Argentinalik er-xotin natsistlar tomonidan talon-toroj qilingan kartinani qonuniy egasiga qaytaradi
Soʻnggi barokko davriga mansub «Ayol portreti» asari Buenos-Ayres yaqinida sotiladigan uyning fotosuratlarida paydo boʻlguniga qadar 80 yil davomida yoʻqolgan deb hisoblangan.

Argentinalik er-xotin natsistlar tomonidan talon-toroj qilingan suratni qonuniy egasiga qaytaradi
Natsistlar tomonidan oʻgʻirlangan va oʻtgan yili Argentinada topilgan surat endi uning qonuniy egasining vorisiga topshirilishi kerak, deb qaror qildi sud.
Soʻnggi barokko davriga mansub *«Ayol portreti»* Buenos-Ayres yaqinida sotiladigan uyning fotosuratlarida aniqlangunga qadar 80 yil davomida bedarak yoʻqolgan deb hisoblangan.
Ushbu uy Ikkinchi jahon urushidan keyin oʻsha yerga qochib ketgan natsist qochoqning qizi Patrisiya Kadgiyenga tegishli boʻlgan va u endi suratni rasmiylardan yashirgani uchun jinoiy javobgarlikdan qutulib qolish evaziga uni qaytarishga rozi boʻldi.
*«Ayol portreti»* 1940 yilda natsistlar Niderlandiyaga bostirib kirganidan keyin yahudiy sanʼat dileri Jak Gudstikker kollektsiyasidan talon-toroj qilingan 1000 dan ortiq sanʼat asarlaridan biri edi.
Argentinaning «Clarin» gazetasi xabariga koʻra, uning kelini va yagona vorisi Marey fon Saher ushbu muammoga eʼtibor qaratish maqsadida suratni Buenos-Ayresdagi Xolokost muzeyida vaqtinchalik namoyish etishni rejalashtirmoqda.
Fon Saher bundan avval oʻz oilasi «Jakning kollektsiyasidan oʻgʻirlangan har bir sanʼat asarini qaytarishni va uning merosini tiklashni maqsad qilganini» aytgan edi.
Surat ilk bor 2025 yil avgust oyida Niderlandiyaning «Algemeen Dagblad» (AD) gazetasi tomonidan Mar-del-Plata sohilboʻyi shahridagi koʻchmas mulk agentligining veb-saytida aniqlangan.
U otasi Fridrix Kadgiyen Adolf Gitlerning oʻrinbosari German Geringning katta maslahatchisi boʻlgan Patrisiya Kadgiyenning mehmonxonasidagi yashil divan tepasida osigʻliq turgan edi. Gering butun Yevropa boʻylab minglab sanʼat asarlarini talon-toroj qilgan.
Patrisiya Kadgiyen va uning turmush oʻrtogʻi Xuan Karlos Kortegoso juma kuni Buenos-Ayres yaqinidagi sudda advokatlari bilan birga hozir boʻlishdi
Oʻtgan yilning sentyabr oyida Patrisiya Kadgiyen va uning turmush oʻrtogʻiga nisbatan jinoiy til biriktirib yashirish ayblovi qoʻyilgan va uyida oʻtkazilgan tintuvda dastlab surat topilmaganidan keyin ular uy qamogʻiga olingan edi.
Biroq juma kuni Mar-del-Platada boʻlib oʻtgan sud majlisida er-xotinga nisbatan barcha jinoiy ishlar toʻxtatildi.
Oilalar va prokurorlar oʻrtasida erishilgan kelishuvga koʻra, Kadgiyen va uning turmush oʻrtogʻi sanʼat asariga boʻlgan barcha huquqlaridan voz kechadi va mahalliy shifoxonalarga 4,8 million peso (2 356 funt sterling; 3 185 dollar) xayriya qilishi kerak boʻladi.
*«Kolleoni grafinyasi»* nomi bilan ham mashhur boʻlgan *«Ayol portreti»* soʻnggi barokko davri rassomi Juzeppe Gislandiga tegishli deb hisoblanadi.
Biroq, ekspertlar sanʼat asarining kelib chiqishini shubha ostiga olishgan, baʼzi olimlar uni oʻsha davrning boshqa bir italiyalik rassomi Jovani Batista Serutiga nisbat berishgan.

