BAA Netanyaxuni HAMASning 7-oktyabrdagi hujumi haqida bir necha kun oldin ogohlantirgan — OAV

BAA Netanyaxuni HAMASning 7-oktyabrdagi hujumi haqida bir necha kun oldin ogohlantirgan — OAV
Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti shayx Muhammad bin Zoid 2023-yilda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni HAMAS guruhi katta hujumga hozirlik ko‘rayotgani haqida bevosita xabardor qilgan.
G‘azodagi HAMASning o‘sha paytdagi yetakchisi Yahyo Sinvar operatsiya rejalashtirayotgani haqida BAA prezidenti hujumdan 10 kun avval Netanyaxuga ma’lum qilgan. Muhammad bin Zoid bu holat qon to‘kilishiga sabab bo‘lishi, mintaqani beqarorlashtirishi hamda “Ibrohim kelishuvlari”ga putur yetkazishini aytgan.
Shunga qaramay, Haaretz nashrining yozishicha, Netanyaxu bu ma’lumotga xotirjam javob bergan. U BAA prezidentiga Isroil har qanday vaziyatga tayyor ekanini va ehtimoliy hujum ko‘proq bosib olingan G‘arbiy sohildan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
2023-yil 7-oktyabr kuni HAMAS jangarilari qariyb 1200 kishini o‘ldirgan va 251 kishini garovga olgan. Shundan buyon G‘azo, Livan va Erondagi urushlarda yuzlab isroilliklar, asosan harbiylar, halok bo‘ldi.
Netanyaxu idorasi bu xabarni mutlaqo yolg‘on deb atadi. Idora Netanyaxu ko‘rsatilgan davrda BAA prezidenti bilan gaplashmaganini va undan hech qanday ogohlantirish olmaganini ma’lum qildi.
Netanyaxu 7-oktyabr voqealari yuzasidan rasmiy davlat tekshiruvi o‘tkazilishini rad etib kelmoqda. Uning idorasi BAA razvedka kanallari orqali zarur ma’lumotlar yetkazib turilganini ham qo‘shimcha qildi.
Oktyabr oyida Isroilda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. 7-oktyabr voqealari saylov kampaniyasining asosiy mavzusiga aylangan. Netanyaxuning asosiy raqibi, sobiq general Gadi Eyzenkot bosh vazirni HAMAS hujumi haqida o‘nlab ogohlantirishlarni e’tiborsiz qoldirganlikda ayblab, uni vazifasiga noloyiq deb baholadi.
Yana bir raqib Naftali Bennet esa minglab isroilliklarning o‘limiga olib kelgan muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlik Netanyaxuning zimmasida ekanini bildirdi. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotlari oqibatida shu kungacha 73 650 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.
Qaror AQSHning falastinliklarga qilingan hujumlarga chek qo‘yish bo‘yicha bosimi fonida qabul qilingan. Buzish ishlari qachon boshlanishi hozircha noma’lum.

