Dunyo

AQShdagi afgʻon oʻzbeklari til bayramini nishonladi

AQShning Pensilvaniya shtatida yashovchi afgʻon oʻzbeklari har yilgi anʼanasiga sodiq qolgan holda oʻzbek tili bayramini keng nishonladi. Yigʻilganlar orasida faollar, olimlar, madaniyat namoyandalari, sanʼatkorlar, Amerikada yashovchi afgʻon jamoa vakillari bor. Tadbirda oʻzbekcha kuy-qoʻshiqlar yangradi, sheʼrlar aytildi, oʻzbek milliy taomlari tortiq qilindi.

AQShdagi afgʻon oʻzbeklari til bayramini nishonladi

Bugun AQShning Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahrida koʻplab afgʻonistonlik oʻzbeklar yashaydi. Ularning aksariyati avval Oʻzbekistonda boʻlmagan, biroq millati oʻzbek boʻlgan insonlardir. Afgʻon oʻzbeklari ancha faol bo‘lib, Oʻzbekiston bayramlarini keng nishonlab keladi, ayniqsa til bayramini.

Bu yil ham Filadelfiya shahrida til bayramiga bagʻishlangan tadbirga oʻnlab odamlar toʻplandi.

Kun.uz’ning AQShdagi muxbirining xabariga koʻra, Indiana universiteti professori Nazif Shahroniy tadbirda Afgʻoniston turklari, xususan oʻzbek va turkman xalqlarining tarixi haqida maʼruza qildi. U oʻzbek tilini asrab-avaylashning ahamiyati, tilning tarixiy-madaniy oʻzlikni saqlashdagi oʻrni haqida fikr bildirdi.

Afgʻonistonning taniqli sanʼatkori Farhod Daryo esa badiiy qismda oʻzbekcha qoʻshiqlar ijro etdi. U sanʼat va musiqaning insonlarni birlashtirishdagi roli, til va madaniy xilma-xillikka hurmat bilan qarash hamda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.

Ona tili bayramida yosh bolalardan tortib ayollargacha sheʼr va gʻazallar oʻqishdi.

Shuningdek, Farhod Daryo, Xayr Muhammad Chovush, Said Kabir Kamol kabi sanʼatkorlar oʻzbekcha kuyladi. Tadbir doirasida oʻzbek milliy taomlari va anʼanaviy kiyimlar koʻrgazmasi ham uyushtirildi.

Dastur yakunida milliy taomlar tortiq qilindi, oʻzbek tilida samimiy suhbat va muloqot boʻlib oʻtdi.

Umuman olganda, afgʻon oʻzbeklari ona tili bayramini AQShda keng nishonlash orqali bu millat va uning tiliga boʻlgan yuksak hurmatini namoyon etmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.