Barcha narsaga erishgan, biroq baxtni his etolmagan insonlar haqidagi 6 ta kitob

**Barcha narsaga erishgan, biroq baxtni his etolmagan insonlar haqidagi 6 ta kitob**
Biz muvaffaqiyatga erishgan odamlar haqida ko‘p eshitamiz: ular qanday qilib behisob boylikka ega bo‘ladi, e’tirof va shuhrat qozonadi, muhabbat topadi. Ammo natija zavq bermasa-chi? Bugun aynan shu muammo markazida turgan kitoblar haqida so‘z yuritamiz. Ularda farovonlik qahramonlarga xotirjamlik olib kelmaydi, ushalgan orzular esa yangi muammolarni tug‘diradi.
**“Martin Iden”, Jek London**
“Martin Iden” — Jek Londonning eng mashhur asari. Unda muvaffaqiyatga erishgan insonni qanday sinovlar kutishi mumkinligi bevosita ko‘rsatiladi.
Asarning markazida dengizchi Martin Iden turadi. U yuqori tabaqaga mansub qizni sevib qoladi va u bilan birga bo‘lish uchun har qanday yo‘l bilan iqtidorli yozuvchi sifatida shuhrat qozonishga qaror qiladi. Qahramon o‘zini kamol toptirish yo‘lida tinimsiz mehnat qiladi. Ammo muvaffaqiyatga erishgach, u jamiyatga, muhabbatga va hatto o‘ziga bo‘lgan ishonchini ham yo‘qotadi.
**“Sag‘ri teri tilsimi”, Onore de Balzak**
Muallifini chinakam mashhur qilgan yana bir mistik roman. “Sag‘ri teri tilsimi” Balzakka ilk shuhratni olib kelgan va hanuzgacha uning ijodidagi eng muhim asarlardan biri hisoblanadi.
Syujetga ko‘ra, kambag‘al, ammo shuhratparast Rafael sirli antiqa buyumlar sotuvchisiga duch keladi. Sotuvchi unga qudratli buyum — istalgan xohishni amalga oshira oladigan sehrli sag‘ri teri parchasini taklif etadi. Biroq tilsimning ishlashi uchun juda og‘ir shart bor: har bir amalga oshgan orzu evaziga teri parchasi egasining umridan yillar olib, tobora kichrayib boradi.
**“Eljernonga atalgan gullar”, Deniel Kiz**
“Hammaga qadrli bo‘lish” uchun boylik va shon-shuhratga erishish shart emas. Ba’zan Deniel Kizning mashhur “Eljernonga atalgan gullar” asaridagi kabi bitta katta orzuning ushalishi ham yetarli bo‘ladi.
Bosh qahramon — farrosh Charli Gordon aqliy rivojlanishdan orqada qolgan. U doimo boshqalarga o‘xshab o‘qishni va aqlliroq bo‘lishni orzu qilardi. Shu sababli u hech ikkilanmay eksperimental texnologiya — aql-zakovatni sun’iy ravishda oshirish operatsiyasiga rozi bo‘ladi. Bu usul avval faqat bir marta — Eljernon laqabli laboratoriya sichqonida muvaffaqiyatli qo‘llangan edi.
**“Buyuk Getsbi”, Frensis Skott Fitsjerald**
Fitsjerald “Buyuk Getsbi”da asosiy g‘oyani — odam hamma narsaga ega bo‘la turib, qanday qilib baxtga erisha olmasligini keng ko‘lamda ochib beradi.
“Bu hayotda yo ovchisiz, yo o‘lja”.
Aynan shu muammo romanning markaziy qahramoni Jey Getsbining boshiga tushadi. Iste’dodli ishbilarmon bo‘lgan Getsbi ulkan boylik orttiradi, Long-Aylendda aql bovar qilmas qasr qurdiradi va har dam olish kunlari u yerda g‘aroyib bazmlar uyushtiradi. U bularning barchasini yagona maqsad — sevgilisini qaytarish uchun qilgan edi. Biroq na sevgilisi, na boshqa birov unga mehr bilan javob qaytaradi.
**“Sarmoyador”, Teodor Drayzer**
“Sarmoyador” — Drayzerning amerikalik millioner Charlz Yerks tarjimai holiga asoslangan romani. Asar ulkan muvaffaqiyatning aksi sifatida boylik va nufuz bosh qahramonni baxtli qilmasligini, ko‘proq narsaga erishish istagi esa uni boridan ham mahrum etishini ko‘rsatadi.
Voqealar markazida filadelfiyalik iste’dodli sarmoyador Frenk Kaupervud turadi. U yoshligidan pul ishlay boshlaydi va asta-sekin shaharning eng yirik magnatlari davrasiga kirib boradi. Uning puli, oilasi, obro‘si va o‘z birja idorasi bo‘lsa-da, Kaupervud erishganlari bilan cheklanib qolmoqchi emas — u qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, doimo o‘zidan o‘zib ketishni istaydi.
**“Katta umidlar”, Charlz Dikkens**
“Katta umidlar” — Charlz Dikkensning so‘nggi romanlaridan biri bo‘lib, haqli ravishda uning ijodidagi eng yetuk asarlardan biri sanaladi. Unda muallif maqsad va unga erishish uchun to‘lanadigan baho mavzusidan tashqari, ulg‘ayish g‘oyasini ochib beradi, faqat moddiyatga sig‘inuvchi jamiyatni tanqid qiladi hamda yaxshilik har qanday qiyinchilikni yenga olishini ko‘rsatadi.
Asarda oddiy dehqon bolasi Pip hayotining bir necha bosqichi haqida hikoya qilinadi. U zodagonlar oilasidan bo‘lgan go‘zal, ammo badqovoq Estella bilan tanishadi. Yigit unga oshiq bo‘lib qoladi va endi uning asosiy maqsadi o‘z mahbubasiga munosib bo‘lish edi. Kutilmaganda u orzusiga erishadi: sirli bir homiy unga katta meros qoldiradi.

