Beyonse 45 yoshda: jahon yulduzining xiyonat, onalik va milliard dollarlik imperiya ortidagi hayoti haqida

**Beyonse 45 yoshda: jahon yulduzining xiyonat, onalik va milliard dollarlik imperiya ortidagi hayoti haqida**
Bugun, 4-sentyabr kuni jahon musiqasining eng mashhur yulduzlaridan biri — Beyonse 45 yoshga to‘ldi. Qariyb 30 yil davom etgan faoliyati davomida u oddiy xonandadan global pop-madaniyat timsoliga aylandi. Uning nomi nafaqat musiqa, balki moda, kino, biznes va ayollar imkoniyatlari bilan ham bog‘lanadi.
Beyonse Giselle Noulz 1981-yil 4-sentyabrda Texas shtatining Hyuston shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Metyu Noulz biznes bilan shug‘ullangan, onasi Tina Noulz esa stilist va dizayner bo‘lgan. Beyonsening singlisi Solanj ham keyinchalik taniqli xonandaga aylandi.
Bo‘lajak yulduzning musiqaga qiziqishi bolaligidan boshlangan. U turli tanlovlarda qatnashib, raqs va vokal bilan shug‘ullangan. Ota-onasi qizining iste’dodini rivojlantirishiga katta e’tibor bergan.
1990-yillarda Beyonse “Destiny’s Child” guruhi tarkibida mashhurlikka erishdi. Guruh dunyodagi eng muvaffaqiyatli ayollar jamoadan biriga aylandi. Keyinchalik Beyonse yakkaxon faoliyatini boshladi va “Crazy in Love”, “Single Ladies”, “Halo” kabi qo‘shiqlar orqali jahon yulduziga aylandi.
Uning “Dangerously in Love”, “B’Day”, “I Am... Sasha Fierce”, “Beyoncé”, “Lemonade”, “Renaissance” va “Cowboy Carter” albomlari xonandaning turli ijodiy davrlarini aks ettiradi. Ayniqsa, “Lemonade” va “Cowboy Carter” uning shaxsiy kechinmalari haqida edi.
Reper va tadbirkor Jay-Z bilan munosabati 2000-yillarning boshlarida boshlangan. Dastlab juftlik munosabatlarini ommadan yashirishga harakat qilgan.
2003-yilda ular “Crazy in Love” qo‘shig‘ida birgalikda ishladi. Keyinchalik bu qo‘shiq nafaqat Beyonsening eng katta xitlaridan biriga, balki ularning sevgi hikoyasining ramziga aylandi.
2008-yilda Beyonse va Jay-Z turmush qurdi. To‘y Nyu Yorkdagi Jay-Z’ning uyida o‘tkazilgan. Marosimda faqat eng yaqin insonlar qatnashgan.
Ularning nikohi boshidanoq ideal bo‘lmagan. Jay-Z’ning xiyonati haqidagi gap-so‘zlar yillar davomida matbuotda muhokama qilindi. Beyonse esa bu mavzuga 2016-yilda chiqqan “Lemonade” albomida murojaat qildi.
Albomdagi qo‘shiqlar va kliplarda xiyonat, alam, kechirim va oilani saqlab qolish kabi mavzular ochib berildi. Jay-Z ham keyinchalik o‘z xatosini tan oldi. Shunga qaramay, er-xotin ajrashmay, munosabatlarini saqlab qoldi.
Bugungi kunda Beyonse va Jay-Z nafaqat turmush o‘rtoq, balki musiqa va biznesdagi hamkorlar sifatida ham tanilgan.
2012-yil 7-yanvarda Beyonse va Jay-Z’ning birinchi farzandi — Blue Ivy dunyoga keldi. Qizaloqning tug‘ilishi jahon matbuotida katta voqeaga aylandi.
Blue Ivy ota-onasining izidan borib, musiqa va ijodga qiziqa boshladi. U yoshligidanoq onasining sahna loyihalarida ishtirok etdi. 2020-yilda “Brown Skin Girl” klipidagi ishtiroki uchun Blue Ivy BET mukofotiga sazovor bo‘ldi.
2017-yilda esa Beyonse Instagram’ga suratini joylashtirib, homiladorligi haqida xabar berdi. Surat qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoq tarixidagi eng mashhur postlardan biriga aylandi.
O‘sha yilning iyun oyida Beyonse hamda Jay-Z’ning Rumi va Sir ismli egizaklari tug‘ildi.
Shundan so‘ng Beyonse oilaviy hayotini yanada ko‘proq himoya qila boshladi. U farzandlarining shaxsiy hayotini ommaga imkon qadar kamroq ko‘rsatishga harakat qiladi. Shunga qaramay, bolalari vaqti-vaqti bilan kliplari, konsertlari va boshqa loyihalarida ko‘rinish beradi.
Beyonsening hayotida onasi Tina Noulzning o‘rni juda katta. Tina qizining dastlabki sahna liboslarini yaratgan va uning faoliyatida uzoq vaqt davomida yonida bo‘lgan.
Biroq oilada hammasi doim ham silliq kechmagan. Beyonsening ota-onasi 2011-yilda ajrashgan. Bunga Metyu Noulzning xiyonati sabab bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan.
Beyonse keyinchalik otasi bilan hamkorlik qilmay qo‘ydi, faoliyatini mustaqil boshqara boshladi.
Beyonsening muvaffaqiyatida otasi Metyu Noulzning ham katta hissasi bor. U qizining karyerasini boshqargan va “Destiny’s Child” guruhining menejeri bo‘lgan.
Biroq Beyonse vaqt o‘tishi bilan faoliyati ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga olishni istadi. Bugun u musiqa bilan cheklanib qolmagan, o‘zining moda va biznes loyihalarini ham rivojlantirayotgan mustaqil tadbirkor sifatida tanilgan.
Beyonse millionlab muxlislar oldida chiqish qiladigan global superyulduz bo‘lsa-da, intervyularida oilasi uning hayotidagi eng muhim qadriyat ekanini ko‘p bora ta’kidlagan.
U va Jay-Z farzandlarini imkon qadar oddiy muhitda tarbiyalashga harakat qiladi. Biroq ota-onasining mashhurligi sabab Blue Ivy, Rumi va Sir bolaligidan omma e’tiborida.
45 yoshida u ortda ulkan musiqiy meros, o‘nlab rekordlar va millionlab muxlislarni qoldirdi. Ammo Beyonsening hikoyasi faqat “Crazy in Love” yoki “Single Ladies” kabi xitlardan iborat emas.
Bu — bolaligidan katta orzu qilgan qizning jahon yulduziga aylanishi, sevgi va xiyonatni boshdan kechirishi, uch farzandning onasi bo‘lishi va shu bilan birga o‘z karyerasini davom ettirishi haqidagi hikoya.
Balki Beyonsening eng katta muvaffaqiyati ham shundadir: u sahnada millionlab odamlar uchun yulduz bo‘lsa, sahnadan tashqarida esa avvalo ona, rafiqa va qiz bo‘lib qolishga intiladi.
U hozirda 35 ta “Gremmi” mukofoti bilan ushbu mukofot tarixidagi eng ko‘p “Gremmi” olgan ijodkor hisoblanadi. Shuningdek, uning hisobida 99 ta “Gremmi” nominatsiyasi bor — bu ham rekord natija.
2023-yilda Beyonse 32 ta “Gremmi” bilan mukofot tarixidagi eng ko‘p g‘olib chiqqan ijodkorga aylangan edi. 2025-yilda esa “Cowboy Carter” albomi unga yana uchta mukofot olib kelib, umumiy hisobni 35 taga yetkazdi. Eng muhimi, xonanda nihoyat “Yil albomi” nominatsiyasida ilk bor g‘alaba qozondi.
“Cowboy Carter” yana bir tarixiy natijani qayd etdi: Beyonse “Eng yaxshi kantri albomi” nominatsiyasida “Gremmi” olgan ilk qora tanli ayol bo‘ldi. Shu tariqa u nafaqat pop va R&B, balki kantri musiqasida ham o‘z nomini tarixga yozdi.

