Dunyo

AQSH 25 ming muhojirni yashirincha uchinchi mamlakatlarga deportatsiya qilgan — OAV

AQSH 25 ming muhojirni yashirincha uchinchi davlatlarga deportatsiya qilgan — OAV

AQSH prezidenti Donald Tramp lavozimga kirishganidan buyon Vashington mamlakatdagi 25 mingdan ortiq muhojirni maxfiy kelishuvlar asosida uchinchi davlatlarga deportatsiya qilgan. Bu haqda Xalqaro surishtiruvchi jurnalistlar konsorsiumi o‘tkazgan 24 ta surishtiruv natijalariga tayangan Deutsche Welle xabar berdi.

Forbidden Stories jurnalistlar tarmog‘i 21-sentyabr kuni ma’lum qilishicha, AQSH ma’muriyati bu maqsadlar uchun 410 million dollar ajratgan. Deportatsiya qilinganlarning aksariyati — taxminan 20 ming kishi avtobuslarda Meksikaga yuborilgan. Qolganlari esa Lotin Amerikasi, Karib havzasi, Afrika, Markaziy Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi 27 ta davlatga samolyotlarda yetkazilgan.

**Kelishuvlar 38 ta mamlakat bilan tuzilgan**

Surishtiruvga ko‘ra, deportatsiya qilinganlar orasida ta’qibga uchrash xavfi yoki boshqa jiddiy tahdidlar sababli AQSH sudlari tomonidan o‘z vataniga chiqarib yuborilishi taqiqlangan shaxslar ham bo‘lgan. Ularning ayrimlari keyinchalik AQSH to‘g‘ridan-to‘g‘ri yubora olmagan boshqa mamlakatlarga jo‘natilgan.

Hujjatda Eron, Afg‘oniston, Iroq, Qirg‘iziston, Syerra-Leone va Gana fuqarolarining Afrika mamlakatlariga deportatsiya qilingani haqidagi holatlar keltirilgan. Bunday deportatsiyalarning haqiqiy soni bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Surishtiruv mualliflarining yozishicha, bitimlar kamida 38 ta mamlakat bilan tuzilgan bo‘lib, ularning deyarli uchdan bir qismi Afrika davlatlaridir. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, uchinchi davlatlar bilan muzokaralar olib borish va tegishli to‘lovlarni amalga oshirish uchun AQSH Davlat departamentining Immigratsiya byurosi mas’ul hisoblanadi. 2025-yil may oyida tashkil etilgan bu idoraga 41 yoshli diplomat Kristian Erxardt rahbarlik qiladi.

AFP axborot agentligining qayd etishicha, Vashington Afrika mamlakatlarini deportatsiya qilinganlarni qabul qilishga rozi qilish uchun, boshqa choralar qatorida, viza cheklovlaridan ham bosim vositasi sifatida foydalanmoqda.

Jurnalistlar ushbu dasturga BMT agentligi hisoblangan Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) ham jalb etilganini aniqladi. Tashkilotning 13 ta mamlakatdagi xodimlari deportatsiya qilinganlarni uy-joy, oziq-ovqat va psixologik yordam bilan ta’minlamoqda.

Surishtiruv mualliflari qo‘lga kiritgan XMTning ichki hujjatlarida tashkilot AQSHning muhojirlarni uchinchi davlatlarga deportatsiya qilish siyosatiga sherik sifatida ko‘rilishi xavfi borligi ta’kidlanadi. XMT esa o‘z yordami faqat deportatsiya qilinganlarning ahvolini yaxshilaydigan dasturlardagina ishtirok etayotganini bildirmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.