Bevaqt vafot etgan aktyor, uzoq kutilgan to‘y, reyting uchun kurash — Turk seriallari olamidagi yangiliklar

Bevaqt vafot etgan aktyor, uzoq kutilgan to‘y, reyting uchun kurash — Turk seriallari olamidagi yangiliklar
Turk seriallari olamida yana bir hafta voqealarga boy kechdi. Yangi loyihalarning bosh rollari belgilandi, mashhur aktyorlar uzoq kutilgan to‘ylarini nishonladi, san’at ahli esa og‘ir yo‘qotish bilan yuzlashdi. Shu bilan birga, reytinglar uchun kurash ham tobora keskinlashmoqda. Keling, turk shou-biznesida so‘nggi yetti kun ichida nimalar yuz berganini birgalikda eslab chiqamiz.
Yaqin kunlarda “Qurg‘oqchil yoz” nomli yangi turk serialini suratga olish ishlari boshlanadi. Ushbu kinokartina Nejoti Jumalining mashhur romani asosida ekranlashtirilgan. Bosh rollarni Mert Ramazon Demir va Lizge Jo‘mert ijro etishi ma’lum bo‘ldi. Avvalroq Mert Ramazon qahramoni Usmonning akasi rolini Kaan Urganjio‘g‘li o‘ynashi mumkinligi haqida xabar berilgan edi, biroq keyinroq Hasan obrazini ekranlarda “Qizil sharbat” serialida Firuz rolini o‘ynagan Botuxon Bo‘zqurt Yuzyulech gavdalantirishi aniq bo‘ldi.
O‘tgan hafta turk shou-biznesi olami biryo‘la ikkita bo‘ydog‘i bilan xayrlashdi. Avvaliga Cheshme shahrida Serkay Tutunju dabdabali to‘y o‘tkazdi. Ikki yil avval tanishgan Zeynep Bastik uning rafiqasiga aylandi. Turk aktyori sevgilisiga Parijda turmush qurish taklifini bildirgan edi.
To‘rtinchi sentyabr kuni esa Burak Yoruk va Tuana Yilmaz to‘y suratlarini e’lon qildi. Tantana Italiyaning Rim yaqinidagi Tivoli shahrida bo‘lib o‘tdi. Marosim tarixiy San-Bernardino saroyida o‘tkazildi.
Turkiyalik aktyorlar Mustafo Serhat Qilichning bevaqt vafoti munosabati bilan uning oilasiga hamdardlik bildirishda davom etmoqda. Hozirda ushbu holat yuzasidan “shubhali o‘lim” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Marhum aktyorning sevgilisining aytishicha, Qilich so‘nggi kunlarda bo‘yin umurtqasidagi churra tufayli kuchli og‘riqlardan shikoyat qilgan va oxirgi bir necha kun davomida aloqaga chiqmagan. Mustafo Serhatning jasadini aynan O‘zlem Esmergul topgan. Turk seriallari yulduzining ko‘plab hamkasblari, do‘stlari va tanishlari uning xotirasini yod etib, aktyorning o‘limi o‘rni to‘lmas yo‘qotish ekanini ta’kidladi.
“Olis shahar” serialining uchinchi mavsumi premyerasi 14-sentyabrda bo‘lib o‘tadi. Biroq tomoshabinlar ikkinchi mavsumning so‘nggi qismini 7-sentyabrda ko‘rishlari mumkin. Ayrim turk seriallari muxlislarining fikricha, “Olis shahar” ijodkorlari final qismini ataylab takroran namoyish etishmoqda, negaki aynan shu kuni “Nikoh” nomli yangi serial premyerasi bo‘lib o‘tadi. Reytinglar uchun shiddatli kurash boshlanmoqda.

