Bakalavriatda öqiş eng qimmatga tuşadigan mamlakatlar maʼlum böldi
Mahalliy talabalar uçun bakalavriatda bir yil öqiş tölovi mamlakatlarga qarab keskin farq qiladi. IHTT maʼlumotlariga asoslangan taqqoslaşda Angliya eng yuqori körsatkiçni qayd etgan - 13 135 dollar. AQŞda bu raqam 9 596 dollarni taşkil qiladi. Summalar mamlakatlardagi xarid qobiliyatini hisobga olgan holda AQŞ dollarida ifodalangan.

Bakalavriatda o‘qish eng qimmatga tushadigan mamlakatlar aniqlandi
Data Explained tayyorlagan infografikada 23 mamlakat bo‘yicha bakalavriatning bir yillik o‘qish to‘lovlari taqqoslangan. Unga Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining — IHTTning «Taʼlimga bir nazar - 2025» hisoboti asos bo‘lgan.
Hisobotdagi to‘lov maʼlumotlari asosan 2022/23 o‘quv yiliga tegishli, ayrim mamlakatlar uchun esa boshqa davr ko‘rsatkichlari olingan. Shuning uchun ularni joriy qabul mavsumidagi kontrakt narxlari sifatida talqin qilib bo‘lmaydi.
Taqqoslashda xarid qobiliyati paritetidan foydalanilgan. Bu usul mamlakatlardagi narxlar darajasini hisobga olib, turli valyutalarda belgilangan to‘lovlarni umumiy mezonda solishtirishga yordam beradi.
Ko‘rsatkichlar asosan davlat oliy taʼlim muassasalariga tegishli. Angliya bo‘yicha esa davlat mablag‘lari bilan qo‘llab-quvvatlanadigan xususiy muassasalar hisobga olingan.
Eng yuqori ko‘rsatkich Angliyada qayd etilgan. U yerda mahalliy talabalar uchun bakalavriatning o‘rtacha yillik to‘lovi 13 135 dollarga teng. Bu maʼlumot Buyuk Britaniyaning aynan Angliya qismiga taalluqli.
Ikkinchi o‘rindagi AQShda ko‘rsatkich 9 596 dollarni tashkil etadi. Ikki raqam o‘rtasidagi farq 3 539 dollar: Angliyadagi to‘lov AQShdagidan qariyb 37 foiz yuqori.
Infografikada uchinchi o‘rin Polshaga berilgan — 7 497 dollar. Biroq bu raqamni mamlakatdagi barcha mahalliy talabalar to‘laydigan summa deb tushunmaslik kerak. Polshada davlat oliygohlarining polyak tilidagi kunduzgi dasturlarida mamlakat fuqarolari uchun taʼlim bepul. To‘lov shartlari dastur va talabaning maqomiga qarab farq qiladi.
Keyingi o‘rinlarni Yaponiya, Kanada, Litva, Janubiy Koreya va Avstraliya egallagan. Ushbu mamlakatlar bo‘yicha keltirilgan yillik bakalavriat to‘lovi 5 108 dollardan 5 645 dollargacha bo‘lgan oraliqda. Eng yuqori ko‘rsatkichli o‘ntalikka Latviya va Yangi Zelandiya ham kirgan.
Germaniya va Fransiya uchun ko‘rsatilgan summalar ancha past — mos ravishda 157 va 252 dollar.
Belgiyada esa taʼlim tizimi qaysi til hamjamiyatiga mansubligiga qarab sezilarli farq bor. Fransuz hamjamiyatida ko‘rsatkich 433 dollar, Flamand hamjamiyatida esa 1 410 dollarga teng. Ikkinchi ko‘rsatkich birinchisidan qariyb 3,3 baravar yuqori.
IHTTning to‘liq hisobotida mahalliy talabalar uchun davlat oliygohlarida bakalavriat taʼlimi bepul bo‘lgan mamlakatlar ham keltirilgan. Ular qatoriga Daniya, Finlyandiya, Norvegiya, Shvetsiya va Turkiya kiradi. Shu bois Germaniya va Fransiyani butun tashkilot bo‘yicha mutlaqo eng arzon mamlakatlar deb atash to‘g‘ri bo‘lmaydi.

