Dunyo

Arxeologlar Aristotel Aleksandrga dars bergan maktabdan kutilmagan topilma aniqladi

Arxeologlar Aristotel Aleksandrga dars bergan maktabdan kutilmagan topilma topdi

Gretsiyada qadimiy maktab hududida olib borilgan qazishmalar chog‘ida mozaikali hashamatli ziyofat zallari aniqlandi. Aynan shu joyda faylasuf Aristotel makedoniyalik Aleksandrga ta’lim bergan.

Labrujulaverde xabariga ko‘ra, keng ko‘lamli qazishmalar Gretsiyaning Saloniki shahridan 65 kilometr uzoqlikda, qadimiy yodgorliklar faxriy arxeologi Anjelika Kottaridi boshchiligida amalga oshirilgan.

Arxeologlar majmuaning sharqiy qismini — didaskaleyon, ya’ni ta’lim uyini batafsil o‘rgangan. Bu yerda tosh o‘rindiqli o‘quv xonalari va gimnastika mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan palestra joylashgan.

Ammo eng muhim topilma 160 kvadrat metrdan ortiq maydonni egallagan uch xonali bino bo‘ldi. Unda erkaklar uchun mo‘ljallangan ikkita andron — ziyofat zali aniqlangan.

Har ikki xonada mozaikali pollar hamda kamida 20 nafar mehmon uchun mo‘ljallangan, yotib ziyofat qilishga xizmat qiladigan tosh supalar yaxshi saqlangan. Bu topilma Makedoniya zodagonlari, jumladan, Aleksandr bilan birga ta’lim olgan yoshlar faqat mantiq va boshqa fanlarni emas, balki qirollik saroyi an’analariga mos hashamatli ziyofatlar uyushtirish san’atini ham o‘rganganini ko‘rsatadi.

Gretsiya Madaniyat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, majmuaning bezaklari va mozaikali pollari Makedoniya hukmdorlarining Egalardagi qirollik saroyi bezaklariga deyarli o‘xshaydi.

Olimlar fikricha, Miezadagi gimnaziyani Makedoniya hukmdorlari qarorgohini qurgan ustalarning o‘zi barpo etgan.

Qariyb 3 gektar maydonni qamrab olgan qazishma hududidan ioniy uslubidagi friz parchalari, qadimiy kulolchilik buyumlari va tangalar ham topilgan.

Tizimli qazishmalar 2024-yilda boshlangan. Shu vaqt ichida arxeologlar bronza stiluslar va qimmatbaho amforalarni ham aniqlagan.

Qadimiy majmua uzoq vaqt faoliyat yuritmagan. U miloddan avvalgi 148-yilda rimliklar tomonidan vayron qilingan. Biroq vayronalar va yong‘in natijasida hosil bo‘lgan qatlam qadimiy mozaikalar hamda suvoq qismlarini o‘ziga xos tarzda saqlab qolgan.

Shu tariqa, arxeologlar Aristotel makedoniyalik Aleksandrga ta’lim bergan maktab hududida nafaqat qadimgi ta’lim tizimiga oid izlarni, balki Makedoniya zodagonlarining hayoti va saroy madaniyatini aks ettiruvchi noyob majmuani ham aniqladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.