekda oʻtayotgan navbatdagi yigʻilishida nutq soʻzladi.
Maʼruza avvalida Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga samimiy qabul va sammitni yuksak darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirib, qardosh qirgʻiz xalqini davlat suverenitetining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Bishkekda boʻlib oʻtayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishida nutq soʻzladi.
Prezident oʻz nutqida shunday dedi:
"Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Qirgʻizistonning ShHTga raisligi davrida erishilgan samarali natijalarni yuksak baholaymiz hamda bugungi majlis kun tartibi va qarorlar loyihalarini qoʻllab-quvvatlaymiz.
Ushbu sammit ShHT tashkil etilganining 25 yilligi nishonlanayotgan yilda oʻtkazilmoqda.
Hamkasblarimning oʻtgan chorak asr davomida ushbu tashkilot oʻzining zarurligi va samaradorligini namoyon etdi degan fikrlariga toʻliq qoʻshilaman.
Tashkilot “Shanxay ruhi” tamoyillariga amal qilgan holda, teng huquqli muloqotni taʼminladi, mintaqaviy barqarorlik va mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashdi.
Oʻzbekiston ShHT tashkil etilgan dastlabki kunlardan boshlab uning ochiq, bloklardan xoli va tinchliksevar hamkorlik platformasi sifatida mustahkamlanishini izchil qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Biz hamkorligimiz markazida ShHTning geografik va strategik oʻzagi boʻlgan Markaziy Osiyo turganini alohida qadrlaymiz.
Hurmatli hamkasblar!
Uchrashuvimiz geosiyosiy boʻlinish, ishonch taqchilligi ortib borayotgan, mojarolar keskinlashayotgan va xalqaro huquq yemirilayotgan bir davrda oʻtmoqda.
Yaqin Sharqdagi vaziyatning rivoji alohida tashvish uygʻotmoqda.
Biz mintaqada muloqotni qayta tiklash va keskinlikni yumshatishning qatʼiy tarafdorimiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
ShHT oldida turgan eng dolzarb vazifalarga toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Bugungi kunda nafaqat yuzaga kelayotgan muammolarni samarali hal etish, balki uzoq muddatli istiqbolda Tashkilotni qanday holda koʻrishni istashimizni aniq tasavvur qilishimiz ham muhimdir.
Davlatlarimizning raqobatbardoshligi ularning salohiyatlarini birlashtirish va birgalikda rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga tayyorligiga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq.
Ishonchim komilki, ShHT mamlakatlarining ulkan insoniy, tabiiy, ishlab chiqarish va intellektual resurslari, eng avvalo, xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi lozim."

