«Bir xonada boʻlishlari qiyin»: Tramp Putin–Zelenskiy uchrashuvini shart deb hisoblamadi
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina rahbarlarining bevosita uchrashuvisiz ham urushni tugatish boʻyicha kelishuvga erishish mumkinligini bildirdi. U Volodimir Zelenskiyni taklif etilayotgan shartlarga rozi boʻlishga yana chaqirdi.

«Bir xonada boʻlishlari qiyin»: Tramp Putin–Zelenskiy uchrashuvini zarur deb bilmaydi
Tramp bu haqda 20-oktabr kuni Oq uyning Oval kabinetida jurnalistlar bilan suhbat chogʻida aytgan.
«Menimcha, ular buni boshqacha yoʻl bilan ham amalga oshirishi mumkin. Ularga bir xonada boʻlish qiyin. Kelishuvga qanday erishilishi meni qiziqtirmaydi», - degan Tramp.
AQSH prezidenti Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy oʻrtasida «ulkan» nafrat borligi haqidagi fikrini ham qayta taʼkidlagan.
Shuningdek, u Ukraina rahbari urushni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga intilishi kerakligini urgʻulagan.
«U kelishuvga borishni xohlashi kerak boʻladi, chunki, menimcha, uning xalqi bunga ortiq chidab turmaydi», - degan Tramp.
AQSH prezidenti Vashington Ukrainaga katta yordam berganini, biroq buning evaziga «qaygʻu, oʻlimlar va ulkan moliyaviy yoʻqotishlardan boshqa hech narsa olmaganini» daʼvo qilgan. Uning aytishicha, amerikalik soliq toʻlovchilar ham, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ham Ukrainani moliyaviy qoʻllab-quvvatlashdan charchagan.
Suhbat davomida Rossiya qamogʻidagi 73 yoshli amerikalik Stiven Habbard masalasi ham tilga olingan. Tramp Putin bilan muloqotida uni ozod qilishni soʻraganini bildirgan.
Habbard 2024-yil oktabrda Rossiyada yollanma jangchilik moddasi boʻyicha olti yil-u oʻn oyga ozodlikdan mahrum qilingan. Rossiya tergovi talqiniga koʻra, u 2014-yildan Ukrainada yashagan, 2022-yil fevralda Xarkiv viloyatining Izyum shahri hududiy mudofaa safiga qoʻshilgan va aprelda Rossiya harbiylari tomonidan qoʻlga olingan.
AFP agentligi avvalroq Habbard Rossiya qamogʻida qiynoqqa solingani haqida xabar bergan edi.

