So‘nggi daqiqada berilgan ogohlantirish mingga yaqin nepallik o‘quvchining hayotini saqlab qoldi

**So‘nggi daqiqadagi ogohlantirish mingga yaqin nepallik o‘quvchining hayotini saqlab qoldi**
Nepalda sodir bo‘lgan ko‘chki va toshqinlar natijasida qurbonlar soni 903 nafarga yetdi. To‘rt mingga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan bir paytda, mingga yaqin o‘quvchining hayoti saqlab qolingan voqea Reuters agentligi e’tiborini tortdi.
Bu hodisa mamlakatning Bidur shahrida yuz bergan. Maktab hisobchisining o‘z vaqtida bergan ogohlantirishi tufayli ta’lim muassasasi fojiadan oldin evakuatsiya qilingan.
Voqea Tribhuvan Trishuli o‘rta maktabida sodir bo‘lgan. O‘sha paytda direktor Rajendra Davadi dars o‘tayotgan edi. Shu lahzada hisobchi xonaga shoshilib kirib, "Toshqin kelyapti, toshqin kelyapti!" deya baqirgan.
Hisobchi bu xabarni Rasuvadagi qarindoshidan olgan. Rasuva tabiiy ofatdan birinchi bo‘lib zarar ko‘rgan hududlardan biri edi. Shundan so‘ng maktab rahbariyati darslarni zudlik bilan to‘xtatib, o‘quvchilarni evakuatsiya qilishni boshlagan. Ularda buning uchun atigi 14 daqiqa vaqt bo‘lgan. O‘quvchilar muassasani shoshilinch tark etayotgan bir paytda, vodiy yuqorisidan ulkan loyqa suv oqimi pastga qarab harakatlanayotgan edi. U o‘z yo‘lida uchragan butun boshli aholi maskanlarini oqizib ketgan.
Dastlabki ogohlantirish berilgan paytda 1600 o‘quvchining qariyb 1000 nafari maktab hududida bo‘lgan. Direktor Davadining aytishicha, kamida bir o‘quvchi vahima sabab hushidan ketgan. Ota-onalar esa farzandlarini olib ketish uchun motosikllar bilan shoshilinch ravishda maktabga kelgan. Ayrim o‘quvchilar xavfsiz hududga avtobuslarda olib ketilgan, boshqalari esa piyoda yurib balandroq joylarga chiqqan. Taxminan 14 daqiqadan so‘ng, oxirgi avtobus yaqin atrofdagi ko‘prikdan o‘tib ulgurgan.
Maktab direktori muassasa toshqin sabab butunlay vayron bo‘lganini aytdi. U 2015-yilda Nepalda yuz bergan dahshatli zilziladan keyin qayta qurilgandi. O‘shanda tabiiy ofat qariyb 9 ming kishini hayotdan olib ketgan. Maktab Trishuli daryosi va gidroelektr kanali o‘rtasidagi tor hududda joylashgan.
Qariyb 1000 nafar o‘quvchining hayotini saqlab qolgan hisobchi o‘z ota-onasini qutqarish uchun darhol uyiga yugurgan. U otasini tepalikka olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Keyin esa onasini qutqarish uchun ortga qaytgan va dahshatli manzaraga duch kelgan: toshqin uning uyini oqizib ketgandi.
**Maktab qayta quriladi. Bu safar xavfsiz hududda**
Direktor Rajendra Davadining aytishicha, ushbu ta’lim dargohi uzoq yillik tarixga ega. Hatto uning o‘zi ham shu yerda tahsil olgan. Mulozim maktab imkon qadar tezroq, eng muhimi xavfsizroq hududda qayta qurilishiga umid bildirmoqda.
Nepalda yuz bergan ushbu tabiiy ofat qurbonlari soni ortib bormoqda. To‘rt ming nafarga yaqin insonlar bedarak yo‘qolgani aytilmoqda. Biroq o‘z vaqtida berilgan ogohlantirish halok bo‘lganlar ro‘yxatiga yana yuzlab bolalar qo‘shilishining oldini olgan.

