Layfstayl

Sevinch Mo‘minova sabab roldan quruq qolgan, bir avtomobil narxidagi gonorar olgan, salbiy obrazlar bilan tanilgan Jamila G‘ofurova 42 yoshda

Sevinch Mo‘minova tufayli roldan quruq qolgan, bir avtomobil bahosidagi gonorar olgan, salbiy obrazlari bilan tanilgan Jamila G‘ofurova 42 yoshda

Kinodagi ilk rolini Sevinch Mo‘minova “ilib ketgan”, baxtini ikkinchi turmushidan topgan, hozirda to‘rt farzandning onasi bo‘lgan iste’dodli kino va teatr aktrisasi Jamila G‘ofurova 9-sentyabr kuni 42 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan uning hayoti va ijodiy yo‘liga nazar tashlaymiz.

### Onam biz sabab karyerasidan voz kechgan

Aktrisa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xonanda Shukur G‘ofurov oilasida tug‘ilgan. Otasi opera xonandasi bo‘lgani sababli ularning uyiga ko‘plab san’atkorlar kelib turardi. Jamila G‘ofurova ham qo‘shiq aytish va raqsga tushishga qiziqqan.

Biroq ketma-ket farzandli bo‘lgani va dadasi ko‘p gastrol safarlarida yurgani uchun karyerasidan voz kechishga majbur bo‘lgan.

“Esimni taniganimdan boshlab raqs tushishni va qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘rardim. Ammo ota-onam negadir xonanda bo‘lishimni istashmadi. Hozir musiqa maktabida o‘qimaganimga afsuslanaman.

Ba’zan buning uchun ota-onamdan ranjigan paytlarim ham bo‘lgan. Onam negadir aktrisa bo‘lishimni orzu qilgan. Shu bois 14 yoshimdan ‘O‘zbekfilm’da o‘tkaziladigan kastinglarga olib borgan”, deydi aktrisa Jamila G‘ofurova.

### Sevinch Mo‘minova rolni ilib ketgan

Aktrisa debyut rolga tasdiqlanishi qiyin kechgani va to‘laroq bo‘lgani uchun bu rolni Sevinch Mo‘minova olib ketgani haqida gapirib bergan.

“Meshpolvon” deb nomlangan bolalar uchun ishlangan filmning kastingidan o‘ta olmaganman. Undan so‘ng 16 yoshimda “Dilxiroj” deb nomlangan filmga Alisher Hamroyev, Sevinch Mo‘minovalar bilan birga kelganman. O‘shanda to‘lachaligim uchun bosh rolga olishmagan.

“Dilxiroj” filmida kasting ham bo‘lmagan, “Siz qaysi rolga keldingiz”, deyishganida “Bosh rolga keldim, bosh rolni o‘ynayman”, deganman. O‘shanda rejissyor “Jamila, agar bosh rolni o‘ynamoqchi bo‘lsangiz, ozishingizga to‘g‘ri keladi, siz ozgina to‘lachasiz”, degan edi. Haqiqatan ham to‘lacha qiz edim, bosh rolga ham to‘g‘ri kelmas edim, biroq kim o‘zini “men to‘laman, bosh rolga ham to‘g‘ri kelmayman”, deb aytadi.

Suratga olish ishlari Surxondaryo viloyatida bo‘lgan edi. Tasvirga olish ishlari qirq kun davom etgan bo‘lib, mening rolim dastlabki kunlardayoq o‘tib bo‘lgan, ikki sekundlik rol edi. O‘sha filmda gapirgan gapim hozir ham esimda — “Bor, yo‘qol, mishiqi” so‘zlaridan iborat jumla edi. Rolimni o‘ynab bo‘lgandan so‘ng ham ketmasdan, rejissyorga “U-bu o‘tib ketadigan joylari bo‘lsa, o‘ynarman”, deb suratga olish maydonchasidan ketmasdan, qirq kun qolganman”, deydi Jamila G‘ofurova.

### “Syomkalar sabab akademik ta’til olganman”

Jamila G‘ofurova filmlarda epizod rollarni ijro etib yursa-da, maktabni tugatgach san’at institutiga hujjat topshirmaydi. Ammo keyinchalik bu qaroridan afsuslanadi.

“U institutga nega hujjat topshirganimni haligacha tushunmayman. Ba’zan suratga olish ishlari ko‘payib ketgani yoki boshqa sabablarga ko‘ra akademik ta’til olishimga to‘g‘ri kelardi. Shartnoma asosida o‘qiganman, mendan keyin singlim ham to‘lov asosida o‘qishga qabul qilingan. O‘qishimiz ota-onamga oson kechmagani aniq. Oradan ancha yil o‘tib, 2012-yili O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga hujjat topshirganman. Ammo aktrisalik yo‘nalishida emas, rejissyorlik bo‘yicha tahsil olganman”, deydi aktrisa Jamila G‘ofurova.

### “Eng ko‘p olgan gonorarim”

Aktrisa “Faryod” filmida katta gonorar olgani va shu roli sabab mashinali bo‘lgani haqida so‘zlab bergan.

— Avvallari eng ko‘p gonorar oladigan aktrisa men bo‘lganman. Filmlarda rol ijro qilishim uchun bitta mashinaning pulini olganman, bugungi kunga hisoblaydigan bo‘lsak, o‘sha pulga bitta Spark avtomashinasini sotib olish mumkin edi. U filmning nomini ham aytishim mumkin, film “Uzuk” deb nomlangan edi.

“Faryod” filmidan juda katta gonorar olganman. “Faryod” filmi yaxshi chiqqani uchun film prodyuserlari kelishgan holda menga Nexia sovg‘a qilgan edi. O‘sha Nexia mening birinchi mashinam bo‘lgan edi, deydi Jamila G‘ofurova.

### “Baron” sabab puldan quruq qolganman

Jamila G‘ofurova salbiy rollarni ijro etishdan qo‘rqmaydigan aktrisalardan biri. U “Baron” filmidagi roli sabab odamlarning nafratiga uchragani va yaxshigina mablag‘dan quruq qolgani haqida gapirdi.

— “Baron” filmiga taklif etishganda onamga ssenariyni o‘qitdim. Qo‘rqib ketdim, rolni rad etmoqchi bo‘lib turganimda onam “Aktrisa har qanday rolni ijro etishi kerak, nega ikkilanyapsan? Bu rolni ham kimdir ijro etishi kerak-ku”, dedi. Ana shu gapdan keyin rolni ijro etishga rozi bo‘ldim. Ammo film premyerasidan keyin shirinlik firmasidan yaxshigina mablag‘ga reklama taklif etishdi. Rejissyor bilan firma rahbarining oldiga borganimizda meni ko‘rib “Yo‘q, bu aktrisa mahsulotlarimizni reklama qilishini istamayman. Axir u jiyanini sotib, opasini o‘ldirgan-ku”, dedi. Xullas, “Baron”dagi rolim sabab yaxshigina mablag‘dan quruq qolganman, deydi aktrisa Jamila G‘ofurova.

### “O‘zingizga o‘xshamay qolibsiz”

Aktrisa 16 yil avval turmush qurgan. Bu nikohdan Shirina ismli qiz farzandli bo‘lgan. Ammo ancha yilgacha turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganini sir tutgan. Keyin negadir ekranlarda umuman ko‘rinmay qolgan.

Foto: Instagram — Farzandli bo‘lganimdan keyin ancha to‘lishganman. Bu o‘zimga ham qator noqulayliklarni tug‘dirgan. Shunday kunlar ham kelganki, rejissyorlar vaznim ortgani uchun rollar bermay qo‘yishdi. Shundan keyin ozishga jiddiy ahd qildim. Ozganimdan keyin esa “O‘zingizga o‘xshamay qolibsiz”, deganlar ham bo‘ldi. Xullas, odamlarga birdek yoqish qiyin. Muhimi, inson o‘zini sevsa va o‘ziga qulay sharoitda yashasa bo‘ldi, deydi aktrisa Jamila G‘ofurova.

### Erim ko‘chada “zvezda”

Aktrisa 2020-yili uchinchi bor ona bo‘ldi. Ammo u kunga qadar ommaga oila qurgani haqida sir saqlagan edi. U intervyularining birida turmush o‘rtog‘i san’atdan yiroq sohada faoliyat yuritishi va o‘ta rashkchi inson ekanini aytib o‘tgandi.

Foto: Instagram — Turmush o‘rtog‘im o‘qimagan, ammo omadli inson. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. O‘zim ikkita institutni tugatganim uchun turmush o‘rtog‘im ham tahsil olishini istayman. Uning o‘ziga yarasha olami bor. U ko‘chada “zvezda”. Oilamni, farzandli bo‘lganimni sir saqlaganim yo‘q. Faqat ayni karantin avj olgan paytda o‘g‘il farzandli bo‘ldim. Karantin sabab tug‘uruqxonadan ham oddiygina libos va maxsus pardoz-andozsiz chiqishimizga to‘g‘ri keldi. Marosimlarni ham oila davrasida, kamtarona qilib o‘tkazishga qaror qildik. Shu bois bu xabarni e’lon qilishga ham zarurat tug‘ilmadi, deydi aktrisa.

Aktrisa ayni kunda nafaqat kinoda, balki teatrda ham faoliyat yuritadi. U Sayfiddin Meliyev rejissyorligida tashkil etilgan “Turon” teatr studiyasida ishlaydi.

### “O‘zimga insof so‘rayman, ba’zi harakatlarimni to‘g‘rilashim kerak”

Jamila G‘ofurova avvallari sho‘x-shodon bo‘lgan bo‘lsa-da, endilikda onalik va ayollik vazifalarini to‘liq ado etayotganini aytadi. U yil sayin ulg‘ayib borayotgani va farzandlari onasi haqida yomon gap eshitmasligi uchun harakat qilishi haqida quyidagicha so‘zladi.

Har kuni o‘zimga yoqmaydigan bir xatoyimni to‘g‘rilab borishga harakat qilaman va Allohdan boshqalarga emas, o‘zimga insof so‘rayman. Qizlarimning orqasidan sovchi kelishini, o‘g‘illarim do‘stlarining yonida bosh ko‘tarib yurishini o‘ylayman. Ulg‘ayayotganim o‘zimga juda yoqyapti, juda ham. Qaniydi, hozirgi o‘ylovim 20 yil avval bo‘lganda edi.

Kun kelib to‘rtta farzandning onasi bo‘lishimga, uyda o‘tirib bugun o‘zi qaysi kun, qaysi sana deb qolishimga hech ishonmasdim. Sababi tinib-tinchimaydigan, syomkalardan ortmaydigan, bir tadbirdan chiqib ikkinchisiga yuguradigan qiz bo‘lganman. Ammo tunda farzandlarimning uxlab yotganini ko‘rish juda yoqimli, shu kunlarga yetib kelganimga behisob shukr qilaman, deydi Jamila G‘ofurova.

### “Farzandlarim dadasidan qo‘rqadi, bu menga yoqadi”

Aktrisa turmush o‘rtog‘i, uning kimligi va shaxsiyati haqida gapirishni yoqtirmaydi, ammo o‘zining suyukli rafiqa, sevimli ona va og‘ir-bosiq uy bekasi bo‘lishida erining o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. U nafaqat o‘ziga turmush o‘rtoq, balki qizi Shirina uchun ham uni o‘z farzandidek ko‘radigan ota tanlashi kerak bo‘lgan.

Bu qo‘rquvda yashayman, degani emas, ularni hurmat qilaman. Aynan shu jihatlar menga ko‘p asqatadi — uyga kirib kelganlaridan so‘ng farzandlarim 99 foizga o‘zgaradi, uyimizda boshqa muhit paydo bo‘ladi. Rosti, o‘sha vaqtda men dam olaman. Farzandlarim dadasidan qo‘rqadi, bu menga yoqadi. Uyimizdagi har bir ish erimning roziligi bilan bo‘ladi.

Biz oilada besh farzand bo‘lganmiz, ko‘pchilikning ichida katta bo‘lganim sababli o‘zimning oilam ham katta bo‘lishini xohlardim. Mana turmushga chiqdim, farzandlarimni ko‘paytirdim. Erim qattiqqo‘lligini aytdim, hadeb urush-janjal bo‘laversa, oila ajrashib ketishi mumkin. Jahli tez deb ajrashib ketavermayman-ku. Shu sababli biz kelishib olganmiz — erim jahlda payti men og‘irroq bo‘lib turaman.

Erkaklar san’atkor ayolga uylanayotganda uning san’at vakili ekanini bilib uylanadi-yu, ammo keyinchalik baribir ayolini o‘zgartirmoqchi bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘imga meni o‘zgartirishga harakat qilmang, men sizni boringizcha qabul qilib yashab kelyapman-ku, deyman. Meni o‘zgartirishga urinmang, meni borimcha qabul qilsangiz, biz judayam chiroyli oila bo‘lamiz. Men o‘zimni yaxshi his qilaman, siqilmayman, bolalarga ham yetarli mehrimni beraman va o‘z ishimni ham sevib qilaman — qarabsizki, mendan baxtli ayol yo‘q, deb ko‘p takrorlayman, dedi aktrisa.

### “Qizim va turmush o‘rtog‘imning munosabatiga aralashmayman”

Aktrisa turmush o‘rtog‘i va qizining munosabati avval va bugungi kunda qay darajada ekani haqida gapirdi.

Otasi ham bundan ranjib, “Qizim-ku axir, ota bo‘lib ozroq gapirsam nima bo‘libdi? Aksincha, urishmasam o‘gay bo‘lib qolaman-ku”, derdi. Bu bir necha yil avvalgi holat. Yashirmayman, o‘sha paytlarda siqilib qolgandim. Ammo hozir qizim 16 yosh bo‘lsa-da, katta qizlardek fikrlaydi. Nima bo‘lgan taqdirda ham men uchun bu inson Shirinaning otasi, 7-8 yoshidan beri shunday bo‘lib kelgan. Birga yashaymiz, munosabatlariga ko‘p ham aralashavermayman, oddiy ota-qiz munosabati.

Shirina qizimni 25 yoshimda dunyoga keltirganman, yaxshiyam shu qizimni tug‘gan ekanman deyman. Kichik ukasini hozir o‘zi katta qilyapti, menga yordamchi. Shu qizim uchun ham uka va singillarini tug‘ganman, kun kelib jigarlar kerak bo‘ladigan paytda nega mening uka-singlim yo‘q, deb mendan o‘ksimasin degan o‘y bo‘lgan, deydi to‘rt farzandning onasi Jamila.

### “Tug‘uruq vaqtida yuragim to‘xtab qolgan”

Jamila G‘ofurova 2024-yil 23-mart kuni to‘rtinchi bor ona bo‘ldi — o‘g‘il farzandli bo‘ldi. Ammo bu baxt aktrisaga oson kelmagan, u bir o‘lib, tirilgan.

Men borgan tug‘uruqxonadagi shifokorlar Allohning izni bilan menga ikkinchi marta hayot berdi. Shunchalik og‘ir ahvolda shifoxonaga borgandimki, 5-10 daqiqaga yuragim to‘xtab qolgan. Hushimdan ketgandim, o‘sha paytdagi hamma gapni ham eslolmayman. Ammo bir gap aytishgan: “Bu sanani eslab qoling, Jamila, bu sizning tug‘ilgan kuningiz”. 23-martda men qaytadan “dunyoga keldim”. Hozir qanchalik kuchli shifokorlar menga yordam berganini o‘ylab, ulardan doim minnatdor bo‘lib kelaman. O‘sha vaqtlar yaqinlarim meni yolg‘izlatib qo‘ymadi, turmush o‘rtog‘im, otam va ikkinchi onam, ya’ni dadamning ikkinchi ayoli, akam va kelinoyim, dugonalarim kelib holimdan xabardor bo‘lib turishdi. Depressiyaga tushib qolishimga oz qolgandi, ammo meni bu holatga tushishimga jim qarab turishmadi, ularning barchasidan minnatdorman, deydi aktrisa Jamila G‘ofurova.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.