“5 egizakligini bilib “shokka” tushdim” – 5 egizak tugʻilgan xonadondan reportaj
Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Bekjonovlar xonadonida 2 qizdan keyin 5 egizak dunyoga keldi. Ulardan 2 nafari oʻgʻil, 3 nafari esa qiz. Egizaklarning otasi Ixtiyorjon Bekjonov Andijon shahridagi boʻyoq ishlab chiqarish korxonasida injener-metrolog lavozimida ishlaydi. U egizaklarni yaxshi parvarish qilish uchun astoydil harakat qilyapti.

“5 egizakligini bilib “shokka” tushdim” – 5 egizak tugʻilgan xonadondan reportaj
Andijon shahrida yashovchi Bekjonovlar oilasida ikki qizdan soʻng besh egizak dunyoga keldi. Ulardan ikki nafari oʻgʻil, uch nafari esa qiz. Egizaklarning otasi Ixtiyorjon Bekjonov Andijon shahridagi boʻyoq ishlab chiqarish korxonasida injener-metrolog lavozimida ishlaydi. U egizaklarni yaxshi parvarish qilish uchun astoydil harakat qilmoqda.
Qoʻni-qoʻshnilar koʻchalarni bezatib, egizaklarning shifoxonadan chiqishini katta tantanalar bilan kutib olishdi. Chaqaloqlarning otasi egiz farzandlariga taglik va qoʻshimcha ozuqa tashish bilan band. Biz xonadonga borgan kun ham baxtiyor otani chaqaloqlari uchun koʻplab taglik va maxsus ozuqa olib kelayotganida uchratdik.
“5 egizakligini bilib yigʻladim…”
“Ikki qizning otasi edim. Yaratgandan oʻgʻil farzand soʻrab iltijo qilardim. Turmush oʻrtogʻimning homiladorligini bilib tekshirtirdik. Boshida shifokorlar 3 yoki 4 egizak tugʻiladi deyishgan. Juda hayron boʻldik. Oʻzimda yoʻq xursand edim. Bir tomondan egizak farzandlar otasiga aylanishimga ishongim kelmasdi.
Oradan ikki hafta oʻtib yana boshqa bir shifokor qabuliga bordik. U yerda homila 5 egizakdan iborat ekani haqida aniq aytishdi. Kutilmagan holatdan koʻzimga yosh keldi. Uyga kelib bu haqda onamga ham aytdim. Onam ham yigʻlab yubordi...
Orada tez-tez UZIlarga borib, bolalarning holatini kuzatib turdik. Shifokorlarning aytganini qilib, turmush oʻrtogʻimni asabiylashtirmaslikka harakat qildik.
Tugʻilish payti ham ajoyib boʻldi-da. Hali tugʻilishiga erta edi. Oʻttiz toʻrt haftada tugʻilishi kerak ekan, oʻttiz bir hafta besh kun deganda shifoxonaga borgandik. 6-iyul kuni soat 5:30 lar atrofida shifokor Sohiba opa “Qulluq boʻlsin!” deya hayajonlanib qoʻngʻiroq qildi. 2 oʻgʻil, 3 qiz egizaklarim eson-omon tugʻilganini eshitib allanechuk boʻlib ketdim. Oʻtirib olib rosa yigʻladim...
Boshida egizaklarimni bir-biridan ajrata olmadim. Endi hozir yaxshi ajratyapman. Katta oʻgʻlim Muhammadzayd esli, bosiq, hadeganda yigʻlayvermaydi. Qolganlari injiq, ajratib olaman. Katta qizim Musfira qovogʻini koʻp soladi, uchinchi qizim Safinurim oppoq, shundan tanib olaman. Muhammadzaydim bilan Muhammadmironimni ajratishga biroz qiynalaman.

