AQShda «Krokus»dagi teraktga aloqador boʻlgan afgʻon jangarisiga hukm chiqarildi

AQShda «Krokus»dagi teraktga aloqador deb koʻrilayotgan afgʻon jangarisiga hukm eʼlon qilindi
Afgʻon jangarisi Muhammad Sharifulla «Islomiy davlat» (ID) terrorchilik tashkilotining Afgʻonistondagi boʻlinmasi — «Viloyati Xuroson» faoliyatida ishtirok etgani uchun AQShda 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Amerika rasmiylari, shuningdek, uni 2024 yilda Moskva viloyatidagi «Krokus Siti Xoll»da sodir etilgan terrorchilik hujumini tashkil etishda ishtirok etgan deb daʼvo qilgan.
Hukm 16 sentyabr kuni chiqarildi. AQSh Adliya vazirligi xabariga koʻra, u xorijiy terrorchilik tashkilotiga moddiy yordam koʻrsatish boʻyicha koʻp yillik faoliyatda ishtirok etganlikda aybdor deb topilgan.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, «Krokus Siti Xoll»ga hujumga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish davrida Sharifulla hujumchilarga Kalashnikov avtomatlari va boshqa qurollardan foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar bergan. Bundan tashqari, u hujum paytida ular bilan aloqada boʻlib turgan.
2025 yil mart oyida AQSh Adliya vazirligi Sharifulla FQB (FBR) soʻroq paytida «Viloyati Xuroson» nomidan Moskva viloyatidagi kontsert zaliga hujum qilganlarga koʻrsatma berganini tan olgani haqida xabar bergan edi.
Amerika rasmiylarining fikriga koʻra, Sharifulla terrorchilik tashkiloti bilan deyarli oʻn yil davomida aloqador boʻlgan. 2016 yildan 2025 yilda hibsga olinguniga qadar u oʻndan ortiq hujumlarda qatnashgan va turli vazifalarni bajargan: razvedka olib borgan, xudkush-jangarilar va qurol-yarogʻlarni tashigan, guruh aʼzolari oʻrtasida xabarlarni yetkazgan va targʻibot materiallarini tayyorlash bilan shugʻullangan.
AQShda u taʼqib qilingan epizodlardan biri 2021 yil avgust oyida Kobul aeroporti yaqinidagi hujum boʻldi. AQSh Adliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Sharifullaga aeroportga olib boradigan yoʻnalishda nazorat-oʻtkazish punktlari bor-yoʻqligini tekshirish topshirilgan. U yoʻl boʻsh ekanligini maʼlum qilganidan soʻng, Abbey Gate darvozasi yaqinida portlash sodir boʻlgan.
Ushbu hujum oqibatida 13 nafar amerikalik harbiy xizmatchi va 160 dan ortiq tinch aholi halok boʻlgan.
Sharifulla 2025 yilda Afgʻoniston-Pokiston chegarasi hududida qoʻlga olinib, keyin AQShga olib ketilgan. AQSh Oq uyi avvalroq u soʻroq paytida Kobuldagi hujumga aloqadorligini tan olgani, shuningdek, Rossiya va Erondagi boshqa hujumlar haqida gapirib berganini maʼlum qilgan edi.
«Krokus Siti Xoll»dagi terakt ishi boʻyicha yakuniy hukmni Gʻarbiy okrug harbiy sudi 2026 yil 12 martda chiqardi. 15 nafar sudlanuvchi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Ular orasida toʻrt nafar bevosita ijrochi — Shamsidin Fariduni, Dalerjon Mirzoyev, Muhammadsobir Fayzov va Saidakrami Rachabalizoda, shuningdek, 11 nafar sheriklar guruhi bor edi. Ulardan biri, umrbod ozodlikdan mahrum etilgan Yaqubjon Yusufzoda keyinchalik Moskvadagi tergov izolyatorida oʻz joniga qasd qildi.

