Birlashgan Arab Amirliklaridagi auksionda noyob oq lochin 571 ming dollarga sotildi

Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan auksionda noyob oq lochin 571 ming dollarga sotildi
Abu Dabidagi kimoshdi savdosida dunyodagi eng noyob oq lochinlardan biri taxminan 571 ming dollarga xarid qilindi. Bu haqda “Mixnews” nashri Khaleej Times’ga tayanib xabar berdi.
Nasldor va oppoq patlarga ega bu qush lochinlar auksioni tarixida sotilgan eng qimmat qush sifatida rekord qayd etdi. Amerikalik seleksiyachilar yetishtirgan lochin Gyr pure ultra white zotiga mansub.
Savdolar Abu Dabidagi an’anaviy Xalqaro ovchilik va ot sporti ko‘rgazmasi doirasida tashkil etildi. Ko‘rgazmaga mahalliy va xorijiy mutaxassislar tomonidan zotdor, baquvvat hamda ovchilik qobiliyati yuqori bo‘lgan eng sara qushlar olib kelindi.
Avvalgi jahon rekordi 2021-yilda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar Riyod shahrida o‘rnatilgan edi. O‘shanda eng qimmat lochin 467 ming dollarga baholangan.

