BBC’ning oʻquvchilarga nisbatan jinsiy tegajogʻlik qilish ayblovlari boʻyicha surishtiruvidan soʻng maktab direktori hibsga olindi
Sobiq oʻquvchilar oʻz surishtiruvlarini boshlab, yillar davomida direktor tomonidan zoʻravonlikka uchraganini aytgan boshqa shaxslardan dalillar va koʻrsatmalar yigʻishdi.

BBC tomonidan oʻquvchilarga nisbatan jinsiy tegajogʻlik qilingani gumon qilinayotgan holat boʻyicha oʻtkazilgan surishtiruvdan soʻng direktor hibsga olindi
Oʻquvchilarga Abah nomi bilan tanilgan sobiq direktor Ahmad Imanuddin Sumar jinsiy tegajogʻlikda ayblandi
BBC Eye reportajidan soʻng Indoneziyadagi islom internat-maktabining sobiq direktori jinsiy tegajogʻlik boʻyicha surishtiruvda gumonlanuvchi deb topildi va politsiya tomonidan hibsga olindi.
Oʻquvchilarga Abah nomi bilan tanilgan Ahmad Imanuddin Sumar Lombok orolidagi «Abul Barokat» internat-maktabini boshqargan.
BBC World Service tomonidan unga qarshi jinsiy tegajogʻlik ayblovlari oshkor qilingani va sobiq oʻquvchilar ushbu daʼvolarni rasmiy organga yetkazish maqsadida qanday qilib dalillar toʻplagani koʻrsatilgach, politsiya ishni qayta ochdi.
Ushbu reportaj jamoatchilikning gʻazabiga sabab boʻldi va yana 12 nafar sobiq oʻquvchini politsiyaga koʻrgazma berishga undadi.
BBC Eye surishtiruvining markazida Zia nomi bilan tanilgan Ziadatur Rahma va Sukma Rohana Fajar ismli sobiq oʻquvchilar boʻlgan.
Ular oʻz surishtiruvini Zia sobiq sinfdoshi Yusron Azzahidiga 17 yoshida direktor unga jinsiy tajovuz qilganini aytganidan soʻng boshlashgan. Ikkalasi ham maktabning aʼlochi oʻquvchilari boʻlishgan.
Zia Yusronga bu sirini ochgan paytda, u Misrning Qohira shahrida, Yusron esa Jakartada tahsil olayotgan edi.
Yusron Zianing ayblovini tasdiqlash uchun dalillar toʻplashni taklif qildi. Sobiq sinfdoshlari bilan gaplashish jarayonida ular Sukma bilan bogʻlanishdi, Sukmaning aytishicha, Abah maktabda uni zorlashga uringan.
Yusron ayblovlar bayon qilingan yetti sahifali hujjat tayyorladi va ular buni maktabni boshqargan Nahdlatul Vatan Diniya Islamiya (NWDI) tashkiloti vakillariga topshirishdi.
Maktab ularni qoʻllab-quvvatlaydi deb ishongan oʻquvchilarning aytishicha, buning oʻrniga ularga ayblovlarni qaytarib olish uchun bosim oʻtkazilgan.
Yashirincha yozib olingan telefon soʻzlashuvida Abah Yusronga yalinib, uni va obroʻsini himoya qilishni soʻraydi.
«Ustozingning aybini yop. Hamma ham xato qiladi, bolam», — deydi Abah.
Abah Zia bilan ham bogʻlangan, Zia esa ularning suhbatini yashirincha yozib olib, BBC’ga topshirgan.
Audioyozuvda Abahning kechirim soʻrayotgani, ammo undan indamay yurishni oʻtinib soʻrayotganini eshitish mumkin.
BBC surishtiruvidan soʻng, Abah matbuot anjumani oʻtkazib, barcha ayblovlarni rad etdi. U yozib olingan qoʻngʻiroqlardagi ovoz uniki ekanini inkor etmadi, ammo bu yozuvlar aybga iqror boʻlish emasligini aytdi.
Sukma BBC’ga oʻz daʼvolari yolgʻon ekani yozilgan qogʻozga majburan imzo chektirishganini aytdi. Keyinchalik u oʻquvchilarga Umi nomi bilan tanilgan Abahning xotini bilan suhbatni yashirincha yozib olgan. Audioyozuvda Umi Sukmaga ushbu hujjat «uning yaxshi nomini» himoya qilish uchun moʻljallanganini aytadi.
Shu kabi ishlar bilan shugʻullangan advokat Joko Jumadining yordami bilan sobiq oʻquvchilar adolatga erishish harakatlarini qayta boshlashdi.
BBC surishtiruvi eʼlon qilinganining ertasi kuni ota-onalar farzandlarini olib ketish uchun maktabga kelishdi, baʼzilari boshqa orollardan uchib kelishdi.
Onalardan biri yangilikni eshitganda qizini oʻylab yigʻlab yuborganini aytdi.
«Men uni hoziroq olib ketyapman», — dedi u. «Farzandimning bu maktabdan ketishini qatʼiy xohlayman».
Yusronning aytishicha, yaqinda turmush qurgan u va Zia sobiq oʻquvchilarning munosabatidan juda taʼsirlanishgan.
«Bu biz kutgandan ham ziyoda boʻldi», — dedi u. «Juda koʻp odamlar mobaynida biz bilan bogʻlanishdi — Instagramda, Vatsapda. Ular men va Zia bilan bevosita bogʻlanishdi va ularning koʻpchiligi: 'Men ham jabrlanuvchiman', deb aytishdi».
Politsiya Zia va Sukmani, shuningdek, jinsiy tegajogʻlik ayblovlari bilan murojaat qilgan yana 12 nafar sobiq oʻquvchini soʻroq qildi.
«Ular faqat oʻzlari shu ahvolga tushgan deb oʻylashgan — va xuddi men kabi, yolgʻiz emasliklarini bilish ular uchun juda hayratlanarli boʻldi», — dedi Zia.
Sukma bu ayblovlar endi jiddiy qabul qilinayotganidan yengil torganini va minnatdor ekanini aytdi.
«Bu oʻch olish haqida emas. Bu koʻproq uning qilgan ishi notoʻgʻri boʻlganini tan olishdir. Men uning buni oʻzi tan oladigan kunini kutyapman», — dedi u BBC’ga.
Abah maktabdagi lavozimidan ketdi va qonuniy jarayonni hurmat qilishini aytdi.
BBC dastlabki surishtiruv davomida Abah va uning xotini bilan bogʻlandi, ammo ular oʻsha paytda javob berishmadi.
NWDI ayblovlarni yashirishga uringanini rad etdi va buni ichki tartibda surishtirayotganini aytdi. Uning taʼkidlashicha, tashkilot alohida shaxslarning ehtimoliy harakatlaridan zarar koʻrishining oldini olish vazifasiga ega.
BBC surishtiruvidan soʻng, NWDI bunday tegajogʻliklar boshqa hech qachon takrorlanmasligiga vayʼda berdi va murojaat qilgan oʻquvchilarning huquqlarini himoya qilishini bildirdi.

