Dubay amiri London ko‘chasida sudanliklarni o‘ldirishda ayblandi (video)

Dubay amiri London ko‘chasida sudanliklarni o‘ldirishda ayblandi (video)
Dubay amiri va BAA bosh vaziri Muhammad bin Rashid al-Maktum Londonda sudanlik erkak tomonidan Sudandagi fuqarolar urushiga aralashish va odamlarni o‘ldirishda ayblandi. Bu haqda Middle East Eye xabar berdi.
O‘tgan hafta e’lon qilingan videoda sudanlik erkak Muhammad bin Rashid al-Maktum va uning hamrohlariga qarata baqirgani aks etgan. Hodisa ular London markazidagi Mayfair hududida joylashgan Selfridges univermagidan chiqib ketayotgan paytda sodir bo‘lgan.
"Amirlik va BAAliklar sudanliklarni o‘ldirmoqda. BAA mening mamlakatimda odamlarni o‘ldirmoqda. Xalqimni o‘ldirishni to‘xtating", deya baqirgan sudanlik erkak yo‘lning narigi tomonidan.
Bu paytda amirning hamrohligidagi erkak sudanlik fuqaroga nisbatan irqchilik mazmunidagi haqoratlarni ishlatgan. U sudanlik erkakning oldiga borib, uni ogohlantirgan. Shunga qaramay, sudanlik erkak baqirishda davom etgan. U BAA prezidenti Muhammad bin Zoidni tilga olib, BAAliklar uning yurtida odamlarni o‘ldirayotganini yana bir bor ta’kidlagan.
O‘tgan payshanba, 6-avgust kuni BAA OAV Muhammad bin Zoid va al-Maktum Londondagi Jumeirah Carlton Tower mehmonxonasida uchrashganini xabar qilgan edi. Bu uchrashuv "qardoshlik va o‘zaro hurmatga asoslangan uchrashuv" deb ta’riflangan.
London politsiyasi ushbu holat yuzasidan bayonot berdi. Politsiya internetda tarqalgan va irqiy haqorat ishlatilgan videodan xabardor ekanini ma’lum qildi. Xodimlar tasvirni o‘rganib chiqishi va jinoyat alomatlari bor-yo‘qligiga baho berishi aytildi.
BAA va Sudan urushi
BAA inkor etayotgan bo‘lsa-da, mamlakatning Sudandagi "Tezkor harakat kuchlari" (THK) guruhini qo‘llab-quvvatlayotgani haqida ko‘plab da’volar mavjud. BMT va AQSH bu guruhni Sudandagi genotsidda ayblamoqda.
BMT ekspertlari, inson huquqlari tashkilotlari va Middle East Eye nashri THK guruhiga qurol yetkazib berilishini hujjatlashtirgan. Ushbu qurollar Liviya, Chad va Somalilend orqali yetkazilgan.
Buyuk Britaniya kabi G‘arb davlatlari BAAning iqtisodiy ta’siri sababli uning Sudan urushidagi ishtirokiga ochiq qarshilik bildirmayotganlikda ayblanmoqda. 2023-yil aprel oyida boshlangan bu urush dunyodagi eng yirik gumanitar falokatga olib keldi.
BAA rahbariyatiga yaqin shaxslar va tahlilchilar THK hamda uning yetakchisi Muhammad Hamdan Dagalo ko‘p yillardan beri qo‘llab-quvvatlanayotganini bilvosita tan olmoqda. Dagalo Dubayda soxta kompaniyalar tarmog‘i orqali ko‘chmas mulkka ega.
Dubay amiri ilgari ham mojaro markazida bo‘lgan. Britaniya sudi ilgari uni o‘z qizlari Latifa va Shamsani asirlikda ushlab turganlikda hamda sobiq rafiqasi — hozirda Iordaniya malikasi Hayaga nisbatan tazyiq o‘tkazganlikda aybdor deb topgan edi.

