Arnold Shvarsenegger Santa Klaus rolida: “Qopli odam” nomli jangari komediya filmning treyleri namoyish etildi (video)
Film premyerasiga bir oy qoldi.

Arnold Shvarsenegger Santa Klaus sifatida: “Qopli odam” jangari komediyasining treyleri chiqdi (video)
Amazon MGM Studios “Qopli odam” nomli Rojdestvo komediyaviy jangari filmining ilk treylerini taqdim etdi. Unda bosh rolni Arnold Shvarsenegger ijro etadi va u filmda Santa Klaus qiyofasida namoyon bo‘ladi. Uning yonida esa “Jek Richer” seriali bilan tanilgan Alan Richson bo‘ladi.
Syujetga ko‘ra, sho‘x elf sehrli qopni o‘g‘irlab ketadi va shu bilan butun Rojdestvo bayramini xavf ostiga qo‘yadi. Yo‘qolgan qopni qaytarib olish uchun Santa Klaus Vens ismli o‘g‘ridan yordam so‘raydi. Bu obrazni Alan Richson gavdalantirgan. Vens qizi, Santa Klaus va omadsizlar jamoasi bilan birga hayotidagi eng katta o‘g‘rilikni amalga oshirishi va bayramni saqlab qolishi kerak.
Bu Arnold Shvarseneggerning 30 yildan keyin Rojdestvo mavzusidagi filmga qaytishidir. Aktyor 1996-yilda “Rojdestvo sovg‘asi” oilaviy komediyasida bosh rolni o‘ynagan. Unda uning qahramoni o‘g‘liga mashhur o‘yinchoqni topib berish uchun bor kuchi bilan harakat qiladi. Ammo bu o‘yinchoq allaqachon barcha do‘konlarda sotilib bo‘lgan bo‘ladi. Endi esa aktyor Santa Klausning o‘zini ijro etadi.
Filmda Akvafina, Ken Jeong, Jeyn Krakovski, Layza Koshi, Kayl Muni hamda Maykl Siril Kreyton ham rol o‘ynagan.
Film rejissyori — Adam Shenkman, ssenariy muallifi esa Allan Rays. “Qopli odam” filmining premyerasi 2-dekabr kuni Prime Video platformasida bo‘lib o‘tadi.

