AQShdagi restoranlar ozdiruvchi dorilar tufayli mijozlarini yoʻqotmoqda
AQShdagi restoranlarda odamlar kamroq ovqat yemoqda. Chunki har toʻqqizinchi odam ozish uchun «Ozempik» yoki boshqa vositalarni qabul qiladi. Endi yemakxonalar menyuni qanday oʻzgartirish haqida bosh qotirmoqda.

AQSh restoranlari ozdiruvchi dorilar sabab mijozlarini yoʻqotmoqda
Glyukagonsimon peptid-1 (GLP-1) asosidagi «Ozempik» va Wegovy kabi dori vositalari AQShdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari uchun muammolar tugʻdirdi, deb yozadi The New York Times gazetasi. Bu holat restoranlarni — ham yirik fast-fud tarmoqlarini, ham yuqori toifadagi yemakxonalarni — ana shunday mijozlarga moslashish uchun menyularini qayta koʻrib chiqishga majbur qilmoqda.
Maʼlum boʻlishicha, GLP-1 asosidagi preparatlarni AQSH katta yoshli aholisining 11 foizi, yaʼni taxminan 30 million kishi qabul qiladi. Bunday odamlar soni vaqt oʻtishi bilan yanada ortib borishi kutilmoqda.
Bu dorilarni qabul qilayotganlar restoranlarga kamroq borayotgani, borganda ham kamroq pul sarflayotgani va ularga tortilgan taomni oxirigacha yemayotgani aytilmoqda.
“Biz mehmonlardan doim nega taomini oxirigacha tanovul qilmaganini soʻraymiz va ular gap «ukollarda» ekanini tan olishadi”, — deydi Atlantadagi Twisted Soul Cookhouse & Pours restorani egasi va bosh oshpazi Debora Vantres.
GLP-1 faollashtiruvchilari va shunga oʻxshash boshqa dorilarni qabul qiladigan odamlar koʻproq oqsil isteʼmol qilishni istashini inobatga olib, restoranlar taomlardagi oqsil miqdorini oshirishi va porsiya hajmini kamaytirishi mumkin. Biroq tovuq yoki mol goʻshtining qoʻshimcha grammlari taom narxini 5-7 dollarga oshiradi.
Oqsil miqdorini koʻpaytirishning yana bir yoʻli — yasmiq, tuxum va tvorog kabi arzonroq masalliqlardan foydalanish, deb hisoblaydi restoranlarga taomnoma ishlab chiqishda yordam beruvchi Sysco kompaniyasi vakili Nil Doerti.
Agar bu steyk-haus boʻlsa, sakkiz unsiya (226 gramm atrofida) goʻsht boʻlagi oʻrniga toʻrt unsiya (113 gramm) goʻsht boʻlagini krevetka bilan tortish mumkin. Hozirda krevetka — juda foydali mahsulot, — deya taklif qiladi Doerti.
Chikagodagi Foodservice Results konsalting firmasi rahbari Darren Tristanoning fikricha, porsiyalar hajmi ikki baravar kamaytirilsa ham, ular 50 foizga arzon boʻlib qolmaydi — restoranlar narxni 75 foiz darajasida belgilaydi, chunki u mahsulotlar narxidan tashqari xodimlar ish haqi va ijara xarajatlarini ham oʻz ichiga oladi.
William Blair investitsiya banki tahlilchilari tez tayyor boʻluvchi yemakxonalardagi yuqori kaloriyali yeguliklar — burgerlar va qovurilgan taomlarga ozdiruvchi preparatlarni qabul qiluvchi xoʻrandalar orasida talab keskin kamayganini maʼlum qildi.

