Dunyo

Arxeologlar Misrda boshining oʻzi 1,6 metr keladigan firʼavn haykalini aniqladi

Misrning Gʻarbiya viloyatida Ramses II tasvirlangan boʻlishi mumkin boʻlgan ikkita ulkan haykal parchalari topildi. Ulardan birining bosh qismi balandligi qariyb 1,6 metr boʻlib, haykalning dastlabki umumiy balandligi tagligi bilan birga 8,5 metrga yetgani taxmin qilinmoqda.

Arxeologlar Misrda bosh qismi 1,6 metrga teng firʼavn haykalini topdi

Naked Science nashri Heritage Daily’ga tayanib xabar berishicha, topilmalar Behbet-el-Hajar aholi punktida Misr Qadimiy yodgorliklar boʻyicha oliy kengashi ekspeditsiyasi tomonidan aniqlangan.

Qazish ishlari mahalliy aholining biri uyiga yaqin hududda yerga ishlov berayotganda yozuv tushirilgan tosh parchasini topib olganidan soʻng boshlangan. U bu haqda yodgorliklarni muhofaza qilish inspeksiyasiga maʼlum qilgan.

Boshlangʻich tekshiruv toshning arxeologik ahamiyatga ega ekanini tasdiqlagan. Shundan keyin hududga maxsus komissiya va qazish guruhi yuborilgan.

Arxeologlar ikkita ulkan firʼavn haykalining qismlarini hamda Ramses II bilan bogʻliq iyerogliflar bitilgan pushti granit boʻlagini topgan.

Oliy kengash bosh kotibi Hisham el-Leytiyning aytishicha, birinchi haykal boshida «pshent» deb ataladigan qoʻsh toj tasvirlangan. U Yuqori Misrning oq va Quyi Misrning qizil tojlarini birlashtirib, ikki hududning firʼavn hokimiyati ostidagi birligini ifodalagan.

Haykalning orqa tayanch ustunining bir qismi ham saqlanib qolgan. Unda firʼavnning rasmiy unvonlari tarkibiga kirgan Gor nomi - «Xor-ka-naxt-meri-maat» yozuvi bor. Bunday nom hukmdorning Gor xudosi bilan bogʻliqligi va taxtga qonuniy huquqini taʼkidlagan.

Ikkinchi topilma — boshqa bir firʼavn haykalining qariyb 2,4 metr balandlikdagi saqlanib qolgan qismi. Arxeologlar bu haykal ham Ramses II ni tasvirlashi mumkin, deb hisoblamoqda.

Uning oyoqlari va tagligi yoʻq, biroq yuqori qismida firʼavnlarga xos yoʻl-yoʻl «nemes» bosh kiyimi aks etgan. Bosh kiyimning tepa qismi qisman yoʻqolgan boʻlsa-da, haykalning boshi va yuz chizgilari ancha yaxshi saqlangan.

Buyuk Ramses nomi bilan ham tanilgan Ramses II Yangi podsholik davrida Misrning XIX sulolasiga mansub uchinchi firʼavn boʻlgan. U taxminan miloddan avvalgi 1279–1213-yillarda hukmronlik qilgan. Olti oʻn yillikdan ortiq davom etgan hukmronligi yirik qurilishlar, harbiy yurishlar hamda Misr va Nubiyada mahobatli ibodatxonalar va haykallar bunyod etilishi bilan ajralib turadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.