Biri hiyla, biri muzokara bilan yenggan: qadimgi dunyoni oʻzgartirgan toʻrt sarkarda
Femistokl dushman flotini tor boʻgʻozga kiritib yenggan, Brasid shaharni shturm oʻrniga kelishuv bilan qoʻlga kiritgan. Filipp II Makedoniya armiyasini isloh qilgan boʻlsa, uning oʻgʻli Aleksandr shu qoʻshin bilan Fors davlatini zabt etgan. Turli davrlarda yashagan bu toʻrt sarkardaning qarorlari qadimgi yunon dunyosidagi kuchlar nisbatini oʻzgartirgan.

Biri hiyla, biri muzokara bilan gʻalaba qozongan: qadimgi dunyoni oʻzgartirgan toʻrt sarkarda
Miloddan avvalgi 480-yilda Fors podshohi Kserks I Yunonistonga bostirib kirdi. Forslar Fermopil jangida gʻalaba qozonib, janubga yurishni davom ettirdi va Afinani egallab, talon-toroj qildi.
Afinalik sarkarda va siyosatchi Femistokl dushmanga qulay sharoitda jang qilish xavfli ekanini tushungan. Tarixchi Gerodotning rivoyatiga koʻra, u Kserksga yunonlar chekinishga tayyorlanayotgani haqida maxfiy xabar yuborgan.
Kserks yunon kemalarining yoʻlini toʻsish uchun flotini Salamin oroli yaqinidagi tor boʻgʻozlarga yoʻnaltirgan. Femistokl aynan shuni kutgan edi: tor hududda forslarning koʻp sonli kemalari erkin harakatlana olmagan va bir-biriga xalaqit bergan.
Yunon floti hal qiluvchi gʻalabaga erishgan. Dengizdagi magʻlubiyatdan soʻng quruqlikdagi qoʻshinini taʼminlash qiyinlashishini anglagan Kserks kuchlarining katta qismini olib chiqib ketgan. Qolgan fors qoʻshinlari keyingi yili Plateya jangida yengilgan.
Miloddan avvalgi 431-yilda boshlangan Peloponnes urushida Afina va Sparta toʻqnash keldi. Sparta quruqlikda kuchli boʻlsa, Afinaning floti dengiz orqali taʼminotni saqlash va qoʻshinlarni turli yoʻnalishlarga yuborish imkonini berardi.
Spartalik sarkarda Brasid Afinaning taʼminot manbalariga zarba berishga urinib koʻrdi. Miloddan avvalgi 424-yilda u qoʻshinini shimolga, Frakiya tomon boshlab bordi.
Uning eng muhim yutuqlaridan biri Amfipol shahrini Afina taʼsiridan chiqarish boʻldi. Brasid shaharni shturm qilish oʻrniga aholiga qulay shartlar taklif qilib, uni Sparta tomoniga oʻtishga koʻndirgan. Shu tariqa uzoq qamal va katta vayronagarchiliksiz maqsadga erishilgan.
Afina strategik ahamiyatga ega shaharni qaytarib olishga uringan. Miloddan avvalgi 422-yildagi jangda Brasid halok boʻlgan, ammo afinaliklar Amfipol ustidan nazoratni tiklay olmagan.
Miloddan avvalgi 359-yilda taxtga chiqqan Filipp II Makedoniyani kuchli davlatga aylantirdi. Uning eng muhim islohotlari armiyaga tegishli edi.

