Boshqa

Axir u besh yoshda edi...

Men besh yoshlik paytimni eslasam, ko‘z oldimga shiftdan tushib ketgan qaldirg‘och bolasi keladi

Axir u besh yoshda edi...

Men besh yoshimni eslasam, ko‘z oldimga shiftdan tushib ketgan qaldirg‘och bolasi keladi. O‘shanda o‘sha mitti jonivorning taqdiriga chidolmay, bir necha kunlab achinib, ko‘z yosh to‘kkan edim. Besh yoshli bolaning idroki shunchalik beg‘ubor, shunchalik sof va rahmdil bo‘ladi. U dunyodagi har bir tirik jonning og‘rig‘ini o‘zinikidek his qiladi. Uning olami faqat mehrdan, ertaklardan va beg‘ubor orzulardan iborat.

Ammo bugun... Namangandagi o‘sha besh yoshli mitti farishtaning beg‘ubor olamini vahshiylarcha chil-chil qilishdi. Biz qaldirg‘ochning bolasi yerga tushsa yig‘laydigan tarbiyadan, o‘z go‘dagini himoya qila olmaydigan, jamiyatda maxluqlarni voyaga yetkazadigan darajaga qanday kelib qoldik?

Besh yosh — hali hayot nimaligini, yomonlik neligini bilmaydigan davr. Bu yoshda bolaning eng katta dardi o‘yinchog‘i sinishi yoki kapalakning uchib ketishi bo‘lishi kerak edi. Ammo qaysidir bir maxluqning nafsi sabab, bir murg‘ak qalbning butun umri, sofligi va bolaligi kuyib kul bo‘ldi. Bu zulm faqat u go‘dakka emas, butun insoniyatga, millatning yuziga tushirilgan qora dog‘dir! Mitti qaldirg‘och beg‘ubor bolalikning ramzi edi. Bugun esa o‘sha qaldirg‘ochning qanotlarini sindirishdi.

Bugun men yana o‘sha besh yoshli go‘dakdek hayronman va bir narsani aqlimga sig‘dirolmayapman: qanday qilib?

Qanday qilib inson bu vahshiylikka qo‘l urishi mumkin?! Bugun jamiyatimizdagi mana shunday iblislar borligi uchun, go‘daklarni himoya qila olmayotganimiz uchun, erkak bo‘lganimdan uyalaman va boshim yerga tekkuncha egik. Nomusi toptalgan farishtagina emas, bugun butun millatning vijdoni zo‘rlandi. Kechir bizni, bolajonim... Biz seni asrolmadik. Bu vahshiylikka jim turish — jinoyatga sherik bo‘lishdir! Maxluqlar eng oliy jazoga mahkum etilishi shart, toki yer yuzida besh yoshli qaldirg‘ochlarning qanoti boshqa hech qachon sinmasin!

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.