Bir kunda o‘qilib, bir umrga yodda qoladigan 7 kitob

Bir kunda o‘qib tugatish mumkin bo‘lgan va umr bo‘yi yodda qoladigan 7 ta kitob
Ba’zan, ayniqsa dam olish kunlari, kitob o‘qishga vaqt va istak topiladi. Dushanba kelishi bilan kundalik tashvishlar yana ish girdobiga tortib ketadi va adabiyotga deyarli vaqt qolmaydi. Har kuni kitobga ozgina bo‘lsa-da vaqt ajratib, mutolaa odatini shakllantirish mumkin va hatto zarur. Biroq biz boshqa bir yechim topdik: bir kecha-kunduzda bemalol o‘qib chiqish mumkin bo‘lgan jahon adabiyotining 10 ta buyuk asarini jamladik.
**Stiven King — “Rita Xeyuort va Shoushenkdan qochish”**
“Rita Xeyuort va Shoushenkdan qochish” qissasi ko‘pincha “To‘rt fasl” to‘plamidan joy oladi, biroq uni alohida nashr holida ham topish mumkin. Asarning afsonaviy ekranlashtirilishi asl manbadan o‘zib ketgandek tuyulsa-da, kitobning o‘zi hamon butun dunyo kitobxonlari e’tiboriga loyiqdir.
Bu – Stiven Kingning noyob asarlaridan biri. Aytgancha, ko‘pchilik bu asar muallifi aynan King ekanini bilmaydi. Undagi qo‘rquv klassik xorror unsurlari yordamida emas, balki reallikning o‘zidan tug‘iladi. O‘z mohiyatiga ko‘ra dahshatli, og‘ir, chuqur va qisman falsafiy bu hikoyani bir kunda o‘qib tugatmaslikning deyarli iloji yo‘q.
**Agata Kristi — “O‘nta negr bolasi”**
Bu – Agata Kristi qalamiga mansub eng mashhur va sara detektiv asarlardan biri. Adabiyotshunoslarning ushbu kitobni yakdillik bilan shoh asar deb atashi bejiz emas, zero unda muallif o‘zini ham dog‘da qoldirgandek tuyuladi. Syujetning shiddatli rivojlanishi, kutilmagan burilishlar va taxmin qilish chindan ham mushkul bo‘lgan yakun. “O‘nta negr bolasi” shu qadar tez o‘qiladiki, hatto asarning ajoyib sovet ekranlashtiruvini tomosha qilishga ham vaqtingiz yetadi. Xullas, bu asarni har bir kitobxon, albatta, o‘qishi shart.
**Uolter Lord — “Titanik”ning so‘nggi tuni”**
Ushbu kitob “Titanik” halokatini real vaqt rejimida his qilishga yordam beradi – u Keyt Uinslet va Leonardo Di Kaprio bosh rollarni ijro etgan afsonaviy filmdan ancha haqqoniy va yorqinroqdir. Asar sarlavhasi 1912-yilning o‘sha mash’um tuniga ishora qiladi, voqealar esa ayni laynerning aysberg bilan to‘qnashgan lahzasidan boshlanadi.
Ma’lumki, “Titanik” 160 daqiqada cho‘kib ketgan – kitobdagi voqealar ham deyarli real vaqt rejimida kechadi, shu sababli uni bir o‘tirishda o‘qib chiqishingiz mumkin.
**Viktor Frankl — “Hayotga ha de”**
Avstriyalik psixiatr, psixolog va faylasuf Ikkinchi jahon urushi davrida konslagerda o‘tkazgan og‘ir va dahshatli kunlarini xotirlaydi. U butun tajribasini logoterapiya konsepsiyasi doirasida tahlil qilishga urinadi. Ehtimol, asardagi mudhish voqelik sizni kitobni bir necha o‘tirishda o‘qishga undar, biroq Frankl mohirona, qiziqarli va ancha ixcham yozgani uchun uni bir o‘tirishda tugatish ham mumkin.
Muallif xotiralarga chuqur berilmay, aksincha, o‘z tajribasini tadqiq etadi, uni qayta anglashga harakat qiladi va o‘quvchi bilan birgalikda dunyoqarashni tubdan o‘zgartiradigan asosiy savollarga javob izlaydi.
**Entoni Byorjess — “Murvatli apelsin”**
“Mexanik apelsin” shunday noyob asarki, uni o‘qib chiqish uchun xuddi shu nomdagi filmni tomosha qilishga ketadigan vaqtning o‘zi kifoya. Bu – zo‘ravonlik, tanlov erkinligi hamda inson irodasini jamiyat o‘rnatgan qoidalarga bo‘ysundirishga urinishlar haqidagi ancha dag‘al antiutopik rivoyat bo‘lib, bunga tayyor turish lozim.
Roman nafaqat syujeti, balki badiiy vositalari bilan ham qiziqarli. Bosh qahramon Aleks so‘zlashadigan to‘qima jargon – “nadsat”ga, grotesk detallarga va asar g‘oyalarini yanada o‘tkirroq ifodalashga xizmat qilgan birinchi shaxs tilidagi hikoyaga e’tibor qarating. “Murvatli apelsin” – jahon adabiyotining g‘ayrioddiy, og‘ir va ba’zan hatto qo‘rqinchli durdonasidir.
**Jorj Oruell — “Molxona”**
Asarning allegorik uslubi va bosh qahramonlarning g‘ayrioddiy tanlangani — qissadagi barcha personajlar hayvonlar ekani — uning jiddiylik darajasini sira pasaytirmaydi. Aslida, yozuvchi “1984” romanidagi fikrlarning ayni o‘zini bayon qiladi: siyosat, sinfiy tengsizlik, adolat, manipulyatsiya, propaganda. Bu asarni “bolalar kitobi” deb o‘ylamang: Oruell har bir inson mutlaqo o‘qishi shart bo‘lgan jahon adabiyotining eng sara durdonalaridan birini rang-barang, o‘ynoqi va quvnoq ohanglarda parda ortiga yashira olgan.
**Frans Kafka — “Evrilish”**
Avstriyalik yozuvchi Frans Kafka olamni va inson tabiatini anglashga yo‘l ochuvchi muhim falsafiy g‘oyalarni ortiqcha safsatabozlikka berilmay, lo‘nda ifodalash mahoratini puxta egallagan. Uning mashhur “Evrilish” asarini bir kunda bemalol o‘qib chiqish mumkin. Asar bosh qahramon Gregor Zamzaning kutilmaganda hasharotga aylanib qolgani haqidagi g‘ayrioddiy bir voqeadek tuyuladi. Aslida esa bu yolg‘izlik, begonalashuv, jamiyatdagi va umuman hayotdagi o‘z o‘rni kabi muhim masalalarni ko‘taruvchi nihoyatda chuqur qissadir. Frans Kafka bizni g‘aroyib, xayoliy olamga sho‘ng‘dirib, voqealarni absurd darajaga yetkazadi, biroq ayni paytda ataylab murakkablashtirilgan, “chiroyli” bayonchilikdan voz kechadi. Shu tariqa u mushohada uchun zamin yaratadi va, ehtimol, ilk bor inson tabiati haqida o‘ylab ko‘rishga imkon beradi.

