Layfstayl

Yaxshi o‘qituvchilar va iliq xotiralar: O‘zbekistonliklar maktablar haqidagi sharhlarida nimalarni yozadi?

Yandex Maps tahlilchilari O‘zbekiston bo‘ylab maktablar haqida qoldirilgan 12 mingdan ortiq sharhni o‘rganib chiqdi. Foydalanuvchilar ko‘pincha o‘qituvchilar, muhit va bolalar uchun yaratilgan sharoitlarni qayd etgan, bitiruvchilar esa maktab yillari haqidagi xotiralari bilan bo‘lishgan.

**Yaxshi o‘qituvchilar va iliq xotiralar: O‘zbekistonliklar maktablar haqidagi sharhlarida nimalarni yozadi?**

Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan Yandex Maps tahlilchilari O‘zbekistondagi maktablar haqida foydalanuvchilar sharhlarda ko‘proq nimalarni yozishini o‘rgandi. Tahlilga mamlakat bo‘ylab davlat va xususiy maktablar, litseylar, gimnaziyalar, maktab-internatlar hamda boshqa ta’lim muassasalari haqida qoldirilgan, reytingi 4 va 5 ball bo‘lgan 12 mingdan ortiq sharh kiritildi.

Foydalanuvchilar ta’lim sifati bilan birga, ko‘pincha alohida o‘qituvchilar, maktabdagi muhit va bolalar uchun yaratilgan sharoitlarni ham alohida tilga oladi. Ba’zi sharhlar esa bolalik haqidagi kichik xotiralarga aylanadi.

O‘qituvchilar maktab haqidagi ijobiy taassurotni shakllantiruvchi asosiy omillardan biri sanaladi. Foydalanuvchilar sharhlarida pedagoglarning eng ko‘p qayd etiladigan uch jihati — kuchli, professional va bilimli ekani. Shuningdek, o‘qituvchilarga nisbatan yanada samimiy ta’riflar orasida mehribon va sevimli kabi so‘zlar ham uchraydi.

O‘quvchilar o‘qituvchilarga ko‘proq tushunarli darslar, bergan bilimi va qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildiradi. Ota-onalar esa farzandiga bo‘lgan e’tibor va mas’uliyatli munosabatni alohida ta’kidlaydi. Ko‘plab bitiruvchilar yillar o‘tsa ham ustozlarini iliq xotiralar bilan eslaydi.

Ikkinchi muhim mavzu — bolaning maktabda o‘zini qanday his qilishi. Sharhlarda eng ko‘p uchraydigan ta’riflar orasida individual yondashuv, shinamlik va do‘stona muhit bor.

Ota-onalar har bir bolaga alohida e’tibor qaratilishi haqida yozadi. Ayrim hollarda bolalarga maktab shu qadar yoqishi qayd etiladiki, ular darslar tugaganidan keyin ham uyga ketgisi kelmaydi.

Nostalgik sharhlar ham uchraydi. Foydalanuvchilar maktabdagi do‘stlari, tanaffuslar va o‘sha davrga xos mayda tafsilotlarni eslashadi. Ko‘pchilik maktabga “eng yaxshi xotiralar” uchun minnatdorlik bildiradi.

Sharhlarda maktab muhiti va yaratilgan sharoitlar ham tez-tez tilga olinadi. Xususan, ta’mirlash ishlari va ta’lim olish uchun yaratilgan yaxshi sharoitlar ko‘p qayd etiladi. Foydalanuvchilar maktablarni chiroyli, zamonaviy va toza deb ta’riflaydi. Muayyan obyektlar orasida esa ko‘pincha oshxonalar, basseynlar, futbol maydonlari va akt zallari tilga olinadi.

Ovqatlanish — alohida mavzu. Ko‘pincha maktabdagi taomlar mazali deb baholanadi. Ayrim foydalanuvchilar esa maktab oshxonasidagi sevimli bulochkalarini ham eslab o‘tgan.

Yandex Maps’da maktablar haqida sharh qoldiruvchilar orasida ushbu ta’lim muassasalarini 30−40 yil avval tamomlaganlar ham bor. Bunday sharhlarda maktab oddiy ta’lim muassasasi emas, balki inson hayotining bir qismiga aylanadi. Foydalanuvchilar paxta terimiga borgani, “Zarnitsa” musobaqalari va o‘z davridagi maktab hayotining boshqa lahzalarini eslaydi.

Ularda o‘qituvchilarga bildirilgan minnatdorlik, maktablarga aytilgan iliq so‘zlar va bitiruvchilarning xotiralari aks etgan. Ularning barchasi birgalikda shahar va maktab yillari haqidagi kichik hikoyalarni tashkil etadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.