Layfstayl

Ayollarda ratsion gormonal fonga qanday ta’sir o‘tkazadi?

Ayollarda ratsion gormonal fonga qanday ta’sir qiladi?

Ovqatlanish ayollarning gormonal muvozanati hamda ruhiy holatini boshqarishda muhim rol o‘ynaydi. Omega-3 yog‘ kislotalariga boy mahsulotlar — losos va yong‘oq — “baxt gormoni” deb ataladigan serotonin ishlab chiqarilishini faollashtiradi, bu esa kayfiyatni yaxshilab, xavotirni kamaytiradi.

Murakkab uglevodlar, masalan, suli va butun donli non, qondagi qand miqdorini barqaror ushlab turishga yordam beradi va shu orqali kayfiyatning keskin o‘zgarishlarining oldini oladi. Oqsilli mahsulotlar esa organizmni gormonlar sintezi uchun zarur bo‘lgan aminokislotalar bilan ta’minlaydi.

Nima uchun gormonal muvozanat ayollar salomatligi uchun muhim?

Ayolning jismoniy, ruhiy va hissiy holati gormonal muvozanatga bog‘liq. Gormonlar hayz sikli, reproduktiv faoliyat, moddalar almashinuvi, uyqu sifati, quvvat darajasi va hatto kayfiyatni boshqaradi. Har qanday nomutanosiblik charchoq, kayfiyat o‘zgarishi, teri, vazn, jinsiy mayl va diqqatni jamlash bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin. Shu sababli ayollar salomatligini, jumladan ovqatlanish orqali qo‘llab-quvvatlash juda muhim.

Gormonlar kayfiyat va hissiy holatga qanday ta’sir qiladi?

Gormonlar tana a’zolari va tizimlari o‘rtasidagi aloqa vositasi hisoblanadi. Estrogen kayfiyatimiz va xotiramizga, progesteron esa bo‘shashish darajasiga ta’sir qiladi. Kortizol esa bevosita stress va xavotir darajasiga ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu va boshqa ko‘plab gormonlardagi eng kichik o‘zgarishlar ham uyqu, tashvish va tushkunlik bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Ayollar salomatligini tartibga soluvchi asosiy gormonlar

Ayol organizmiga ta’sir qiluvchi gormonlar ro‘yxati juda keng. Darajasini kuzatib borish zarur bo‘lgan eng muhim asosiy gormonlarni sanab o‘tamiz.

— Estrogen ayollarning asosiy jinsiy gormoni hisoblanadi. Aynan u hayz sikli, teri holati va hatto hissiy barqarorlikni ta’minlashga mas’uldir.

— Progesteron uyqu sifatini yaxshilaydigan bo‘shashish gormonidir.

— Testosteron ayol organizmidagi ko‘plab jarayonlarga, jumladan jinsiy mayl darajasi, umumiy quvvat va jismoniy faollikka ta’sir qiladigan gormondir.

— Insulin qondagi qand miqdorini nazorat qiladi. Bu gormon muvozanatining buzilishi moddalar almashinuvida turli muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

— Kortizol stress gormoni hisoblanadi.

Ovqatlanish gormonal muvozanatga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Biz iste’mol qiladigan oziq-ovqatlar gormonlarning kerakli miqdorda saqlanishi yoki ishlab chiqarilishiga yordam berishi, yoki aksincha, gormonal buzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Kundalik ovqatlanishimiz gormonlar ishlab chiqarilishi va ularning muvozanatini qo‘llab-quvvatlaydi yoki aksincha, buzilishlarga olib kelib, gormonal nomutanosibliklarni yuzaga keltirishi mumkin. Masalan, jinsiy gormonlar ishlab chiqarilishi uchun xolesterin zarur bo‘lsa, estrogen, progesteron va testosteron o‘rtasidagi muvozanatni saqlash uchun rux, magniy, D vitamini va B guruhi vitaminlari kerak bo‘ladi.

Shuningdek, ovqatlanish qondagi qand miqdorini boshqaradigan insulin darajasini saqlab turishda ham muhim ahamiyatga ega. Tez hazm bo‘ladigan uglevodlar, ya’ni pishiriq va shirinliklarni iste’mol qilish insulinning keskin ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Bu esa keyinchalik tuxumdonlar polikistozi sindromi va vazn ortishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ichak va uning mikroflorasi ham organizmning gormonal muvozanatiga ta’sir qiladi. Aniqroq aytganda, sog‘lom mikroflora estrogenning to‘g‘ri metabolizmini ta’minlaydi.

Ratsionga kiritishimiz kerak bo‘lgan mahsulotlar

Biz iste’mol qiladigan oziq-ovqatlar gormonlar muvozanatiga bevosita ta’sir qiladi. Ozuqa moddalarining yetishmasligi, haddan tashqari ovqatlanish, oqsil yoki yog‘larning tanqisligi — bularning barchasi gormonal holatni izdan chiqarishi va kayfiyatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Fitoestrogenlarga boy mahsulotlar

Fitoestrogenlar — ta’siri jihatidan estrogenlarga o‘xshash o‘simlik birikmalaridir. Bunday mahsulotlar, ayniqsa, hayz oldi sindromi davrida juda foydali. Ularga zig‘ir urug‘i, yasmiq va no‘xat, shuningdek kunjut urug‘i kiradi.

Omega-3 yog‘ kislotalari

Omega-3 ko‘plab gormonlar sintezida ishtirok etadi, shuningdek yallig‘lanish jarayonlarini kamaytiradi va kayfiyatni barqaror ushlab turishga yordam beradi, uning keskin o‘zgarishlarining oldini oladi. Yog‘li qizil baliq, yong‘oq va avokadoga e’tibor qarating.

Tarkibida kletchatka va antioksidantlar ko‘p bo‘lgan mahsulotlar

Kletchatka organizmga ortiqcha estrogendan xalos bo‘lishga yordam beradi. Shuningdek, unda hujayralarni oksidlanish stressidan himoya qiluvchi antioksidantlar mavjud. Kletchatka va antioksidantlarga boy mahsulotlarga dukkakli o‘simliklar, po‘stli sabzavotlar, zarchava va ko‘k choy kiradi.

Gormonal muvozanatni buzishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqatlar

Ayrim oziq-ovqatlar va ovqatlanish odatlari sezilmas tarzda gormonal muvozanatni izdan chiqarishi, buning natijasida hayz sikli, kayfiyat, teri holati va umumiy sog‘liqqa ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qayta ishlangan oziq-ovqatlar

Turli xil fastfudlar, kolbasalar, yarim tayyor taomlar, shirinliklar insulin miqdorini oshirib, husnbuzar va ortiqcha vazn paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday mahsulotlarda ko‘pincha transyog‘lar uchraydi, ular esa ko‘plab muhim gormonlar ishlab chiqarilishida ishtirok etuvchi qalqonsimon bez holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Spirtli ichimliklar va ortiqcha shakarning ta’siri

Spirtli ichimliklar va shakar ham ko‘pincha organizmda jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Spirtli ichimliklar jigar faoliyatini izdan chiqaradi, progesteron va kortizol ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Shakarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish esa qondagi glyukoza va insulin miqdorining keskin ko‘tarilishiga olib keladi, bu esa inson endokrin tizimiga ortiqcha yuk tushiradi.

Qizlar sog‘lom ovqatlanish ratsionini tuzishda nimalarni hisobga olishlari kerak?

Xulosa sifatida, ayollar uchun ovqatlanishni tanlashda e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan eng muhim jihatlarni yana bir bor takrorlaymiz.

1. Ovqatlanish gormonal muvozanatga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

2. Omega-3 yog‘ kislotalari, yog‘lar, kletchatkalar va fitoestrogenlar tanamizga foydali ta’sir etadi.

3. Haddan tashqari qayta ishlangan oziq-ovqatlar, aksincha, ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.