Mashrab ziyoratgohi va Navoiy qurdirgan hovuz: Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻonistondagi obidalarni oʻrgandi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻonistondagi Bobo Rahim Mashrab ziyoratgohi, Alisher Navoiy qurdirgan Bobo Vali hovuzi va boshqa tarixiy obidalarning bugungi holatini oʻrgandi. Afgʻon tomoni bilan ushbu yodgorliklarni saqlash va qayta tiklash boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Mashrab ziyoratgohi va Navoiy qurdirgan hovuz: Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻonistondagi obidalarni oʻrgandi
«Dunyo» axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, Madaniy meros agentligi direktori oʻrinbosari Azizjon Aripjonov rahbarligidagi delegatsiya Afgʻonistonning Balx, Taxor, Sari-Pul va Faryob viloyatlarida boʻldi.
Safar davomida vakillar buyuk oʻzbek allomalari va mutafakkirlari bilan bogʻliq ziyoratgohlar, maqbaralar hamda tarixiy-madaniy yodgorliklarni koʻzdan kechirib, ularning holati yuzasidan maʼlumot toʻpladi.
Xususan, delegatsiya Mazori Sharifdagi Ravzai muborak maqbarasi, Taxor viloyatining Ishkamish uyezdidagi Bobo Rahim Mashrab ziyoratgohi, Sari-Pul shahridagi tarixiy gʻisht koʻprik, Xisht pul va Eidgoh masjidlari bilan tanishdi.
Shuningdek, Imomzoda Yahyo maqbarasi, Faryob viloyatining Andxoy uyezdidagi Bobo Vali Jon madrasa majmuasi, Alisher Navoiy xayriya yoʻli bilan qurdirgan Bobo Vali hovuzi hamda Mirsaid Baraka meʼmoriy obidasi ham oʻrganildi.
Afgʻonistonning madaniyat sohasi vakillari bilan uchrashuvlarda Oʻzbekistonda tarixiy obidalarni qayta tiklash borasida katta tajriba va malakali mutaxassislar mavjudligi taʼkidlandi. Yodgorliklarni kelajak avlodlarga asl holida yetkazishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalasi yuzasidan fikr almashildi.
Muloqotlarda oʻzbek va afgʻon xalqlarini asrlar davomida tarixiy, madaniy va diniy rishtalar bogʻlab kelgani, Afgʻonistondagi boy madaniy merosni shakllantirishda oʻzbek xalqining ham hissasi borligi qayd etildi.
Toʻplangan maʼlumotlarni tahlil qilish asosida tarixiy obidalarni asrash va qayta tiklash boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash rejalashtirilgan.

