Avstraliyalik sobiq yepiskop yosh erkaklarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi
Brumning sobiq yepiskopi dunyodagi jinsiy zoʻravonlik ayblovlariga duch kelgan eng yuqori martabali katolik ruhoniylaridan biridir.

Avstraliyalik sobiq yepiskop Kristofer Sonders katolik ruhoniysi sifatida xizmat qilgan davrida ikki nafar yosh aborigen erkakka nisbatan jinsiy zoʻravonlik qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi.
Birinchi marta 2020 yilda nomaqbul xulq-atvor bilan ayblanganidan keyin Brum yepiskopi lavozimidan isteʼfoga chiqqan Sonders avgust oyida bir marta zoʻrlash va 12 marta uyatsiz harakatlar sodir etishda aybdor deb topilgan edi.
Chorshanba kuni 76 yoshli sobiq yepiskop olti yarim yilga ozodlikdan mahrum etildi, biroq u 2031 yilning fevralida shartli ravishda muddatidan oldin ozodlikka chiqish huquqiga ega boʻladi.
U dunyodagi jinsiy zoʻravonlikda ayblangan eng yuqori martabali katolik arboblaridan biridir.
Gʻarbiy Avstraliyadagi sud jarayonida sud Sonders ikki yosh yigitni tizimli ravishda oʻz tuzogʻiga ilintirgani, ularni «koʻylaksiz» yigʻilishlarga olib kelgani va koʻpincha cherkov pullari hisobidan sotib olingan hamda cherkovga tegishli mulklarda spirtli ichimliklar bilan taʼminlagani haqidagi koʻrsatmalarni tingladi.
U 2010 va 2019 yillar oraligʻida ushbu erkaklarni oʻpish va ularga shilqimlik qilishda, bir holatda esa ulardan birini oral jinsiy aloqaga majburlashda aybdor deb topildi.
Sud jarayonidan oldin bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik boʻyicha bir nechta ayblovlar qaytarib olindi va hakamlar hayʼati Sondersni uchinchi yosh yigit bilan bogʻliq daʼvo qilingan jinoyatlardan soqit qildi.
Sudga taqdim etilgan jabrlanuvchining bayonotida ushbu yosh yigit sodir boʻlgan voqealar haqida gapirish unga qiyin boʻlganini aytdi.
«Men u foydalanadigan oʻyinchoq edim», dedi jabrlanuvchi. «Hozir boshim loʻqillab ogʻriyapti, juda qattiq azob chekyapman».
1976 yilda ruhoniylikka tayinlangan Sonders faoliyatining katta qismini mamlakat shimoli-gʻarbidagi chekka Kimberli mintaqasida oʻtkazgan va 1996 yilda Brum yepiskopi boʻlgan.
Yeparxiya taxminan 770 000 kvadrat kilometr (297 000 kvadrat mil) maydonni — taxminan Turkiya kattaligidagi hududni qamrab oladi va Avstraliyaning eng chekka joylarini oʻz ichiga oladi.
Ayblovlar ilk bor 2010 yilda oshkor qilingan edi, biroq undan keyin boshlangan dastlabki politsiya surishtiruvi hech qanday ayblovsiz yakunlangan.
Rim papasi tomonidan tarixiy surishtiruv oʻtkazish buyurilganidan soʻng, politsiya yangi tergov boshladi.
Butun dunyo boʻylab lotinchadan tarjima qilinganda «Siz dunyo nurisiz» degan maʼnoni anglatuvchi «Vos Estis Lux Mundi» surishtiruvlaridan faqat kam sonlisi oʻtkazilgan.
«Vos Estis» tergovlari pontifik tomonidan buyuriladi va ular 2019 yilda jinsiy zoʻravonlik muammosini hal qilish hamda yepiskoplar va boshqa yuqori martabali katolik cherkovi rasmiylari oʻz xatti-harakatlari uchun javobgar boʻlishlarini taʼminlash maqsadida joriy etilgan.

