AQSH 175 ming nafar xorijlikning vizasini bekor qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati davrida 175 mingdan ziyod xorijlikning vizasi bekor qilindi. Bu haqda Reuters agentligi Davlat departamentiga tayanib xabar berdi.
Ushbu chora "viza shartlarini buzgan, jinoyat sodir etgan, AQSH fuqarolariga nisbatan zo‘ravonlikka undagan, amerikaliklarni firibgarlik yo‘li bilan aldagan, immigratsiya tizimini suiiste’mol qilgan yoki milliy xavfsizlikka tahdid solgan" xorijliklarga nisbatan qo‘llanilgan.
Vizalarning aksariyati huquq-tartibot idoralari bilan bog‘liq holatlardan so‘ng bekor qilingan. Bunga fuqarolarga hujum qilish, mast holda mashina boshqarish, o‘g‘rilik va giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar asosiy sabab bo‘lgan.
Vizasi bekor qilinganlar orasida zo‘rlash, jinsiy tajovuz, odam o‘g‘irlash, odam savdosi va bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik tasvirlangan o‘ndan ortiq materialni saqlashda ayblangan shaxslar ham bor. Shuningdek, AQSHga "tug‘uruq turizmi" maqsadi bilan kelgani aytilgan 100 dan ortiq ota-onaning ham vizasi bekor qilingan.
Hatto konservativ faol Charli Kirkning otib o‘ldirilishini "nishonlagan", jumladan, "u juda kech o‘ldi" deb yozgan bir nechta chet ellikning vizasi bekor qilingan. Avvalroq Davlat departamenti yanvar oyida 100 mingdan ortiq viza bekor qilingani bildirgandi, bu o‘shanda rekord ko‘rsatkich bo‘lgan.
Vizalarning bekor qilinishi Tramp 2025-yili Oq uyga qaytganidan so‘ng boshlangan keng ko‘lamli immigratsiya cheklovlarining bir qismidir. O‘shanda hatto amaldagi vizasi bor muhojirlar ham deportatsiya qilingandi. Ma’muriyat, shuningdek, viza berish tartibini qat’iylashtirib, arizachilarning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari hamda daromadlarini tekshirishni kuchaytirgan.
Yaqinda Tramp tug‘ilish bo‘yicha fuqarolik berish tartibini chekladi va "tug‘uruq turizmi"ni taqiqladi. Shuningdek, 50 ta davlat fuqarolariga turistik va biznes vizalari berishda 20 ming dollargacha garov talab etish tartibini joriy etdi. Ularning 30 tasi Afrika davlatlari bo‘lib, Markaziy Osiyodan Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ro‘yxatga kiritilgan. O‘zbekiston mazkur ro‘yxatda yo‘q. Davlat departamenti ro‘yxatni keyinchalik kengaytirish huquqini saqlab qolgan.

