Dunyo

AQSHda eriga tarsaki tushirgan armanistonlik ayol deportatsiya qilindi

AQSHda eriga tarsaki tushirgan armanistonlik ayol deportatsiya qilindi

Armanistonlik 28 yoshli turist Arpine Misakyan AQSHning Las Vegas shahridagi restoranda turmush o‘rtog‘i bilan janjallashib qolgani uchun qo‘lga olindi. Prokuratura unga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha ish ochishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, u qariyb uch oy davomida immigratsiya hibsxonasida saqlanib, keyinroq AQSHdan deportatsiya qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 6-aprel kuni Encore Las Vegas mehmonxonasida yuz bergan. Misakyan va uning oilasi Janubiy Kaliforniyadan kelgan bo‘lib, ular Bellagio mehmonxonasida joylashgan va kechki ovqat uchun The Buffet at Wynn restoraniga borgan.

Politsiya xabariga ko‘ra, telefon ustida kelib chiqqan tortishuv paytida Misakyan erining yuziga shapaloq tushirgan. Bu holat mehmonxonadagi kuzatuv kameralariga yozilib qolgan. Mehmonxona xodimlari politsiyani chaqirgan va ayol oilaviy zo‘ravonlikda gumon qilinib ushlangan.

Voqea joyida Misakyanning qon bosimi ko‘tarilib, nafas olishi qiyinlashgan. Shu sababli u zambilda mehmonxonadan olib chiqilib, shifoxonaga olib ketilgan. Keyinchalik uni AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) xodimlari hibsga olgan.

Ayolning turmush o‘rtog‘i Karen Arutyunyan bu oddiy oilaviy kelishmovchilik ekanini aytib, xotinini ozod qilishni so‘ragan. Biroq politsiya Nevada shtati qonunlariga tayangan holda bunday ayblov bilan uni hibsda ushlab turish vakolatiga ega ekanini bildirgan.

Keyinroq Klark okrugi prokuraturasi oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha ayblov qo‘yishdan voz kechgan. Shunga qaramay, Misakyan ICE hibsxonasida qolgan. OAV xabarlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda uning AQSHdan boshpana so‘rab bergan arizasi hali ko‘rib chiqilayotgan edi.

Ayol avval Henderson shahridagi hibsxonada ushlangan, so‘ng Adelantodagi immigratsiya markaziga ko‘chirilgan. ICE vakillari Misakyan o‘z xohishi bilan mamlakatni tark etishga rozi bo‘lganini ma’lum qilgan. U qo‘lga olinganidan deyarli uch oy o‘tib, 4-iyul kuni Armanistonga deportatsiya qilingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.