AQShdan yashirincha 25 mingdan ortiq migrant deportatsiya qilindi

AQShdan yashirincha 25 mingdan ortiq migrant chiqarib yuborildi
2025 yil yanvardan boshlab Donald Tramp maʼmuriyati AQShdan 25 mingdan ortiq migrantni oʻzlari bilan hech qanday aloqasi boʻlmagan mamlakatlarga yashirincha deportatsiya qildi. Bu haqda Forbidden Stories jurnalistlar konsortsiumining surishtiruvida aytiladi.
Refugees International va Human Rights First tashkilotlari maʼlumotlariga koʻra, 20 mingga yaqin kishi avtobuslarda Meksikaga olib chiqilgan. Yana 5 mingdan ortiq kishi samolyotlarda Afrika, Lotin Amerikasi, Karib havzasi va Markaziy Osiyo davlatlariga yuborilgan. Koʻpincha ushbu uchinchi mamlakatlardan deportatsiya qilingan odamlar keyinchalik oʻz vatanlariga qaytarilgan, u yerda esa ularning hayoti yoki erkinligiga xavf tahdid solishi mumkin edi.
Surishtiruv mualliflarining taʼkidlashicha, AQSh deportatsiya qilingan migrantlarni qabul qilish boʻyicha kamida 35 ta davlat bilan norasmiy kelishuvlar tuzgan, biroq ular orasida na Rossiya, na Ukraina bor. Hozirgi vaqtda 28 ta davlat ushbu kelishuvlar doirasida odamlarni qabul qilib boʻlgan, yana 7 tasi esa buni keyinroq amalga oshirish majburiyatini olgan.
Forbidden Stories maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston fuqarolari AQShdan 4 ta davlatga: Kosta-Rika, Panama, Markaziy Afrika Respublikasi va Moldovaga deportatsiya qilingan. 2025 yilda Amerika Qoʻshma Shtatlaridan bortida Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan bir nechta maxsus reyslar uchib ketgan. Avgust oyida Toshkent xalqaro aeroportiga maxsus charter reysi bilan 18 nafar Oʻzbekiston fuqarosi olib kelingan. Bundan oldin, 11 iyun kuni ertalab AQShdan 24 nafar Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan navbatdagi charter reysi yetib kelgan edi. Undan ham avvalroq AQShdan charter reysi bilan 26 nafar Oʻzbekiston fuqarosi qaytgan edi.

