Bodibilder, aktyor, gubernator: Arnold Shvarsenegger haqida 7 qiziqarli fakt

Bodibilder, aktyor va gubernator Arnold Shvarsenegger haqida 7 ta qiziqarli ma’lumot
Aktyor Arnold Shvarsenegger 2026-yilda 79 yoshni qarshilaydi. U o‘z hayoti davomida bodibilding afsonasi, Gollivud yulduzi va Kaliforniya gubernatori sifatida tarixga kirdi. Quyida aktyorning muvaffaqiyat yo‘lini ochib beruvchi qiziqarli faktlar bilan tanishing.
**Katta g‘alabasini kinodan ancha oldin qo‘lga kiritgan**
Arnold Shvarsenegger sport mashqlariga o‘smirlik davridayoq qiziqa boshlagan. U 20 yoshida o‘sha paytdagi eng yosh “Mr. Universe” g‘olibiga aylandi, keyinchalik esa “Mr. Olympia” unvonini yetti marta qo‘lga kiritdi. Aynan bodibildingdagi muvaffaqiyatlari unga kino olamiga yo‘l ochdi.
Sportdagi yutuqlari Shvarseneggerni mashhur filmlarda suratga tushishidan avval ham dunyoga tanitgan. “Pumping Iron” hujjatli filmi millionlab tomoshabinlarni uning xarizmatik shaxsi bilan tanishtirdi va aktyorlik faoliyatining boshlanishiga turtki bo‘ldi. Shundan so‘ng rejissyorlardan takliflar muntazam kela boshladi.
**Gollivud bo‘lajak yulduzga darhol ishonmagan**
Faoliyatining boshida prodyuserlarni aktyorning kuchli avstriyacha aksenti, talaffuz qilish qiyin bo‘lgan familiyasi va noodatiy tashqi ko‘rinishi xavotirga solgan. Hatto unga taxallus olish va ko‘p gapiradigan rollardan voz kechish tavsiya etilgan. Ammo Shvarsenegger na ismini, na nutq uslubini o‘zgartirishga rozi bo‘lgan.
Burilish nuqtasi “Konan — varvar” filmi bo‘ldi. Shundan keyin u “Terminator” filmida bosh rolni ijro etdi. Jeyms Kemeron suratga olgan ushbu kartina uni jahon yulduziga aylantirdi, “Men qaytaman” iborasi esa kino tarixidagi eng mashhur iqtiboslardan biriga aylandi.
**Kino bilan cheklanib qolmagan**
2003-yilda Shvarsenegger Kaliforniya gubernatori etib saylandi va 2011-yilgacha ikki muddat ushbu lavozimda ishladi. Shu tariqa u siyosatda ham katta muvaffaqiyatga erishgan sanoqli aktyorlardan biriga aylandi. Vakolat muddati yakunlangach, u yana kino va jamoatchilik faoliyatiga qaytdi.
Arnold bir necha bor AQSH unga yoshligida tasavvur ham qilmagan imkoniyatlarni berganini ta’kidlagan. U 1983-yilda AQSH fuqaroligini olgan, shu bilan birga Avstriya fuqaroligini ham saqlab qolgan. Uning muhojirlikdan dunyo miqyosidagi muvaffaqiyatgacha bo‘lgan yo‘li Gollivuddagi eng ilhomlantiruvchi hikoyalardan biri hisoblanadi.
**Muvaffaqiyatli tadbirkor ham**
Siyosatga kirishidan ancha oldin Shvarsenegger ko‘chmas mulk va turli tijorat loyihalariga sarmoya kiritishni boshlagan. Shu tufayli u filmlardan oladigan gonorarlaridan tashqari katta boylik to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa unga moliyaviy bosimsiz, o‘zi istagan rollarni tanlash imkonini bergan.
Bugungi kunda ham Arnold filmlar va seriallarda suratga tushmoqda, kitoblar yozmoqda, sog‘lom turmush tarzi haqidagi ommabop axborot byulletenini yuritmoqda hamda xayriya loyihalarida faol ishtirok etmoqda. 79 yoshga to‘lgan kuni esa muxlislari uchun bir yillik bepul fitnes dasturini ishga tushirdi. Bu esa uning uchun yosh shunchaki raqam ekanini yana bir bor isbotlaydi.

