Layfstayl

Shahzoda Matchonova 39 yoshda: liftda yolg‘iz qolishga qo‘rqadigan, diplomat bo‘lishi kutilgan, ukasidan xafa bo‘lgan aktrisa haqida

Shahzoda Matchonova 39 yoshda: liftda yolg‘iz qolishdan cho‘chiydigan, diplomat bo‘lishi kutilgan, ukasidan ranjigan aktrisa haqida

Shahzoda Matchonovaning huquqiy bilimlari va chet tillarini mukammal bilishi uning kelajakda diplomat bo‘lishiga ishora qilardi. Biroq, kutilmagan tasodiflar tufayli u aktrisalik kasbiga kirib keldi va hayoti butunlay o‘zgardi. Bu yil 8-avgust kuni 39 yoshga to‘lgan aktrisaning taqdiri bunga yorqin misoldir.

Qoraqalpog‘iston xalq artisti nabirasi haqida

Iste’dodli aktrisa Shahzoda Matchonova 1987-yil 8-avgustda Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida tug‘ilgan. U oilada uch farzandning o‘rtanchasi bo‘lib, akasi va ukasi bor. Aktrisa san’atkorlar oilasida ulg‘aygan; uning bobosi O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Boshqirdiston xalq artisti Bayram Matchonovdir. Bo‘lajak aktrisa o‘rta maktabni tugatgach, Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga kirgan. U aktrisa bo‘lish haqida umuman o‘ylamagan edi.

Foto: Instagram

— Men aktrisa bo‘laman, deb xayolimga ham keltirmaganman. Chunki bolalikdan yurist yoki diplomat bo‘lishni orzu qilganman. Bu yo‘nalishda tahsil olish uchun ko‘p o‘qish, nazariy bilimlarga ega bo‘lish kerak. O‘qish uchun Toshkentga kelganman va omadim kelib, talabalikka qabul qilinganman. Birinchi kursda o‘qiyotganimda kursdosh dugonalarim bilan Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatriga borganmiz. O‘sha yerda tasodifan Zulfiqor Musoqov bilan tanishib qolganman va u kishi meni kastingga taklif etgan. Qiziqib “O‘zbekfilm”da o‘tkazilgan kastingga borganman. Ammo meni rolga tasdiqlashmagan. “O‘zbek qizlariga o‘xshamaydi”, degan gapdan qattiq ranjiganman. Boshqa qizlardan kam emasligimni isbotlash uchun boshqa kastinglarda ishtirok etishga harakat qilganman, deydi aktrisa Shahzoda Matchonova.

Foto: Instagram

Uni kashf qilgan “Aprel-may”

Ilk muvaffaqiyatsiz kastingdan ko‘p o‘tmay, uni Zebo Navro‘zova rolga taklif qilgan. U Shohruxxon bilan birga bosh rolni ijro etgan.

Foto: Instagram

— Komila rolini ijro etishim qiyin kechmagan. Balki rejissyor ayol kishi bo‘lgani uchun bir-birimizni tushunib ishlagandirmiz. Filmning ba’zi sahnalari Moskvada suratga olingandi. Undan keyin “Qalbim o‘g‘risi” filmiga taklif qilishgan. Mana shu filmdan keyin tomoshabinlar ko‘proq taniydigan bo‘lishdi. Menga film voqealari bilan birga u yerdagi liboslarim ham juda yoqadi. Uni har safar ko‘rganimda ilk rolimda tajribasiz bo‘lganimni his qilaman, deydi aktrisa.

“Oila — yopiq hudud”

Aktrisa shaxsiy hayoti, xususan, ota-onasi va aka-ukalari haqida gapirishni unchalik istamaydi. Ommaga faqat aka-ukasi borligi ma’lum xolos. Faqatgina bir intervyusida ukasining bir gapidan qattiq ranjigani haqida aytib o‘tgan.

Foto: Instagram

— Bolalikka borib, ukam “Sen xunuk qizsan” degan. Mana shu gap ko‘nglimga og‘ir botgan. O‘sha paytda xafa bo‘lganman, ammo keyin unutib yuborganman. “Oilangiz haqida nega gapirmaysiz?” deb ko‘p so‘rashadi. Menimcha, oila yopiq hudud, uni ommaga oshkor etish shart emas, deydi u.

Shahzoda Matchonova ko‘plab xonandalarning klipida suratga tushgan

Shahzoda Matchonova san’at olamidagi faoliyati davomida ko‘plab xonandalarning klipida suratga tushgan. Botir Qodirovning “Yurak”, Sanjar Xoliqovning “Lolalar”, Jasur Mavlonovning “Dunyo ekan”, “Ummon” guruhining “Sen meniki emassan” kliplari shular jumlasidan.

Aktrisa ikkinchi turmushidan baxtini topgan

Foto: Instagram

Aktrisa Shahzoda Matchonova 2016-yilning 25-noyabr kuni Omar ismli yigit bilan oila qurgan edi. Yoshlarning nikoh oqshomi Toshkentdagi eng katta restoranlarning birida bo‘lib o‘tgan. Hatto u soxta kuyov ekanligi haqidagi gap-so‘zlar ham tarqalgandi. Shundan so‘ng aktrisa shaxsiy hayoti haqida gapirmadi, odamlarning e’tibori ham susaydi. Ammo aktrisa 2019-yili Instagram’dagi stories’larining birida “Ajrashganmisiz?” degan savolga “Ha” deb javob berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, aktrisa ikkinchi bor oila qurgan va 2021-yilda Raniya ismli qizaloqni dunyoga keltirgan.

Qanday erkaklarni yoqtirmaydi?

Maftunkor aktrisa qanday toifadagi erkaklarni hurmat qilmasligi haqida ham aytib o‘tgan.

Foto: Instagram

— Erkak kishi va’da berdimi, har qanday sharoitda ham unga amal qilishi kerak. Va’dasining ustidan chiqmadimi, demak, undan har qanday ishni kutish mumkin. Va’dasida turadigan va qat’iyatli erkaklarni hurmat qilaman, deydi aktrisa.

“Liftga yolg‘iz chiqishdan qo‘rqaman”

Shahzoda Matchonovaning ham fobiyasi bor. U yopiq hududlardan qo‘rqishi haqida aytib o‘tgan.

Foto: Instagram

— Masalan, yolg‘iz liftga chiqishdan qo‘rqaman. Xuddi nafasim qisayotgandek, hozir qandaydir ko‘ngilsizlik sodir bo‘ladigandek tuyuladi. Undan keyin notanish xonalar ham menda qo‘rquv uyg‘otadi, deydi aktrisa.

Bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazadi?

Har bir insonning sevimli mashg‘uloti bo‘ladi. Xo‘sh, aktrisa Shahzoda Matchonova bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazadi?

Foto: Instagram

— Shoping qilish jon-u dilim, ammo rejasiz nimadir xarid qilishni yoqtirmayman. Do‘konlarga albatta, aniq maqsad bilan boraman. Bundan tashqari kitob o‘qishni, raqs tushishni yaxshi ko‘raman. Internetga ham asosan psixologik maqolalarni o‘qish uchun kiraman, deydi aktrisa. Shunisi ham e’tiborliki, aktrisa ingliz, rus va turk tillarida yaxshi so‘zlashadi.

“Oshxonani yomon ko‘raman”

Aktrisa oshxonani yomon ko‘rishi va taom tayyorlashni unchalik yoqtirmasligini yashirmaydi.

Foto: Instagram

— Haqiqatan ham oshxonadan uzoq insonman. Ovqat qilishni avvaldan yoqtirmasdim, hozir ham xuddi shunday. Balki, bu taomlarga unchalik o‘ch bo‘lmaganim uchundir, deydi u.

“Menga muxlislar tomonidan salbiy izohlar bildirilmaydi”

Ko‘plab film va kliplarda bosh rollarni ijro etgan, Instagram sahifasida ikki yarim mln obunachiga ega aktrisaga uning aytishicha, muxlislar tomonidan hech ham salbiy fikrlar bildirilmaydi.

— Menga nisbatan deyarli hech qanday salbiy izohni ko‘rmaganman, chunki internetda unchalik faol emasman. Agar doimo Instagram’da ko‘ringanimda edi, negativlar ham paydo bo‘lgan bo‘lardi. Aslida men atrofdagilarning fikri bilan yashamayman, ularning izohlariga ahamiyat bermayman, deydi aktrisa.

Foto: Instagram

Kino premyeralarni sog‘ingan Shahzoda Matchonova qachon kinoga qaytishi haqida

Aktrisa nima uchun so‘nggi yillarda ijod qilishdan to‘xtab qolgani haqidagi turli fikrlarga quyidagicha javob bergan:

— Menga keladigan juda ko‘p savollar aynan kino haqida: barcha qachon ekranlarga qaytishim, nima uchun yo‘q bo‘lib qolganimni so‘rab yozadi. Meni sog‘inganlarga katta rahmat, sizning xatlaringiz meni doim quvontiradi. Men ham barchangizni, premyeralarni sog‘inganman. Xudo xohlasa, kinoga qaytish niyatim bor, faqat aynan qachon ijodni boshlashim noma’lum, deydi Shahzoda.